O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

10.09.2018 19:30 Chop etish versiyasi

Yongʻin xavfsizligi: Xalqaro hamkorlik, samarali natija

Koreyalik yongʻin oʻchiruvchilar dronlardan yongʻin koʻlamini aniqlash, borish qiyin boʻlgan joylarni oʻrganishda samarali foydalanib kelmoqda. Muhimi, dronlar orqali maʼlumotlar markaziy dispetcherlik markaziga onlayn uzatilishi qoʻshimcha kuchlarga boʻlgan ehtiyojni oʻz vaqtida aniqlash imkonini beradi.

Koreya Yongʻin xavfsizligi milliy agentligi ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari koʻz yordamida koʻrish imkoniyati cheklangan muhitda jabrlanganlarning fiziologik koʻrsatkichlari toʻgʻrisida tezkor maʼlumot olish, koʻz harakati orqali dronni boshqarish uchun moʻljallangan aqlli yongʻin oʻchirish shlemini yaratgan.

Oʻzbekiston IIV Yongʻin xavfsizligi instituti va Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi xodimlaridan iborat delegatsiya vakillari Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida shu kabi ilgʻor tajribalar bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 23 maydagi “Yongʻin xavfsizligi sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida davlat yongʻin xavfsizligi xizmati ofitserlar tarkibini tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida Rossiya, Xitoy, Koreya, Yaponiya va boshqa xorijiy davlatlarning taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni oʻrnatish, xorijiy olimlarni institutning ilmiy-pedagogik faoliyatiga jalb qilish vazifasi yuklatilgan edi.

Delegatsiya aʼzolari Koreya Yongʻin xavfsizligi milliy agentligida boʻlib, mazkur mamlakatda yongʻin xavfsizligini taʼminlash, favqulodda holatlarda fuqarolarni qutqarish va jabrlanganlarga tez tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha qilinayotgan ishlar bilan ham tanishdi.

Janubiy Koreyada tungi vaqtda odamlar gavjum joylarda, shu jumladan, tibbiyot muassasalari, internatlar, ommaviy koʻngilochar maskanlarida yongʻin xavfsizligini taʼminlashda majburiy sugʻurta qilish tizimi yoʻlga qoʻyilgan.

Agentlik tarkibida kuch va vositalarni boshqarish, tezkor shtab va jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish markazlari bor. Profilaktika ishlarining samarali tashkil etilgani, yongʻindan avtomatik xabar beruvchi tizimlarning yaxshi ishlashi ijobiy natijalarning asosi boʻlib xizmat qilmoqda.

Dunyoning yetakchi davlatlarida sodir boʻladigan yongʻinlar statistikasiga nazar tashlasak, yongʻinlar oqibatida kelib chiqadigan zarar, odamlarning nobud boʻlishi yoki tan jarohati olish koʻrsatkichi Koreya Respublikasida nisbatan past hisoblanadi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi Koreya Yongʻin xavfsizligi milliy akademiyasi faoliyati bilan ham tanishdi. Maxsus modellashtirish markazi, Axborot-resurs markazi, masofaviy taʼlimdan foydalanish imkoniyatlari, ulardagi mavjud oʻquv kurslari eʼtiborga molikdir.

Alohida oʻquv-mashq minorasi va ular oʻrtasida oʻzaro arqon (kanatka) oʻrnatilgan boʻlib, bu yerda tinglovchilar insonlarni va oʻzini qutqarish amaliy tajribasini oʻrganadi. Qishki sport zali ichida sunʼiy togʻ devori oʻrnatilgan. Unda arqon yordamida tinglovchilarga tepaga chiqish va tushish mashqlari oʻrgatiladi.

Akademiya tasarrufidagi oʻquv-yongʻin oʻchirish qismida zamonaviy yongʻin oʻchirish texnikalari bilan birga 30 va undan baland qavatlarga moʻljallangan avtonarvon, avtokoʻtargichlar, avariya-qutqaruv va maxsus yoritish-aloqa mashinalari mavjud.

Shu bilan birga, koreyalik olimlar texnologik jarayonlarda sodir etilgan hamda ehtimoli mavjud boʻlgan yongʻinlarning kelib chiqish sabablarini oʻrganib boradi. Shuningdek, isteʼmolda boʻlgan barcha qurilish materiallari, elektron uskunalar, texnologik qurilmalar va tamaki mahsulotlarini sinovdan oʻtkazish, isteʼmol uchun xulosalar berish bilan shugʻullanadi. Bundan tashqari, institut yongʻin xavfsizligi sohasidagi yangi texnologiyalarni sinovdan oʻtkazadi.

Eʼtiborga molik jihati Koreyada sotilayotgan barcha turdagi tamaki mahsulotlari daromadining 1 foizi yongʻin xavfsizligi xizmati ehtiyojlari uchun ajratiladi. Ushbu mablagʻlardan yongʻin xavfsizligi xizmati moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, profliklaktikani kuchaytirish, targʻibot va tashviqot ishlarini olib borishga sarflanadi.

Safar davomida toʻplangan boy tajriba IIV Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi va uning quyi tizimlarida amaliyot chogʻida va Yongʻin xavfsizligi instituti kursantlariga bilim berish jarayonida qoʻllaniladi.

Sohib SULTONOV,
Oʻzbekiston IIV Yongʻin xavfsizligi
instituti katta oʻqituvchisi.

OʻzA