O‘zA O`zbek

05.09.2019 Chop etish versiyasi

“Yopiq muassasalar va ozodlikdan mahrum etish joylari monitoringi” mavzusidagi trening boshlandi

“Yopiq muassasalar va ozodlikdan mahrum etish joylari monitoringi” mavzusidagi trening boshlandi

3 sentabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida “Yopiq muassasalar va ozodlikdan mahrum etish joylari monitoringi” mavzusidagi trening o‘z ishini boshladi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha Mintaqaviy vakolatxonasi mazkur tadbir tashkilotchilari hisoblanadi.

Trening mashg‘ulotlarini Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ochdi. YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi elchi Jon MakGregor, BMT Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha kichik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Viktor Zaxariya, shuningdek, Buyuk Britaniya Jazoni ijro etish muassasalari ma’muriyati vakili Janet Xol va Ekseter universiteti professori Abi Daymond ishtirokchilarni qutladi.

- Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining ushbu tadbirni o‘tkazish tashabbuskorlari qatorida borligi bejiz emas, - dedi, jumladan, elchi Jon MakGregor. - Chunki bu mavzu katta ahamiyatga ega. O‘zbekistonning Harakatlar strategiyasida ayni yo‘nalishda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bilan YeXHTning majburiyatlari o‘zaro hamohangdir. 

Keyingi yillarda mahbuslarni penitensiar muassasalarda ushlab turish bo‘yicha xalqaro standartlar izchil rivojlandi va sayqallandi. YeXHTning mazkur sohaga oid bir qancha majburiyatlari mavjud. Transparentlik va jamoat nazorati demokratiya hamda qonun ustuvorligi prinsiplariga asoslanishini nazarda tutsak, xuddi shu prinsiplarni penitensiar muassasalarda qo‘llash juda muhimdir. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni muntazam kuzatish va ular joylashtirilgan muassasalarga borib milliy darajadagi monitoringni amalga oshirish, hech shubhasiz, qiynoqlar va g‘ayriinsoniy munosabatlarning oldini olishga qaratilgan samarali vositalardan biridir.

Elchi Jon MakGregor O‘zbekiston davlatining “Jasliq“ qamoqxonasini yopish bo‘yicha qarorini yuqori baholadi. “Bu qaror BMTning inson huquqlari bo‘yicha mexanizmlari va YeXHT majburiyatlari bilan o‘zaro muvofiqdir“, dedi YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 10 dekabrda qabul qilingan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Markaz jazoni ijro etish muassasalari, qamoqxonalar va maxsus hibsxonalarni moneliksiz kirib ko‘rish huquqiga ega hisoblanadi. 

Jon MakGregorning fikricha, O‘zbekiston Prezidentining ushbu qarori ham, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga berilgan bu huquqlar ham alohida e’tirofga sazovordir. “Bunday tadbirlar O‘zbekiston uchun juda muhim va ahamiyatli. Mazkur trening esa O‘zbekistonning qiynoqlarga qarshi kurashishga nihoyatda jiddiy munosabatining yana bir dalolatidir“, dedi Elchi janoblari.

To‘rt kun davom etadigan mashg‘ulotlarda qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning boshqa turlarini taqiqlash hamda ularning oldini olish bo‘yicha xalqaro standartlar, bu borada barvaqt monitoring joriy etish kabi masalalar ko‘rib chiqiladi. Ozodlikdan mahrum etish muassasalarida monitoring o‘tkazish va qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha xorijiy amaliyot, O‘zbekistonda monitoring tizimining rivojlanishi istiqbollari atroflicha muhokama qilinadi. 

Eng muhimi, ozodlikdan mahrum etish joylari monitoringining asosiy pritsiplari, monitoring tashrifi bosqichlari, shikoyatlarni o‘rganish yuzasidan amaliy muloqotlar va qiziqarli bahs-munozaralar tashkil etiladi. Ishtirokchilarda monitoring yakunlari bo‘yicha ma’ruza tayyorlash ko‘nikmasini shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Trening mashg‘ulotlarida Markaz xodimlari bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati vakillari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy sud sudyalari, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash va Moliya vazirliklari vakillari, shuningdek, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Advokatlar palatasi, “Strategiya-taraqqiyot“ markazi faollari qatnashmoqda.

Mashg‘ulotlarni BMT va YeXHT xalqaro ekspertlari, shuningdek, Buyuk Britaniyaning ushbu soha bo‘yicha malakali mutaxassislari olib bormoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining matbuot xizmati