O‘zA O`zbek

08.08.2018 19:10 Chop etish versiyasi

Yosh fermerlarning agrar yo‘nalishdagi bilimi boyitiladi

Joriy yilning 13 avgustidan 23 avgustiga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy, Ellikqal’a, Amudaryo va Shumanay tumanlarida iqlim o‘zgarishi sharoitida barqaror qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish masalalari hamda sohaga doir boshqa mavzularni qamrab olgan seminar-trening tashkil etiladi.

Seminar BMTning “Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik fondini tashkil qilish orqali Orol fojiasidan zarar ko‘rgan aholining turmush sharoiti salohiyatini mustahkamlash” qo‘shma dasturini amalga oshirish doirasida ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha (YUNЕSKO) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasi tashabbusi bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Seminar doirasida mahalliy va xalqaro ekspertlarning tadqiqotlari natijasida olingan iqlim o‘zgarishi sharoitida barqaror qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishiga oid tizimlar to‘g‘risidagi bilimlar tushuntiriladi.

Seminarning asosiy maqsadi yosh fermerlar, agrar yo‘nalishdagi kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilarining qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish va inson xavfsizligi masalalarida xabardorligini oshirishdir. Tadbir davomida inson xavfsizligi konsepsiyasi, ekologik, energetik va oziq-ovqat xavfsizligi, yer va suvdan samarali foydalanish amaliyoti kabi mavzular yoritiladi.

Suv resurslari tanqisligi va mamlakat qishloq xo‘jaligida yer resurslari holatining yomonlashuvini inobatga olgan holda trening ishtirokchilariga imkoni boricha kelgusida yer va suvdan foydalanish amaliyotida resurslarni tejab-tergab foydalanish texnologiyalarini joriy qilish, agro-ekotizimni reabilitatsiyalash uchun kompleks yondashuvni amalga oshirish yuzasidan ma’lumotlar taqdim etiladi.

O‘zA
2 026