Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.06.2018 13:21 Chop etish versiyasi

YOLG‘ON, BO‘HTON, HAYOSIZLIK – ijtimoiy tarmoqning oqibatsizligi va fojiasi

YOLG‘ON, BO‘HTON, HAYOSIZLIK – ijtimoiy tarmoqning oqibatsizligi va fojiasi …Yigit va qiz – bir-birini yoqtirgan juftlik nimadandir qattiq asabiylashgan holda tortishmoqda. Ikkisining haqoratomuz so‘zlari, navbat bermay gapirayotgani, biri ikkinchisini eshitmayotgani uchun muammo nima, kim haq, kim nohaqligi haqida bilolmaysiz. Ularning tortishuvi yigitning qizga qo‘l ko‘tarishi va ketib qolishi bilan yakunlangan.

Bu videotasvirni 14-16 yoshli qo‘shni o‘g‘il-qizlar tomosha qilayotganining ustidan chiqib qoldim. Kimlar uchundir qiziqarli tuyulgan bu tasvirlarni kim olgan? Yoki kimlar birovning muammosini ommaga tarqatishga urinmoqda? Bundan ham achinarlisi yigit-qizlarimizdagi or-nomus, ibo-hayo, andisha qayerda qoldi? Bu tasvirdagilar ham kimningdir farzandi, akasi yoki singlisi-ku.

Inson tabiatan yangilikka intiladi. Har bir kishini yangi axborot yoki ma’lumot nafaqat qiziqtiradi, balki uni birovga yetkazish, atrofdagilarning fikrini bilish tabiatimizga xos. Ayniqsa, qiziqarli, shov-shuvli, ko‘pchilikning e’tiborini tortadigan voqea-hodisani birinchilardan bo‘lib ommaga yetkazishga harakat qilamiz.

Ammo bu inson taqdiri, kelajagi bilan bog‘liq bo‘lsa-chi?

Bugungi tezkor axborot asrida birovga tahdid qilish, sha’nini bulg‘ash, rost yoki yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish odatiy holga aylanib qoldi. Ayni vaqtda turli ijtimoiy tarmoq, video va foto ma’lumotlarni tarqatish mumkin bo‘lgan portal, saytlar juda ko‘paygan. Ular qisqa vaqt ichida hayotimizning ajralmas bo‘lagiga aylandi. Bilib-bilmay uning ommalashishi, yolg‘on ma’lumotlarning tarqalishiga o‘zimiz ham sababchi bo‘lmoqdamiz. Bu kabi keng miqyosli axborotlar ichidan qay biri rost, qaysi yolg‘on, kerakli yoki keraksiz, deb ajratishning imkoni bo‘lmayapti.

Shu o‘rinda “Facebook”ning sobiq vitse-prezidenti Chamat Palixapitiya ijtimoiy tarmoqlar haqidagi fikrida “mahluq”ni o‘stirishga yordam bergani uchun vijdon azobini his qilayotganini aytganini eslashning o‘zi kifoya.

Internetda video, rasm, xabarlar tarqatish “zamon bilan hamnafaslik” deya ta’riflanib, “urf” bo‘ldi. Ularning orasida foydali, namuna bo‘ladigan, to‘g‘ri va oqilona xulosa chiqarishga ko‘maklashadiganlari ham bor. Ammo qora rang hamisha oqni berkitib, ko‘rinmaydigan holga keltirishini unutmaslik lozim.

– Insondagi har qanday xatti-harakat uning ruhiyati bilan bog‘liq, – deydi psixolog Ziyoda Obidova. – Yoshlar o‘zini anglash orqali yaxshi-yomonni taniydi, o‘zi uchun qanday bo‘lish va bo‘lmaslik borasida bir xulosaga keladi. O‘z yo‘lidan og‘may, atrofdagilarga zarar yetkazmasdan harakatlanadi. Aksincha bo‘lsa, jamiyatda yashab qolish, ozgina bo‘lsada o‘z o‘rnini bordek his qilish uchun o‘sha inson atrofdagilarni azoblab, ularga har xil yo‘llar orqali ta’sir ko‘rsatadi. Bu xato qadam yon-atrofdagilarga ziyon keltirishi bilan birga, o‘sha insonning jamiyatdan uzilib qolishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

So‘ngi vaqtlarda “o‘rgimchak to‘ri”, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar ruhan o‘zgarishlarni keltirib chiqaradigan “qarovsiz” maydonga aylangan. Sog‘lom muhitda ta’lim-tarbiya topgan o‘g‘il-qizlar ham agar ma’naviyatida ozgina bo‘shliq bo‘lsa, bu oqimga beixtiyor qo‘shilib ketmoqda.

Xalqimizda yaxshisini oshir, yomonini yashir, degan tarbiyaviy maqol bor. Azal-azaldan agar mahalla-ko‘yda kimdir xatoga yo‘l qo‘ysa, uning aybini yashirib, mahalla ahli, yoshi ulug‘lar uni to‘g‘ri yo‘lga solgan. Ajrimlar, qaynona-kelin tortishuvi, qo‘ni-qo‘shni o‘rtasidagi tushunmovchiliklar ham mahalla ichida, oila a’zolari davrasida hal etilgan. Hozirchi? Muammoning boshida turganlarning o‘zi o‘zini ko‘z-ko‘z qilib, ovoza qiladi. O‘z muammolari bilan atrofdagilarni bezovta qilishni, ularning fikri asosida o‘zini tasvirga olib, ommaga namoyish qilishni ma’qul ko‘radi. Shu o‘rinda yana ta’lim-tarbiyada yo‘l qo‘yilgan xatolar ko‘zga yaqqol tashlanadi.

– Ijtimoiy tarmoqlarda bir yigitning turmush o‘rtog‘ining oila a’zolari bilan telefon orqali suhbati tarqaldi, – deydi Gulasal Omonova. – Yurtimizda turli shevalarda gaplashilishi hammamizga ma’lum. Aynan shevada homilador, shifoxonada yotgan ayolini haqorat qilib, uning sha’niga to‘g‘ri kelmaydigan so‘zlarni aytib suhbatlashganining nimasi yaxshi? Bundan tashqari, uni videotasvir qilib tarqatayotgan insonlarga bu nima uchun kerak bo‘ldi? Kimlar uchundir bu kulguli voqeadir, ammo uning zamirida bir oilaning taqdiri, kelajagi yotibdi. O‘ylayotganini, so‘zini nazorat qila olmaydiganlarga qo‘shilib, uni boshqalarga ham tarqatish ma’naviyatimiz, mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydi. Millatimizga xos andishamiz qayerda qoldi?

Endi haqli savol tug‘iladi. Nega bunday axborotlarni tarqatishga oshiqamiz? Nega bir-birini kaltaklayotgan yigitlar, o‘zini tomdan, baland qavatdan tashlayotgan o‘smirlar, dugonalariga yomon so‘z aytayotgan qizlar, o‘z kasbiy faoliyatini olib borayotgan xodimlarga nisbatan qo‘pollik qilayotgan insonlarni bu yo‘ldan qaytarish o‘rniga, tomoshabin bo‘lib qolyapmiz?

Aybdorlar qonun oldida javob berishi kerak emasmi? Bu jarayonda dalillarni kerakli tashkilotlarga yetkazishning o‘zi yetarli. Voqeani o‘rganish, tahlil qilish, baho berish va chora ko‘rish huquqiy idoralarning ishi.

Ayni vaqtda atrofdagilarning birgina nojo‘ya qilig‘i, balki tijoriy maqsadda, ehtimol atay kameraga tushiriladi. Har qalay bu tasvirlar internetda uzoq “aylanadi”. So‘ng bunga taqlid qiluvchilar, fikr bildiruvchilar doirasi paydo bo‘ladi. Qarabsizki bu saytlar, sahifalar hayosizlik, “ommaviy madaniyat”ning turli ko‘rinishi, haqoratlarga boy fikrlar bilan “boyiydi”. Uning ming-minglab yoshlar ongu shuurida hosil qiladigan o‘pirilishlarini hisobga olsak, bu masalani har bir inson ongli ravishda, o‘z vijdoni, oilasi farzandlari misolida jiddiy o‘ylab ko‘rishi kerak.

Voqea-hodisalarga daxldorlik hissi bilan yondashishimiz oilamiz tinchligi, xotirjamligi, jamiyatimizning barqaror rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladi. Muhimi, g‘iybat aqlli odamlar qulog‘iga yetganida o‘ladi, degan maqolga hamisha amal qilishdir.

Barno Meliqulova, O‘zA
1 382