O‘zA O`zbek

22.08.2018 11:10 Chop etish versiyasi

Yo‘llar qachon ravon bo‘ladi? Muammo nimada?

Yo‘llar qachon ravon bo‘ladi? Muammo nimada?
Adliya vazirligidan ma’lum qilishlaricha, O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi faoliyati samaradorligi tahlil etildi.

Unga ko‘ra, ma’muriy islohotlar konsepsiyasi, amaldagi qonunchilikka zid bo‘lgan hamda tarmoqni jadal rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan kamchilik va muammolar aniqlandi.

Xususan, davlat tartibot va xo‘jalik funksiyalarining birlashuvi hamda bitta organda buyurtmachi, pudratchi va nazoratchi vakolatlarining konsentratsiyasi mazkur sohada raqobatning butunlay cheklanganligini anglatadi va yo‘l tarmog‘ini rivojlantirishga to‘sqinlik qiladi.

Misol uchun, 2017-yildan joriy yilning yarim yilligiga qadar yo‘l xo‘jaligi sohasida avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha xususiy tashkilotlar bilan bironta ham shartnoma imzolanmagan. Yo‘l xo‘jaligi tarmog‘ining loyiha ehtiyojlari “Yo‘l loyiha byurosi” MCHJ davlat loyiha tashkiloti imkoniyatlaridan sezilarli darajada oshgan. Bu esa davlat dasturlari hamda belgilangan ishlarni bajarishda asossiz kechikishlarni yuzaga keltirmoqda.

“Yo‘l loyiha byurosi” MCHJ 2017-2018-yillarda 81 kelishuvdan 26 tasini, ya’ni umumiy miqdorning 32 foizini bajarmagani bois xususiy loyiha tashkilotlari bilan bitim tuzilgan. Bu yo‘l xo‘jaligi faoliyatida xususiy sektor xizmatlariga bo‘lgan talabning yuksakligidan dalolatdir.

Texnik va mualliflik nazorati zamonaviy talablar, bajarilgan ish hajmi hamda qurilish obyektlari soniga javob bermaydi. Har bir inspektorga 8 tadan 25 tagacha obyekt biriktirilgan bo‘lib, ular oralig‘idagi masofa 50 kilometrdan 500 kilometrgacha bo‘lgan masofani tashkil etadi. Xodimlar shtatidagi yetishmovchiliklar, ular malakasining pastligi, qurilish obyektlari sonining ko‘pligi va ortiqcha nazorat shakllarining mavjudligi nazoratni rasmiylashtirish va ish sifatining pasayishiga olib kelmoqda. Shuningdek, avtomobil yo‘llari tarmog‘iga innovatsion texnologiyalar va materiallarni joriy etish bo‘yicha amaliy choralarning qabul qilinmagani, jumladan, qurilish-ta’mirlash ishlarida qo‘llanilayotgan mahalliy-resurs uslubi qator muammolarni keltirib chiqarib, byudjet mablag‘larining samarasiz sarflanishiga sabab bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, Qo‘mitada davlat-xususiy sheriklik va konsessiya asosida xorijiy sarmoyalarni jalb qilish uchun bo‘linmalar e’tiborga olinmagan. O‘tgan vaqt mobaynida pullik yo‘llar qurish va ishga tushirishni tartibga soluvchi bironta ham hujjat ishlab chiqilmagan, tarmoqda byudjet xarajatlarini optimallashtirishga doir chora-tadbirlar qabul qilinmagan.

O‘tkazilgan tahlil yakuni hamda xorijiy tajribani inobatga olgan holda, Adliya vazirligi yo‘l xo‘jaligi boshqaruvi tizimini takomillashtirish hamda raqobatbardosh yo‘l tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqdi.

O‘zA
2 487