O‘zA O`zbek

15.05.2019 21:23 Chop etish versiyasi

Yongʻin xavfsizligi institutida general-mayor Matrasul Sobirov xotirlandi

Yongʻin xavfsizligi institutida general-mayor Matrasul Sobirov xotirlandi

Hayotda oʻz mehnati va yaxshi fazilatlari bilan barchaga oʻrnak boʻlib yashagan insonlar koʻp. Shu bois ular oramizda yoʻq boʻlsa-da, oʻzidan qoldirgan xotiralari bilan mangudir. 

Uzoq yillar huquqni muhofaza qiluvchi organlarda samarali faoliyat yuritgan yuridik fanlar doktori, professor, general-mayor Matrasul Sobirov ana shunday insonlardan edi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yongʻin xavfsizligi institutida oʻtkazilgan “Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat” deb nomlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir general-mayor Matrasul Sobirov xotirasiga bagʻishlandi.

Unda yuridik fanlar doktori, professor Nuriddin Narmatov va boshqalar Matrasul Sobirovning serqirra faoliyati va olijanob insoniy fazilatlari yoshlar taʼlim-tarbiyasida oʻrnak boʻlgulik ekanini qayd etdi. 

photo5395705541122173920.jpg

Matrasul Sobirov Yongʻindan saqlash oliy texnik maktabidagi qariyb 16 yillik rahbarlik faoliyati mobaynida oʻzining tashkilotchilik qobiliyatini namoyon etib, mazkur oʻquv dargohini respublika oliy taʼlim muassasalari qatorida munosib oʻrin egallashi uchun bor kuch va imkoniyatini, bilim va tajribasini safarbar etdi.

Oʻquv jarayonini samarali tashkil etish va takomillashtirish, moddiy-texnik jihatdan mustahkamlash, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, ilmiy salohiyatga ega professor-oʻqituvchilarni jalb etish borasida jonbozlik koʻrsatdi.

– Matrasul Sobirov talabchan rahbar, mehribon ustoz, hayotda dardkash inson, barchaga oʻzlarining yordam qoʻllarini choʻzardi, – dedi institutning kadrlar boshqarmasi xodimi Gennadiy Kupsov. – Xodimlarning yaxshi-yomon kunlariga eʼtibor qaratib hurmat koʻrsatardi. U kishi juda koʻp xodimlarni uylariga, viloyatlarga toʻyga, taʼziyasiga borib, quvonchlariga sherik, dardlariga malham boʻlgan. Institut jamoasi marhum ustozni yaxshi xotiralar bilan eslaydi. Mehribonlik uyidan soʻng oʻz hayot yoʻlimni topishimda u kishini xizmatlari beqiyos. Shu oliy dargohga oʻqishga topshirgan kunimdan meni qabuliga chaqirib, suhbatlashgani hali hanuz koʻz oʻngimdan ketmaydi. Oila qurib hayotga mustaqil qadam qoʻyishimda ustozimning oʻrni benihoya katta. 

Bu kabi tadbirlar yosh avlodni vatanparvarlik, mehnatsevarlik, mehr-oqibat ruhida tarbiyalash, azaliy anʼana va qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ular qalbida Vatanga sadoqat, xayru saxovat kabi fazilatlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Qolaversa, mamlakatimizda tinchlik hamda osoyishtalik barobarida inson qadrining shunday yuksak darajada ulugʻlanayotgani yoshlar uchun tengsiz saboqdir. 

photo5395830533260421804.jpg

OʻzA
635