O‘zA O`zbek

22.05.2020 Chop etish versiyasi

Yordamga muhtoj aholi qatlamiga davlat byudjetidan begʻaraz pul yordami ajratish nima beradi?

Yordamga muhtoj aholi qatlamiga davlat byudjetidan begʻaraz pul yordami ajratish nima beradi?
Iqtisodiy tahlil

Bugun millionlab odamlarning mehnat qilish qobiliyati cheklandi. Pandemiya sabab barcha joyda boʻlgani kabi yurtimizda ham firma va korxonalar faoliyati vaqtinchalik toʻxtatildi. Chegaralar yopildi. Turistlar oqimi butunlay toʻxtadi.

Bir qator mamlakatlar pandemiya tufayli yuzaga kelayotgan muammolarga yechim topish uchun aholiga byudjetdan bir martalik begʻaraz pul oʻtkazmalari berdi. Masalan, joriy yil fevral oyida Gong Kong 18 yosh va undan yuqori yoshdagi doimiy fuqarolari (7 millionga yaqin kishi) ga 10 000 GK dollari (qariyb 1200 AQSH dollari) miqdorida pul tarqatishga qaror qildi. Ushbu tarqatma pullar hukumat tomonidan eʼlon qilingan 15 milliard dollardan ortiq miqdordagi inqirozga qarshi kurashish fondi xarajatlarining katta qismini tashkil etdi.

AQSH hukumati koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish uchun shakllantirilgan 2,2 trillion dollarlik qutqaruv paketining bir qismi sifatida AQSHdagi har bir soliq toʻlovchining (yordamga muhtoj yoki muhtoj emasligidan qatʼiy nazar) bank hisobraqamiga 1200 dollar va har bir bola uchun qoʻshimcha 500 dollar oʻtkazib berayotgani aytilmoqda.

Singapur aprel oyida mamlakatdagi barcha katta yoshdagi (21 va undan yuqori yoshdagi) aholiga 600 singapur dollari miqdorida bir martalik naqd pul oʻtkazmalari amalga oshirilishi va kelgusi oylarda ham qoʻshimcha toʻlovlar amalga oshirilishi mumkinligini eʼlon qildi. Shu bilan birga, hukumat imkoni borlarni www.giving.sg veb-sahifasi orqali xayriya qilishga yoki toʻgʻridan-toʻgʻri yordamga muhtojlarga yordam berishga chaqirdi. Singapurda qoʻllab-quvvatlashga muhtoj boʻlganlar ijtimoiy xizmat idoralariga va jamoat markazlariga murojaat qilishi mumkin.

Yaponiya “favqulodda yordam” dasturining dastlabki bosqichida – fevral-iyun oylarida pandemiya sababli daromadini yoʻqotgan oilalarga 300 000 iyena – qariyb 2 760 AQSH dollari miqdorida moliyaviy yordam koʻrsatish fikrida.

Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi. Rivojlangan davlatlarning pul tarqatish tajribasidan kelib chiqib, Oʻzbekistonda ham fuqarolarga bir martalik begʻaraz pul yordami berilishi kerakmi? Bunda begʻaraz pullar tarqatish usulidan foydalanayotgan davlatlardagi va Oʻzbekistondagi vaziyatga nazar solish maqsadga muvofiq.

Oʻzbekistonda ommaviy pul tarqatish orqali isteʼmolni ragʻbatlantirish emas, balki inqiroz davrida yordamga muhtoj aholi qatlami, xususan, koronavirus pandemiyasi tufayli ishlay olmayotgan oilalar, chet elga qaytib keta olmagan migrant ishchilar, yolgʻiz yashovchi qariyalarga eʼtibor qaratish orqali ularning turmush farovonligini saqlab qolish maqsad qilib qoʻyilgan. Chunki, Oʻzbekiston sharoitida, odamlarning yordamga muhtoj yoki muhtoj emasligidan qatʼiy nazar, ommaviy ravishda pul tarqatish bir necha salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Koronavirus sababli tovar va xizmatlar taklifi kamaygan bir sharoitda begʻaraz pul tarqatilishi natijasida iqtisodiyotda pul taklifining koʻpayishi inflyatsiyaning tezlashishiga olib keladi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda yuqori inflyatsiya darajasi saqlanib qolmoqda. Koronavirus pandemiyasi tufayli taʼminotdagi uzilishlar, transport vositalari harakatining cheklanishi, oziq-ovqat tovarlariga boʻlgan talabning keskin oshishi, Qozogʻiston va Rossiya tomonidan ayrim oziq-ovqat tovarlari eksporti boʻyicha kiritilgan cheklovlar natijasida aprel oyida yillik inflyatsiya darajasi 14,5 foizgacha koʻtarildi. Oziq-ovqat inflyatsiyasi fevral oyidagi 15,8 foizdan aprel oyida 19,1 foizgacha oshdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan amalga oshirilgan tadqiqot natijalariga koʻra, 2020-yilda Oʻzbekiston YAIM hajmi real oʻsishi 1,8 foizgacha sekinlashishi sharoitida inflyatsiya darajasi 12,2 foizni tashkil etishi kutilayapti.

Bunday sharoitda davlat byudjetidan begʻaraz pul tarqatilishi yordamga muhtoj aholiga zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak sotib olish, kommunal toʻlovlarini vaqtida amalga oshirishga maʼlum darajada yordam bersa-da, moliyaviy yordamga muhtoj boʻlmaganlar tomonidan tovar va xizmatlarga talabni oshiradi. Bu esa inflyatsiyaga qoʻshimcha bosim koʻrsatadi.

Davlat byudjetidan barcha uchun teng miqdorda bir martalik begʻaraz moliyaviy yordam koʻrsatish byudjet kamomadini yana-da oshirib yuboradi. Koronavirus inqirozi davrida sanitariya-epidemiologik xarajatlarni moliyalashtirish, shifoxonalar va karantin majmualarini qurish va jihozlash, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash uchun davlat byudjetidan katta miqdorda mablagʻlar jalb qilindi. 

Band boʻlmagan fuqarolarni vaqtinchalik ishlarga jalb qilish uchun jamoat ishlari jamgʻarmasiga mablagʻlar oʻtkazib berildi. Bunday sharoitda aholiga begʻaraz pul yordamlari koʻrsatishda byudjet mablagʻlaridan oqilona foydalanish maqsadida hamma uchun teng miqdorda pul tarqatish emas, balki aynan yordamga muhtoj aholi qatlamini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Begʻaraz berilgan pul yordami qanday maqsadlarga ishlatilishi nomaʼlum boʻlib qoladi. Rivojlangan davlatlar singari Oʻzbekistonda ham har bir soliq toʻlovchiga teng miqdorda pul oʻtkazmalari amalga oshirilgan taqdirda berilgan pul mablagʻlari yordamga muhtoj boʻlgan aholi tomonidan isteʼmol uchun sarf qilinishi mumkin. Lekin yordamga muhtoj boʻlmagan soliq toʻlovchilarining qoʻlida paydo boʻlgan ortiqcha mablagʻlar qanday maqsadlarda ishlatilishi nomaʼlumligi ommaviy pul tarqatishning samarasizligini keltirib chiqaradi.

2020-yil 1-may holatiga koʻra, respublika boʻyicha ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar soni 1538,8 ming kishini tashkil etgan. Shundan, 864,9 ming kishi davlat byudjetidan ijtimoiy nafaqa oladi. Pandemiya tufayli ishlay olmayotgan aholi soni esa 341,3 ming kishini tashkil etadi. Shuningdek, 2020-yil boshida 426,7 ming kishi chet davlatlardan qaytib kelgan fuqarolar boʻlsa, 143,4 ming kishi ishlash maqsadida chet elga qaytib keta olmagan.

Nafaqa oladigan uy xoʻjaliklari soni kamida 10 foizga oshirilishi yoki Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tarkibiga kiritilgan nafaqa oluvchilar soni 596 mingdan 719 mingga koʻpayishi kutilmoqda. Mart-iyun oylarida toʻlanishi tugaydigan kam taʼminlangan oilalar uchun ijtimoiy nafaqalar muddati avtomatik tarzda 6 oyga uzaytirildi (qoʻshimcha 60 mln. AQSH dollar yoʻnaltiriladi). Bundan tashqari, hukumat oilaviy nafaqa olish huquqini aniqlash uchun ariza berish va daromadlarini tekshirish jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan oʻzgarishlarni tasdiqladi.

Koronavirus pandemiyasi davrida vaqtincha ishini yoʻqotgan aholini ish bilan taʼminlash boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, jamoatchilik ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari koʻpaytirildi hamda band boʻlmagan fuqarolar vaqtinchalik jamoat ishlariga (masalan, dezinfeksiya qilish) jalb qilinmoqda. 2020-yil 1-may holatiga 47 mingga yaqin kishi yirik ishlab chiqaruvchi korxonalarga ishga joylashtirildi. Shuningdek, 9869 kishi meva-sabzavotchilik klasterlariga ishga jalb qilingan boʻlsa, salkam 100 ming kishi paxtachilik, gʻallachilik va bogʻdorchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklarida daromad topmoqda.

Odatda kasallik varaqasi ishchining ish tajribasidan kelib chiqib ish haqining 60-80 foizi miqdorida toʻlanadi. Ushbu koʻrsatkich karantin davrida hamma uchun birdek ish haqining 100 foizigacha koʻtarildi. Ishlovchi ota-onaga (ikkisidan biriga) maktablar va bolalar bogʻchalari yopilganligi sababli ish haqi toʻliq saqlangan taʼtil berildi.

Shu bilan birga, hukumat tomonidan aholining yordamga muhtoj qatlamini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularga isteʼmol tovarlari uchun vaucher va kupon tizimini joriy qilish imkoniyatlari koʻrib chiqilmoqda. Buning uchun bir qator xorijiy davlatlar tajribasi oʻrganilmoqda.

Xitoy tajribasiga murojaat etadigan boʻlsak, aprel oyida Xitoy asta-sekin karantin qoidalarini yumshatishni boshladi va odamlarni odatiy hayotga qaytishga va isteʼmol uchun yana pul sarflashga undamoqda. Buning uchun Xitoy hukumati chakana savdoni tiklashni kuchaytirish maqsadida isteʼmol kuponlari bera boshladi. Mahalliy hukumatlar onlayn isteʼmol kuponlarini taqdim etishmoqda. 

Hozirga qadar Xitoyda 16 ta viloyatning 50 ga yaqin shahrida oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechak sotib olish, sayohat va dam olish maskanlarida almashiniladigan vaucherlar taqdim etildi. Guanjou va Changsha kabi shaharlarda aholiga mashina sotib olishga yordam berish uchun ikki ming dollargacha boʻlgan miqdorda kuponlar taqdim etilmoqda. Statistik maʼlumotlarga koʻra, isteʼmol kuponlarining 80 foizidan koʻprogʻi oziq-ovqat sanoati, 42,5 foizi esa turizm sohasiga tegishli hisoblanadi.

Xalilillo HAMIDOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 
Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy 
tadqiqotlar va islohotlar markazi yetakchi ilmiy xodimi

2 603
OʻzA