O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Yong‘in xavfsizligi bo‘yicha 126 kamchilik aniqlandi

Yong‘in xavfsizligi bo‘yicha 126 kamchilik aniqlandi

Kuz-qishga tayyorgarlik 

Jizzax viloyati yong‘in xavfsizligi xodimlari tomonidan inshootlarda o‘tkazilgan tekshirishlar davomida aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etishda 23 fuqaroga nisbatan ma’muriy chora ko‘rildi, 20 korxona va tashkilot rahbariga taqdimnomalar kiritildi. 

Prezidentimizning 2019 yil 30 iyuldagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohani 2019/2020 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosini ta’minlashda yong‘in xavfsizligi talablarining bajarilishi eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

– Ko‘p yillik tajribalardan ma’lumki, sovuq kunlar boshlanishi bilan issiqlikka bo‘lgan talab oshishi yong‘inlar ro‘y berishining ko‘payishiga sabab bo‘ladi, – deydi viloyat yong‘in xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Ibragimov. – Shu sababli ishlab chiqarish, ijtimoiy inshootlarni, turar joylarni kuz-qishki isitish mavsumiga tayyorlashda yong‘inning oldini olishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish eng zarur yumushlardan hisoblanadi. Bu ishni amalga oshirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, xususiy uy-joy mulkdorlar shirkatlari va boshqa daxldor tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha belgilangan qoida va me’yoriy talablarning har bir mas’ul xodim hamda har bir xonadon egasi tomonidan to‘liq bajarilishiga alohida e’tibor qaratayotirmiz. 

Shu maqsadda boshqarma tomonidan uy-joylar, bino va inshootlarning 2019-2020 yil kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashda yong‘inga qarshi holatini yaxshilash uchun 141 yong‘in xavfsizligi xizmati xodimi jalb etildi. Hozirgacha 10 dan ziyod xususiy uy-joy mulkdorlar shirkatlari va 28 mahalla hududida joylashgan aholi yashash xonadonlarining yong‘inga qarshi holati o‘rganilib, 132 ko‘p qavatli uy tekshiruvdan o‘tkazildi. 

Amalga oshirilgan tadbirlar davomida 57 chordoq hamda 51 yerto‘lalarning xavfsizligi ta’minlandi. Shuningdek, korxona va muassasalarda, mahallalardagi aholi turar joylarida uyma-uy yurib olib borilgan profilaktik tadbirlar davomida yong‘inlar va ularning kelib chiqishi sabablari haqida 12 ming 445 marta tushuntirish ishlari o‘tkazildi. 

Aholi turar joylarida yong‘in xavfsizligi holatini o‘rganish davomida jami 126 kamchilik aniqlandi. Ularning 124 tasi yoki 98,4 foizi tadbirlar davomida bartaraf etildi. 

Ko‘p qavatli uylarda olib borilgan yong‘inga qarshi profilaktik tadbirlar davomida qo‘lbola saqlagichlardan foydalanish bo‘yicha 8 ta, evakuatsiya yo‘llarining to‘sib qo‘yilishi bo‘yicha 2 ta, yerto‘lalarda va chordoqlarda yonuvchi mahsulotlar saqlash bo‘yicha 4 ta, nosoz dudburonlardan foydalanish bo‘yicha 16 joyda, gaz ta’minotiga nostandart shlanglar orqali ulanish bo‘yicha 8 joyda kamchiliklar aniqlanib, tegishli idora mas’ullari bilan hamkorlikda bartaraf etildi. 

Shuningdek, 48 nosoz, nostandart elektr uskuna va agregatlaridan foydalanish holatiga chek qo‘yildi. Yong‘in xavfsizligi qoidalarini muntazam ravishda buzib kelayotgan 23 fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortildi. 

Aholi turar joylarida yong‘in xavfsizligini ta’minlashda yechimini topmayotgan muammolar bo‘yicha viloyat, shahar va tuman hokimliklariga hamda tegishli idoralarga 20 marotaba axborotnoma, ma’lumotnoma va taqdimnoma kiritildi. 

Yong‘in kelib chiqishiga sabab bo‘luvchi jiddiy kamchiliklar 12 marotaba jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi. 

Ayni paytda barcha tumanlarda keng ko‘lamli qurilish ishlari olib borayotgan yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlaridan bu sohaga ham alohida e’tibor qaratishni taqozo etayotir. Aksariyat qurilish inshootlarida quruvchilarning muvvaqqat yashash, ovqatlanish joylariga o‘rnatilgan yoritish, isitish qurilmalari yong‘in va texnik xavfsizlik talablariga javob bermaydi. 

Davlat tasarrufidagi 28 ijtimoiy soha ob’ektlarida tekshiruv o‘tkazilib, yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha davlat yong‘in nazoratining bayonnomalari tuzildi. Aniqlangan kamchiliklarning 63 foizi tuzatildi. 

O‘tkazilayotgan tadbirlar davomida targ‘ibot, tushuntirish ishlariga katta e’tibor berilayotir. Tadbirlarning muhim jihati ham shu – kamchiliklarni aniqlab, kimnidir jazolash emas, odamlarni ro‘y
berishi mumkin bo‘lgan ofatdan ogohlantirish. Qancha ko‘p odam ogoh bo‘lsa, zarar xavfi shuncha kamayishi yoki umuman bo‘lmasligi mumkin. Ogohlantirish, targ‘ibot-tashviqotning ahamiyati ham shunda. 

255
Toshqul BEKNAZAROV, O‘zA