Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.04.2018 15:19 Chop etish versiyasi

Yong‘inga qarshi kurashish – dolzarb vazifa

Namanganda aholini tabiiy va texnogen xususiyatli hamda yong‘in bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar xavfi tug‘ilganda yoki sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakat qilishga tayyorlashga qaratilgan maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazildi.

Namangan shahridagi “Megapolis”, “Shodlik”, Mingbuloq tumanidagi “Sherdor”, Norin tumanidagi “Norin Alkabir lyuks”, To‘raqo‘rg‘on va Uychi tumanlaridagi “Makro” kabi yirik savdo majmualarida o‘tkazilgan ko‘rgazmali maxsus-taktik o‘quv mashqlarida viloyat hokimligi, favqulodda vaziyatlar, ichki ishlar, yong‘in xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari, gaz, elektr, suv ta’minoti korxonalari va boshqa maxsus xizmatlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda savdo majmualari xodimlarining favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalari, shunday xavf tug‘ilganda aholiga xabar berish tizimi sinab ko‘rildi. Fuqaro muhofazasi tuzilmalari xodimlarining jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish yuzasidan malakasi oshirildi. Shuningdek, yong‘in, yo‘l harakati va texnika xavfsizligi qoidalari hamda texnika vositalarini boshqarish, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi. Savdo majmualari yong‘in xavfsizligi talablari asosida jihozlangani, fuqaro muhofazasi tuzilmalarining mavjudligiga e’tibor qaratildi. Majmualarning evakuatsiya yo‘llari sozligi, doimiy ishchi holatdaligi, elektr ta’minoti, aholiga xabar berish tizimining shayligi nazoratdan o‘tkazildi.

Maxsus-taktik o‘quv mashqlari yakuni savdo majmualarida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda tahlil qilindi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama etilib, tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Akramjon Sattorov, O‘zA
2 169