Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.02.2017 14:48 Chop etish versiyasi

Yosh chegarachilar musobaqasi o‘tkaziladi

Milliy matbuot markazida 2017-yilgi “Yosh chegarachilar” musobaqasini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ruhiy-jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash, yot g‘oyalarga qarshi mustahkam immunitetini shakllantirishda 2011-yildan buyon an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Yosh chegarachilar” musobaqasining alohida o‘rni bor.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Madaniyat va sport ishlari, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi, Toshkent shahar hokimligi, Respublika o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa tashkilotlar hamkorligida o‘tkaziladigan musobaqada o‘tgan yillar davomida minglab yoshlar mahoratini sinovdan o‘tkazdi.

Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari harbiy qismlari qoshida tashkil etilgan «Yosh chegarachilar» klubi a’zolarining safi yildan-yilga kengayib bormoqda. 2011-2016-yillar davomida o‘tkazilgan musobaqalarning saralash bosqichlariga yurtimizning barcha chegaraoldi hududlaridagi kollej va litseylardan 18 mingga yaqin o‘quvchi jalb etilgan.

Musobaqadan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizning barcha chegaraoldi hududlarida joylashgan kasb-hunar kollejlari, akademik litseylarda tahsil olayotgan chaqiriqqacha tayyorgarlik yoshidagi o‘quvchilarni Vatanga muhabbat, harbiy burchga sadoqat ruhida tarbiyalashdan iborat. Musobaqalarda yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilish, ularni chegara xizmatiga bosqichma-bosqich tayyorlab borish va boshqa dolzarb masalalarga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Bu yilgi musobaqalar fevral-may oylarida o‘tkazilishi belgilangan. Ishtirokchilar ijtimoiy-siyosiy va huquqiy tayyorgarlik, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, “O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi qonunni bilish darajasi va harbiy-amaliy ko‘nikmalar bo‘yicha bahslashadi. Birinchi Prezidentimiz asarlari bilimdoni, ingliz tili bilimdoni, merganlik, to‘siqlardan o‘tish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ham sovrindorlar aniqlanadi.

Musobaqani yuqori saviyada o‘tkazish, uning ommaviyligini yanada oshirish va boshqa tashkiliy masalalar muhokama qilindi. Jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
550






Все о погоде - Pogoda.uz