Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

23.05.2018 10:28 Chop etish versiyasi

Yosh fermerlar tajriba o‘rgandi

Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi “Anvar-A” fermer xo‘jaligida “Yosh fermer innovatsion rivojlanish yo‘lida” mavzusida ko‘rgazmali amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yosh fermerlari kengashi viloyat bo‘limi va viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda mutaxassiclar, yosh fermerlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Qahramoni Anorboy Eshmatov rahbarlik qilayotgan “Anvar-A” fermer xo‘jaligi dehqonchilikda boy tajriba to‘plagan. Yerdan, suvdan unumli foydalanish, g‘alla va paxta yetishtirishda zamonaviy ilm-fan yutuqlarini qo‘llash samarasida xo‘jalik har yili mo‘l hosil yetishtiradi.

Anjumanda yosh fermerlar respublika ilmiy muassasalari, qishloq xo‘jalik idoralari mutaxassislari tomonidan qilingan ma’ruza va tavsiyalarning amaldagi natijasini bevosita ushbu xo‘jalik dalasidagi ishlar misolida ko‘rishdi.

Seminarda mamlakatimizda agrar sohaga innovatsion g‘oyalar, ishlanma va texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda yoshlarning o‘rniga alohida e’tibor qaratildi.

– Prezidentimiz tomonidan qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda yosh fermerlarning bilim, malaka va intilishlari muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi birinchi o‘rinbosari Jahongir Po‘latov. – Yosh fermerlarning o‘rganishi uchun ilmiy baza ham, amaliy yordam ham, dehqonchilik maktabi vazifasini o‘taydigan tajribali xo‘jaliklar ham yetarli. Endi yoshlardan tashabbuskorlik, izlanish, amaliy harakat zarur. Bugungi seminarni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad ham shu – yosh fermerlar faolligini yanada oshirish.

Tadbir davomida yosh fermerlarni qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob qaytarildi.

T. Beknazarov, O‘zA
1 691