O‘zA O`zbek

10.09.2018 12:43 Chop etish versiyasi

Yorugʻ kunlarga shukronalik tuygʻusi

Yorugʻ kunlarga shukronalik tuygʻusi

Fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Toshkent shahar kengashi tomonidan poytaxtimizning barcha mahallalarida “Shukronalik“ deb nomlangan madaniy-maʼrifiy hamda sport tadbirlari tashkil etildi.

Tadbirlarda ijodkor ziyolilar, yozuvchi-shoirlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari, olimlar ishtirokida davra suhbatlari boʻlib oʻtdi. Sportsevar hamshaharlarimiz futbol, voleybol, basketbol, shaxmat-shashka, badminton, kurash boʻyicha musobaqalarda ishtirok etdi.

Prezidentning 2017-yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi farmoni fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, mahalla institutini aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorligini yanada rivojlantirishda yangi istiqbollarni ochmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan “Obod mahalla“ dasturi mahallalarning qiyofasini tubdan oʻzgartirish, ularni yanada koʻrkam va fayzli qilishda, turar joylar, daha va mavzelarini obodonlashtirishda, bunyodkorlik ishlarini zamon ruhiga monand olib borishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur dastur asosida mahallalarda yangi guzarlar, sport maydonchalari, bolalar oʻyingohlari, kutubxonalar, maishiy-savdo shoxobchalari barpo etilmoqda. Yoʻllar, xiyobon va turar joylar yanada fayzli qiyofaga kirmoqda.

Istiqlolimizning 27 yillik bayrami shukuhi kezib yurgan shu kunlarda tashkil etilgan “Shukrona“ madaniy-maʼrifiy tadbirlaridan koʻzlangan asosiy maqsad hamshaharlarimizni tinch-osoyishta, toʻkin va farovon kunlarimizning qadriga yetishga chorlash, yorugʻ kunlarimiz uchun shukronalik, Oʻzbekistonimizdan faxrlanish tuygʻularini yanada kuchaytirishdan iboratdir.

“Shukrona“ tadbiri Chilonzor tumanidagi “Yakkabogʻ“ mahalla fuqarolar yigʻinida ham koʻtarinki ruhda, bayramona kayfiyatda oʻtdi.

– Mahallamizda yoshlar uchun kutubxona, huquqiy maslahatxona, sport maydonchasi foydalanishga topshirildi, – deydi mahalla raisi Xislat Gʻoziyev. – 114-umumtaʼlim maktabi bilan doimiy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Bu hamkorlik huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirishda, yoshlarning bilib-bilmay turli nojoʻya yoʻllarga kirishining oldini olishda yaxshi natija bermoqda.

Tadbir davomida yurtimizda kechayotgan shiddatli islohotlarning, qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati mahalla ahliga atroflicha tushuntirildi. Shaxmat, stol tennisi boʻyicha musobaqa, kitobxonlikka oid viktorina oʻtkazildi. Gʻoliblar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Shu kuni poytaxtimizdagi barcha mahallalarda kitobxonlik, sheʼrxonlik kechalari, ijodiy muloqotlar, konsertlar, sport musobaqalari boʻlib oʻtdi.

N.Usmonova, OʻzA
1 713