O‘zA O`zbek

13.07.2020 Chop etish versiyasi

“Yosh elektrotexnik” onlayn toʻgaragi boshlandi

“Yosh elektrotexnik” onlayn toʻgaragi boshlandi

“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda “Online maktab” loyihasi doirasida “Yosh elektrotexnik” amaliy mashgʻulotlarini masofadan turib amalga oshirishni boshladi.

Xabaringiz bor, shu kunlarda oʻquvchilarning yozgi taʼtilini mazmunli oʻtkazish maqsadida masofaviy taʼlim doirasida “Online maktab” loyihasi amalga oshirilmoqda. Eʼtiborli jihati, iyun oyidan boshlab “Online repetitor”, “Online toʼgarak”, “Online kasbiy rivojlantirish” kabi yoʻnalishlarda bir qator amaliy mashgʻulotlar yoʻlga qoʻyildi. Ular orasida “Online toʼgarak” loyihasi oʻquvchilarning turli sohalarga qiziqishi va kasb tanlash borasidagi koʻnikmalarini ortishiga sabab boʻlmoqda. Xuddi shunday toʻgaraklardan biri elektrotexnika sohasiga qiziquvchi yoshlar uchun “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tomonidan tashkil etildi.

Yurtimizdagi ogʻir epidemiologik vaziyat boʻlishiga qaramasdan xalq taʼlimi tizimida masofadan turib oʻqitish loyihalari amalga joriy etilmoqda. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tashabbusi bilan “Onlayn toʻgarak” loyihasi doirasida “Yosh elektrotexnik” toʻgaragi amaliy mashgʻulotlarini suratga olish ishlari boshlandi. Oʻquvchilar endilikda uyda oʻtirib, mazkur loyihaning bir-biridan qiziq mashgʻulotlarini oʻtkazib yubormaydilar. Mashgʻulot nomi va vaqtlari qoʻshimcha ravishda ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilib boriladi.

Bolalarga elektrotexnika sohasining dastlabki koʻnikmalari sodda va oson tilda tushuntiriladi. Jumladan, “Svetodiodlarning tuzilishi va ularni ishlash prinsiplari”, “Multivibratorlarni yasash texnologiyasi”, “Tovush kuchaytirgich qurilmalarini yasash”, “Transformatorli taʼminot manbaini yaratish” va hatto “Uy sharoitida elektrotexnika buyumlariga xizmat koʻrsatish” kabi qiziq mavzularda amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi. Suratga olish jarayonlari Xalq taʼlimi vazirligi hamda Chilonzor tumanidagi 1-son kasb-hunar maktabining malakali oʻqituvchilari hamrohligida amalga oshirildi.

– Mashgʻulotlar 1-avgustdan boshlab efirga uzatilishi rejalashtirilmoqda. Mashgʻulotlar bolalarga tushunarli tilda, uy sharoitida bajarish mumkin boʻlgan imkoniyatlardan kelib chiqib, amalga oshirilishi belgilandi. Har bir mavzu texnika xavfsizligi qoidalariga mos keladi va karantin talablariga qatʼiy amal qilgan holda suratga olindi. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi bilan birgalikda amalga oshirgan loyihamiz toʻxtab qolmaydi. Bolalarning xohish-istaklaridan kelib chiqib, yana davom ettiriladi, – deydi Chilonzor tumani 1-son kasb-hunar maktabining ishlab chiqarish taʼlimi ustasi Toir YUSUPOV.

Elektrotexnika sohasi eng yosh va jadallik bilan rivojlanib borayotgan tarmoqlardan biri hisoblanadi. Bunga yoshlarni bolaligidan boshla qiziqtirish ularni kelajakda kasb tanlashga boʻlgan koʻnikmalarini shakllantiradi. Bu esa oʻz navbatida elektronika olamida innovatsion fikrlovchi yoshlar safini kengaytirishga xizmat qiladi.

1 082
O'zA