O‘zA O`zbek

27.04.2020 Chop etish versiyasi

Yoʻqolib ketgan millatlardan boʻlmaylik

Yoʻqolib ketgan millatlardan boʻlmaylik

Davlat tilida ish yuritilmaganlik uchun javobgarlik belgilanishi mumkinligi toʻgʻrisidagi maʼlumot internet foydalanuvchilari oʻrtasida qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻlmoqda.

Bir yil oldin ham davlat tili atrofida shunday ommaviy rezonans holatini kuzatgan edik. Oʻshanda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 7 bob, 29 moddadan iborat Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqilgandan soʻng, “Vesti.uz” saytida bir qator fuqarolar Oʻzbekistonda rus tiliga rasmiy til maqomini berish taklifini ilgari surgan edi. Aslida, bunday “tashabbuslar” ortida yurtimizda tinch-totuv yashab kelayotgan millat va elatlar oʻrtasiga nifoq solish hamda jamiyatni parokanda qilish maqsadi yashiringanligi sir emas.

Aslida, oʻzbek xalqidek bagʻrikeng va soddadil xalq boʻlmasa kerak. Tasavvur qiling, temir yoʻl chiptasini olmoqchi boʻlib sotuvchiga murojaat qilgan tanti inson, sotuvchi unga oʻzbek tilini bilmasligi aytib qoʻrslik bilan darchani yopib qoʻyganda, hijolat bilan “kim yordam berarkin” deb mulzam boqib turishini kuzatib turishning oʻzi fojia emasmi? Oʻz yurtida rus tilini bilmaganligi uchun kamsitilishining oʻzi fojia emasmi? Bunday misollarni siz ham koʻp bor kuzatgansiz, albatta.

Aslida, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash boʻyicha qatʼiy qadamlar ancha oldin tashlangandi. Bosh qomusimiz hamda davlat tiliga oid qonun hujjatlari bunda mustahkam huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Bu borada, 2019-yil 10-oktyabrda qabul qilingan “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonining qabul qilinishi oʻzbek tilining tarixiy gʻalabasi boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Unda oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun – 21-oktyabr sanasini “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilish, Davlat tilini rivojlantirish departamentini tashkil etish, Atamalar komissiyasi, 2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va davlat dasturi loyihasini ishlab chiqish kabi vazifalarning belgilanishi vatanparvar ziyolilarimiz orzularining roʻyobi sifatida eʼtirof etish mumkin.

Demak, davlat tilida ish yuritilmaganlik uchun javobgarlik belgilanishi masalasi bu kecha yuzaga kelib qolmagan. Bu uzoq va puxta oʻylangan strategiya. Bu mustaqil davlatchiligimizning rivojlanish yoʻlidagi oldinga tashlangan yana bir mustahkam qadamdir.

Butun dunyoda globalizatsiya sabab ayrim davlatlarda ikkinchi xalq tilidan foydalanishga urinayotgani bois tillar yoʻqolayotganligini guvohi boʻlmoqdamiz. YUNESKO vakillarining soʻzlariga qaraganda, qachonlardir odamlar soʻzlashadigan tillarning soni 7 mingdan 8 mingtagacha yetgan boʻlsa, bugungi kunda sayyoramizda 6 mingta til mavjud boʻlib, ularning 90 foizi yoʻqolib ketish arafasida turibdi.

Bugungi kunda dunyo mamlakatlarining 75 foizida milliy tilni himoya qilish maqsadida tilga oid davlat siyosati mavjud. Aksariyat davlatlarda muayyan xalq tilini davlat tili deb eʼtirof etilishi davlat tilining davlat boshqaruvida, sud ish yurituvida hamda ish yuritishda majburiy tartibda yuritilishini anglatadi.

Masalan, Germaniya Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisidagi qonunda maʼmuriy organga faqat nemis tilida murojaat qilish shartligi toʻgʻrisidagi norma belgilangan. Germaniya fuqaroligi toʻgʻrisidagi qonunda fuqarolar “nemislar” degan tushuncha bilan ifodalanadi. Nemis tilini lozim darajada bilish Germaniya fuqaroligiga qabul qilinishning muhim sharti sifatida belgilangan.

Ukrainada 2019-yilda qabul qilingan qonunga koʻra, deputat va mansabdor shaxslar davlat tilidan boshqa tilda chiqish qilganligi uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan. Ukrainada “Til ombudsmeni” lavozimi ham joriy etilgan boʻlib, uning asosiy vazifasi ukrain tilini davlat tili sifatida faoliyat yurilishini taʼminlash hisoblanadi.

Latviyada davlat tili normalarini buzganlik uchun javobgarlik doirasi ancha keng. Jumladan, ommaviy tadbirlarda yoki ish jarayonidagi majlislarda davlat tiliga tarjima yoʻlga qoʻyilmaganlik uchun jarima jazosi koʻzda tutilgan. Shuningdek, davlat tilini lozim darajada bilmaydigan xodimni ishga olgan ish beruvchiga ham maʼmuriy javobgarlik belgilangan. Latviyada davlat tilida ish yuritilmaganlik uchun javobgarlik uchun 140 yevro miqdoridagi jarima belgilangan boʻlib, Latviya parlamenti tomonidan koʻrib chiqilayotgan qonun loyihasiga koʻra mazkur huquqbuzarlik uchun jarima miqdorini 1400 yevrogacha belgilash taklif etilmoqda.

Yevropaning “madaniy markazi” boʻlgan Fransiya uchun fransuz tili milliy qadriyat kabidir. Shu sababli faranglar yurtida koʻcha-kuyda davlat tilidan boshqa yozuvni koʻrmaysiz. Qoʻshimchasiga bu qadriyat qonun bilan mustahkamlangan. Davlat tiliga oid normani buzish jismoniy shaxsga oilaviy byudjetning 700 yevrosidan mahrum boʻlishga olib keladi. Tabiiyki, mehnat munosabatlarida ham faranglar toʻliq ona tilida ish yuritishadi.

Albatta, mamlakatimiz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlar tillarining rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, ularga davlat tilini oʻrganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berish bundan keyin ham davlatimiz uchun ustuvor boʻlib qoladi.Taklif etilayotgan norma ona tilimizning nufuzini yana-da oshirish barobarida mamlakatimiz umumiytaholisining oʻzbek tilida gapiradigan 90 foizdan ziyod koʻpchilikning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. Zero, buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek: “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur”

Bekzod Narimanov,Toshkent davlat yuridik
universiteti katta oʻqituvchisi

1 364
OʻzA