O‘zA O`zbek

12.11.2019 Chop etish versiyasi

Yolg‘onchi guvoh jazosini oldi

Yolg‘onchi guvoh jazosini oldi

Islom ta’limotlarida guvohlikni Alloh roziligi uchun berish ta’kidlanadi. Guvoh bo‘lishning o‘zi katta mas’uliyat. U orqali ko‘pgina hukmlar chiqariladi, birov oqlanishi yoki qoralanishi, insoniy huquqlar poymol etilishi yoki himoya qilinishi mumkin. 

S.Anvarov muqaddam o‘g‘irlik jinoyatini sodir etib, amnistiya aktiga asosan jazodan ozod etilganiga qaramay, o‘ziga nisbatan berilgan imkoniyatdan tegishli xulosa chiqara olmadi.

U o‘zining qabih niyatlarini amalga oshirish zamirida firibgarlik, pora berishga dalolat qilish, yolg‘on guvohlik berish kabi og‘ir jinoyatlarga qo‘l urdi.

S.Anvarov Qo‘qon shahar IIO FMB xodimlari tomonidan Yu.Abdullaevaga nisbatan o‘tkazilgan tadbir davomida xolis sifatida qatnashgan.

Biroq jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining sud majlisida Yu.Abdullaeva va boshqalarga oid jinoyat ishi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv jarayonida xolis, tergov jarayonida va sud majlisida yolg‘on ko‘rsatma bermaslik haqida ogohlantirilib, guvoh tariqasida jalb qilingan.

Ammo Qo‘qon shahar IIO FMB JQB katta tezkor vakili M.Qurbonovga nisbatan shaxsiy adovati tufayli, go‘yoki bu tadbirda xolis sifatida qatnashmaganligini ro‘kach qilib, bila turib, M.Qurbonovni og‘ir jinoyat sodir etishda, jinoyat ishi bo‘yicha dalillarni soxtalashtirishda ayblab, yolg‘on guvohlik berdi.

Bu ham yetmaganidek, S.Anvarov yoshlikdan birga katta bo‘lgan o‘rtog‘i B.Oripovga nisbatan o‘tkazilgan tezkor tadbirdagi “Tramadol” giyohvandlik vositasi olinganlik holatini ijobiy hal qilish evaziga Qo‘qon shahar IIO FMB JQB tezkor vakili M.Qurbonovga 1.500 AQSh dollari miqdorida pora berish kerakligini aytib, Departamentning Farg‘ona viloyat boshqarmasi, DXX Qo‘qon shahar bo‘limi, Farg‘ona viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda B.Oripovdan kimyoviy ishlov berilgan 1.500 AQSh dollarini qo‘lga kiritgan vaqtda ushlandi.

Sudda S.Anvarov IIB xodimi M.Qurbonovga nisbatan shaxsiy adovati zamirida pastkashlik qilganligini tan olib, M.Qurbonovdan kechirim so‘radi. S.Anvarovga uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, sud zalidan qamoqqa olindi.

Ma’naviy qadriyatning tanazzuli, bir insonni qamoqqa yetaklab, bir norasida go‘dakni ota mehridan ayirdi.

Yolg‘on guvohlik berish bilan adolat oyoq osti qilinsa, guvohlik berishdan qochish o‘sha adolatning o‘rnatilishiga to‘sqinlik qilishdir.

X.Xudoyberdiev, 
jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar 
sudining raisi

1 203
O‘zA