O‘zA O`zbek

03.12.2019 Chop etish versiyasi

Yo‘l qoidasi – umr foydasi

Yo‘l qoidasi – umr foydasi

Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Yo‘l qoidasi – umr foydasi” mavzusida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qiziltepa tumani o‘quv sport texnika klubi tomonidan tashkil etilgan tadbirda yo‘l harakati xavfsizligi mutaxassislari, 22-umumta’lim maktabi o‘quvchi-yoshlari ishtirok etdi.

O‘quvchi-yoshlarning yo‘l harakati xavfsizligi borasidagi bilimini oshirish, bu orqali ular ishtirokida yo‘l harakati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish, yo‘llarda xavfsiz harakatlanishni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan targ‘ibot tadbirida yo‘l harakati qoidalari, yo‘l belgilari, qoida va belgilarga amal qilishning ahamiyati haqida so‘z bordi.

Ayni paytda yo‘llarda harakatlanayotgan yo‘lovchilarning asosiy qismini yoshlar tashkil etmoqda. Aksariyat ta’lim muassasalari esa bevosita yo‘l yoqalarida joylashgan. Bu o‘z navbatida ta’lim muassasalarida yo‘lda to‘g‘ri harakatlanish bilan bog‘liq qo‘shimcha tushuntirish-targ‘ibot tadbirlarini olib borishni talab etadi.

Tadbirda ishtirokchilarga chorrahalarda to‘g‘ri harakatlanish jarayoni amaliy jihatdan tushuntirib berildi. Shuningdek, 2019 yildan boshlab qonunchiligimizga yo‘llarda harakatlanish xavfsizligiga oid amalga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan ma’lumot berildi.

– Piyodalar harakatlanish qoidasini buzgan holatda avvallari faqatgina og‘zaki ogohlantirilgan bo‘lsa, 2019 yildan boshlab ularga nisbatan ham jarima qo‘llanila boshladi, – deydi tuman O‘STK o‘qituvchisi E.Oxunov. – Agar qoida buzuvchi o‘quvchi bo‘lsachi? Unday holatda ham o‘quvchi albatta jarimaga tortiladi va jarima ularning ota-onasiga nisbatan qo‘llaniladi.

Qiziltepa tumani O‘STK boshlig‘i o‘rinbosari R.Tosheva o‘quvchilarni yo‘llarda tartibli va qoidalarga amal qilgan holda harakatlanishga chaqirib, “Vatanparvar” tashkiloti tizimida yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berdi.

1 959
Avazbek XUDOYQULOV, O‘zA