Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.08.2017 20:15 Chop etish versiyasi

Yosh ijodkorlarning yana bir ko‘makchisi

Joriy yilning iyul oyida o‘z faoliyatini boshlagan Respublika yosh ijodkorlar assotsiatsiyasi iqtidorli o‘g‘il-qizlarga har tomonlama yordam berishni maqsad qilgan. U O‘zbekiston yoshlar ittifoqi muassisligida ta’sis etilgan bo‘lib, nodavlat notijorat tashkilotidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 5-iyuldagi «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq tashkil etilgan assotsiatsiya mamlakatimizda o‘sib-ulg‘ayayotgan yosh yozuvchi va shoirlar, jurnalistlar, tanqidchi, dramaturglarni kashf etish, ularning nazariy bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish, har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashadi.

Yoshlar ijod saroyida o‘tkazilgan brifingda bu haqda batafsil ma’lumot berildi.

– Bizning zaminimiz iste’dodlarga boy, – deydi Respublika yosh ijodkorlar assotsiatsiyasi raisi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Mehrinoz Abbosova. – Tashkilotimiz tomonidan hududlarda yosh ijodkorlar bilan ochiq muloqotlar, taniqli adabiyot namoyandalari bilan uchrashuvlar, mahorat darslari, seminar-treninglar va o‘quv mashg‘ulotlari uyushtiriladi. Faol va iqtidorli ijodkorlarga kitob chiqarishda ko‘maklashish va oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun imtiyozlar berish, nasr, nazm va tarjima yo‘nalishlarida ilmiy-metodologik qo‘llanmalar ishlab chiqish, festival va ko‘rik-tanlovlarni o‘tkazish ham rejalarimizdan. Tashkilot o‘n yoshdan o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan yoshlarni birlashtiradi.

Brifingda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi o‘rinbosarlari Kamoliddin Beknazarov, Dilnoza Kattaxonova, Respublika yosh ijodkorlar assotsiatsiyasi vasiylik kengashi a’zolari – yozuvchi To‘lqin Hayit, «Yoshlik» jurnali bosh muharriri Nodir Jonuzoq va boshqalar mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar va e’tiborning samarasi sifatida tashkil etilgan Respublika yosh ijodkorlar assotsiatsiyasi ijtimoiy hayotimizdan munosib o‘rin egallashini ta’kidladi.

– Yosh ijodkorlarni qo‘llaydigan tashkilot haqida eshitib, ko‘proq ma’lumot olish uchun tadbirga onam bilan keldim, – deydi Olmazor tumanidagi 16-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Muslima Mahmudova. – Bunday yangilikdan juda xursand bo‘ldik. Adabiyotga, she’riyatga juda qiziqaman. Maqsadim assotsiatsiyaga a’zo bo‘lishdir.

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
1 078






Все о погоде - Pogoda.uz