O‘zA O`zbek

11.08.2018 17:52 Chop etish versiyasi

Yo‘l-transport hodisalari nega ko‘paymoqda?

Yo‘l-transport hodisalari nega ko‘paymoqda?

Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari yuzasidan Oliy Majlis palatalari Kengashlarining kengaytirilgan qo‘shma majlisida Qashqadaryo viloyatida jinoyatchilik, yoshlar o‘rtasida qasddan odam o‘ldirish holatlarining ko‘p kuzatilayotgani, ayniqsa, yo‘l-transport hodisalari oqibatida o‘lim holatlarining ortib ketganligi tanqid qilindi. 

Majlisda tilga olingan masalalar bo‘yicha Qashqadaryo viloyatida ahvolni yaxshilash bo‘yicha qanday ishlar olib borilmoqda? O‘zA muxbiri ana shu va mavzuga doir boshqa savollarga javob olish maqsadida Qashqadaryo viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Erkin Qurbonov bilan suhbatlashdi. 

– Olib borilgan profilaktik tadbirlar natijasida joriy yilning 7 oyi davomida viloyat hududidagi avtomobil yo‘llarida sodir etilgan yo‘l transport hodisalarining soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 403 tadan 392 taga (2,7 foizga), ular oqibatida jarohatlanganlar soni esa 408 tadan 367 taga kamayishga erishilgan. Afsuski, YTH oqibatida halok bo‘lganlar soni o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarga tenglashgan, ya’ni 108 nafarga yetgan. 

Bundan tashqari, bolalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarini soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 58 tadan 60 taga, ular sabab jarohatlangan soni 49 nafardan 55 nafarga oshgan. Halok bo‘lganlar soni 13 nafardan 11 nafarga kamaygan. 

Sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari tahlili asosida YPX xodimlarining asosiy e’tibori yo‘l transport hodisalarining kelib chiqishiga sabab bo‘luvchi qo‘pol qoidabuzarliklarni aniqlashga qaratildi. 

Tergov organlari tomonidan 2018 yilning 7 oyi davomida viloyat hududida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 266-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 189 tadan 113 taga yoki 40,2 foizga kamaygan. Lekin JKning 266-moddasi 2-3-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 78 tadan 90 taga yoki 15,4 foizga oshgan. 

Odamlar o‘limi bilan bog‘liq 3 ta og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalari sodir etilib, ular oqibatida 9 nafar fuqaro vafot etgan, 3 nafari jiddiy tan jarohati olgan. 

YTH tahlillariga asosan amaliy va profilaktik ishlarni kuchaytirish maqsadida barcha shahar va tumanlar xalq ta’limi bo‘limlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, korxona, tashkilotlar hamda umumta’lim maktablarida 1 ming 968 marotaba yig‘ilishlar o‘tkazildi. Yo‘l yoqalarida haydovchilarni hushyorlik va sergaklikka chaqiruvchi 738 pannolar o‘rnatildi. Muntazam YPX maskanlari va yo‘nalishlarida haydovchilarni ogohlikka chaqiruvchi bukletlar tarqatildi.

Hozirgi kunda o‘lim bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalari ko‘plab sodir etilayotgan 4R-87 “Yettitom– Qarshi” va 4R-79 “Qarshi – Shahrisabz” astomobil yo‘llarida transport vositalari tezligini butun yo‘nalish bo‘ylab 70 km/soat etib belgilash bo‘yicha viloyat hokimining farmoyishiga asosan jami 20 ta yo‘l belgilari o‘rnatildi.

Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida kelgusida yana qo‘shimcha ishlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Buning uchun sohaga aloqador bir qancha tashkilotlarni hamkorlikka jalb qilganmiz. 

O‘. Barotov, O‘zA
3 462