Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.08.2017 18:00 Chop etish versiyasi

Yong‘inlarning oldi olinmoqda

Qashqadaryo viloyatida haftaning chorshanba kunlari o‘tkazilayotgan yong‘inlar profilaktikasi tadbirlari doirasida yong‘in xavfsizligi, unga rioya qilish qoidalari, yong‘inlarning oldini olish bo‘yicha keng tushuncha berilmoqda.

Yong‘in xavfsizligi xodimlari tomonidan ta’lim muassasalari va mahallalarda o‘tkazilayotgan tadbirlarda yong‘in xavfsizligi, yong‘inlarning oldini olish, aholi, ayniqsa, o‘quvchi-yoshlarda yong‘in chog‘ida to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yong‘inga qarshi kurash bo‘yicha turli tanlov va viktorinalar tashkil etilmoqda.

Yong‘inlar profilaktikasi tadbirlari doirasida Kitob tumanidagi “Yosh alangachi” bolalar oromgohida “Yosh yong‘in o‘chiruvchi” viktorinasi bo‘lib o‘tdi. Unda har biri 5 kishidan iborat “Shunqorlar” va “Xaloskorlar” jamoalari bahslashdi. Jamoa a’zolari tanishtiruv, yong‘in xavfsizligi yuzasidan savol-javob, yong‘in o‘chirish estafetasi, yong‘in xavfsizligi kabi shartlar asosida mahoratini namoyish etdi.

Viktorina davomida oromgoh dam oluvchilariga soha mutaxassislari tomonidan yong‘in xavfsizligi qonun-qoidalari haqida atroflicha tushuncha berildi.

– Prezidentimizning 2017-yil 23-maydagi "Ichki ishlar organlari yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq tashkiliy va amaliy tadbirlar rejasi ishlab chiqildi, – deydi Qashqadaryo viloyati IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Mirzohid Ostonov. – O‘tkazilayotgan tadbirlar aholi va yong‘in xavfsizligi xizmatlari o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish imkonini bermoqda. Hamkorlikdagi tadbirlar doirasida korxona-tashkilot va turli inshootlarning yong‘inga qarshi holati belgilangan tartibda o‘rganildi. O‘rganishlar natijasi bo‘yicha obyektlar rahbarlariga bajarilishi shart bo‘lgan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi. Aniqlangan qoidabuzarliklar bartaraf etildi.

Yong‘in xavfsizligi qoidalari, yong‘inlar sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakat qilish va unga qo‘yiladigan talablarni tushuntirishda davlat muassasalari, korxona va xususiy kompaniyalar ishchi-xodimlari ishtirokida o‘tkazilayotgan uchrashuv va seminarlar muhim ahamiyat kasb etayotir. Profilaktika tadbirlari samarasida yong‘inlar soni kamayishiga erishilmoqda. Biroq bolalar tomonidan sodir etilayotgan yong‘inlar ham yo‘q emas. Bunga ota-onalarning beparvoligi, loqaydligi sabab bo‘lmoqda. Bunday noxush holatlarning oldini olish, ishxonamiz, xonadonimiz va mol-mulkimizni, eng muhimi, yaqinlarimizni bu ofatdan asrashda barchamiz hamjihat bo‘lishimiz, yong‘in xavfsizligi, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirishimiz darkor.

O‘lmas Barotov, O‘zA
1 069






Все о погоде - Pogoda.uz