O‘zA O`zbek

24.01.2020 Chop etish versiyasi

Yosh avlodni hayotga ham tayyorlasak, tashabbuskorligi ortadi

Yosh avlodni hayotga ham tayyorlasak, tashabbuskorligi ortadi

2020-yilda 6 yoshli bolalarni majburiy 1 yillik taʼlim bilan qamrab olish uchun 130 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi haqidagi soʻzlar menga juda yoqdi. Bunda esa bolalarga nafaqat bilim berish, fanlarni oʻrgatish balki, shu jarayonda ularni hayotga tayyorlashga ham eʼtibor berilsa quvonchli boʻlardi.

Oʻgʻlim boshlangʻich sinfda taʼlim olayotganda, ingliz tilidan bitta matnni tarjima qilish va savollarga javob berish uyga vazifa qilib berilgan edi. Tarjima qilib, savollarga javob berishni boshladik. Matn maʼnosi “Men sportchiman. Ota-onam ajrashgan va ular boshqa-boshqa shaharda yashaydi. Men baxtliman. Ularni koʻrish uchun ikkita shaharga mehmonga boraman”. Maʼno bolani xayolida qoladi. “Oʻzi sport ustasi, otasi boshqa joyda, onasi boshqa joyda, har xil shaharga boradi, maza ekan” degan notoʻgʻri tushuncha va havas bolada paydo boʻlishi mumkin-ku.

Taʼlim olish uchun bir oz muddat Turkiyada ham yashashimizga toʻgʻri keldi. Ularda aksincha, oʻqituvchilar bolalarga testlar orqali “koʻchada nohaqlikni koʻrsangiz nima qilasiz? kimdir birovni kaltaklayotgan yoki aldagan holatiga guvoh boʻlsangiz qanday yoʻl tutasiz?” savollarini berib, ularni hayotga oʻrgatar ekan. Maktab harakatining 80 foizi bolani hayotga tayyorlashdan iborat. Matematika boʻlsa, misollar, ingliz tili boʻlsa unda ham hayotiy matnlar bor. Har bir matnda hayotiy saboq oladigan, oʻylashga, fikrlashga chorlaydigan maqollar mavjud.

Biz ham bolani kichikligidan bilim berish bilan birga hayotga tayyorlasak, sarflanayotgan bu mablagʻlar bir necha barobar foyda bilan qaytishi shubhasiz.

Ana shunda Prezidentimiz aytganlari kabi tashabbuskor boʻlib maydonga chiqadigan yangi avlod kadrlari, strategik fikr yuritadigan malakali kadrlar soni ortadi.

Malika INOQOVA,
USAIDning gender va ijtimoiy masalalar boʻyicha mutaxassisi, huquqshunos

890
OʻzA