Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.09.2017 11:41 Chop etish versiyasi

Yo‘l-transport hodisalari 5,1 foizga kamaygan

Yo‘l-transport hodisalari 5,1 foizga kamaygan Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 11-iyuldagi “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

– Ushbu qaror soha xodimlari zimmasiga yanada mas’uliyatli vazifalarni yukladi, – deydi Sirdaryo viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Farhod Shoyzoqov. – Jumladan, yo‘l harakati xavfsizligining respublika, o‘rta va quyi bo‘linmalari faoliyatini tashkil etishning sifat jihatidan yangi tartibi o‘rnatildi. Bunda rahbar va xodimlarning o‘z vazifasini bajarishida shaxsiy javobgarligi yanada kuchaytirildi. Binobarin, yo‘l-transport hodisalari sodir etilishi va tirbandlikning hosil bo‘lishiga zamin yaratuvchi sabab hamda shart-sharoitlarni tizimli ravishda kompleks tahlil qilish va ularni bartaraf etish asosida yo‘l harakati qoidalari buzilishi profilaktikasi tizimini takomillashtirish zarurligi hujjatda o‘z aksini topdi.

Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yo‘l harakati ishtirokchilarining yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini yuksaltirish maqsadida targ‘ibot-tushuntirish ishlarini kuchaytirish, xizmat vaqtida muomala madaniyati va odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, viloyat hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatga molik M-34, M-39, A-373 va A-376 yo‘llaridan bir kecha-kunduzda 35 mingdan 39 mingtagacha transport vositasi harakatlanadi. Bu yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Viloyat hududida harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va turli qoidabuzarliklarni aniqlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyat miqyosida sodir etilayotgan yo‘l-transport hodisalarining 50 foizdan ortig‘i piyodalar bilan bog‘liq holatlardir. Bunday noxush holatlarning oldini olish maqsadida “Harakat xavfsizligi oyligi”, “Diqqat: piyoda” kabi maxsus tadbirlar o‘tkazilmoqda. Viloyatdagi ta’lim muassasalari, korxona-tashkilotlar, avtoxo‘jalik va mahallalarda tashkil etilgan uchrashuvlarda yo‘l harakati qoidalari, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish borasida keng tushuncha berilayotir.

Haftaning har shanbasi “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash kuni” deb e’lon qilinib, yo‘l-transport hodisalari keskin oshib borayotgan hududlarda, aholi gavjum joylarda, bozorlar atrofida qo‘shma reydlar tashkil etilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida viloyat IIB YHX boshqarmasi alohida yo‘l-patrul xizmati safarbar guruhlari, shahar va tuman IIB YHX bo‘linma va guruhlari xodimlari tomonidan 74 ming 965 yo‘l harakati qoidabuzarligi aniqlangan.

Haydovchilarning yo‘l harakati qoidalariga qatiy rioya qilishi, ayniqsa, uzoq masofaga qatnovchi, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi avtomobillar harakatini nazorat qilish bo‘yicha kuchaytirilgan tartibda reydlar tashkil etilmoqda. Haydovchilarga hushyorlikni oshirish, charchoq sezilganda avtomobilni boshqarmaslik bo‘yicha tegishli tavsiyalar berilayotir. Viloyat hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘llarida transport vositalari va piyodalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha 134 turli yo‘l belgisi o‘rnatilib, 243 yo‘l belgisi yangisiga almashtirilgan.

Muxtasar aytganda, soha xodimlari tomonidan olib borilayotgan ishlar natijasida yo‘l-transport hodisalari soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,1 foizga kamaygan.

Abdujalol Qayumov, Furqat Toshmatov (surat), O‘zA
2 568






Все о погоде - Pogoda.uz