O‘zA O`zbek

09.11.2019 Chop etish versiyasi

Yosh gvardiyachilar kuch sinashdi

Yosh gvardiyachilar kuch sinashdi

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus ijrosi doirasida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining Termiz shahridagi Xalqaro bolalar oromgohida “Yosh gvardiyachilar” sport musobaqasi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi, viloyat hokimligi va Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mazkur harbiy tuzilmaga biriktirilgan oʻrta taʼlim maktablarining harbiy-vatanparvarlik yoʻnalishiga ixtisoslashtirilgan sinflari oʻquvchilari oʻzaro bellashdi.

– Ikki kun davom etgan musobaqa yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish orqali harbiy xizmatga qiziqishi, Vatan taqdiri va yurt tinchligiga daxldorlik tuygʻusini oshirishga qaratilgani bilan ishtirokchilarda katta qiziqish oʻygʻotdi, – deydi podpolkovnik F. Usmonxoʻjayev. – Shuningdek, jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish, kitob mutolaasi, sanat va axborot texnologiyalariga qiziqtirish, sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish hamda faol ishtirokchilarni ragʻbatlantirishga, ularning mardlik, jasurlik, jamoatchilikka tayanish kabi tuygʻularini oshirishga, shijoat, qatʼiyat, kuch-gʻayrat, intizomlilik va boshqa ijobiy sifatlarga koʻnikmasini mustahkamlashga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatli boʻldi.

Musobaqa nizomiga koʻra, jamoa sardorlari dastlab oʻz komandalarini belgilangan shartlar boʻyicha tanishtirdi. Shundan soʻng har bir jamoadan ikki ishtirokchi sahnaga chiqib, Oʻzbekiston Milliy gvardiyasini madh etib yozgan sheʼrlarini ifodali oʻqib berdi. Uchinchi shartda jamoalarning bir ishtirokchisi oʻzi tanlagan milliy cholgʻu asbobidan foydalanib, musiqa ijro etdi. Amir Temurning “Temur tuzuklari” asaridan berilgan savollarga javob berdi. Kompyuterda erkin mavzuda insho yozdirilib, savodxonligi sinovdan oʻtkazildi.

Musobaqaning ikkinchi shartiga koʻra, jamoalar sport va jangovar tayyorgarlik boʻyicha mahorat va koʻnikmalarini namoyish etib, avtomatni toʻliq qismlarga ajratish va yigʻish boʻyicha oʻzaro bellashdi. Ming metr masofaga yugurish, shartli zaharlangan hududdan oʻtish, belgilangan masofaga oʻrnatilgan idishni hovuzdagi suv bilan toʻldirish, arqon tortish, suvli toʻsiq ustidan sakrab oʻtish boʻyicha oʻz mahoratini namoyish etdi.

Jamoalarning mazkur shartlarni bajarishi belgilangan mezonlar asosida hakamlar hayʼati tomonidan baholandi.

Yakunda Uzun tumanidagi 4-umumtaʼlim maktabining “Uzun lochinlari“ jamoasi faxrli birinchi oʻrinni egalladi. Ikkinchi va uchinchi oʻrinlar Termiz shahridagi 9-maktabning “Jasur oʻgʻlonlar“ hamda Oltinsoy tumanidagi 2- umumtaʼlim maktabining “Matonat“ jamoalariga nasib etdi.

Gʻoliblar tadbir tashkilotchisining diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

487
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, Jonibek QOʻZIMURODOV (surat), OʻzA