Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.08.2018 19:22 Chop etish versiyasi

Yong‘inlarning 70 foizi aholi yashash joylarida sodir bo‘lmoqda

Yong‘inlarning 70 foizi aholi yashash joylarida sodir bo‘lmoqda
Mutaxassislar ma’lumot berishicha, joriy yilning o‘tgan olti oyida yurtimizda 5 ming 772 yong‘inlar sodir bo‘lgan. Tan jarohati olganlar esa ikki yuz nafar kishidan iborat. Tahlillar bugungi kunda yong‘inlarning 70 foizi aholi yashash joylari, xonadonlarda sodir bo‘layotganini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, yong‘inlar natijasida kelib chiqayotgan halokatlar, tan jarohatlari nosoz va qo‘lbola gaz qurilmalaridan foydalanganlik, yaroqsiz elektr moslamalarining o‘rnatilgani oqibatida sodir bo‘layotir. Bundan tashqari, isitish uskunalaridan xavfsizlik qoidalariga rioya etmasdan foydalanish, spirtli ichimliklar iste’mol qilib hushyorlikni yo‘qotish oqibatida ham yuzaga kelmoqda.

Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida joylarda aholi o‘rtasida keng tushuntirish targ‘ibot ishlari olib borilayotir. O‘zbekiston Respublikasi IIV Yong‘in xavfsizligi institutida “Tilsiz yovga qarshi birgalikda kurashamiz” mavzuida o‘tkazilayotgan respublika ilmiy-amaliy seminarida ham shu kabi masalalar muhokama qilindi.

Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi hamda “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etilgan tadbirda aholi turarjoylarida, maishiy xizmat ko‘rsatish inshootlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, bu borada fuqarolarning hushyorligini oshirishga qaratilgan ma’rifiy targ‘ibot ishlari kuchaytirishga alohida ahamiyat qaratilayotgani ta’kidlandi.

Hamkor tashkilotlar tomonidan hamjihatlikda yong‘inning oldini olish, aholi xavfsizligini ta’minlash, gaz, elektr energiyasi, isitish uskunalaridan foydalanishda qat’iy qoidalarga rioya qilish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Tadbirda institut olimlari tomonidan “Issiqlik oqimini kamaytirish” ilmiy g‘oyasi asosida yaratilgan o‘t o‘chirish avtomobili sinovdan o‘tkazildi. Yong‘inlarni o‘chirishda foydalanilayotgan zamonaviy texnikalar, yangi ishlanmalar va yaratilgan ixtirolar ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Abdulaziz MUSAYEV, O‘zA
1 964