O‘zA O`zbek

13.09.2018 18:04 Chop etish versiyasi

Yoʻl koʻrsatkichlar ziyoratga eltadi

Yoʻl koʻrsatkichlar ziyoratga eltadi Surxondaryo viloyatida mavjud tarixiy obida va muqaddas ziyoratgohlarga olib boruvchi yoʻl boʻylariga maxsus yoʻl koʻrsatkichlar oʻrnatilmoqda.

– Mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida eʼtibor tabiati maftunkor, qadimiy obidalarga boy janubiy viloyatga xorijlik va mahalliy sayyohlar qiziqishini oshirmoqda, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi A.Xoʻjaqulov. – Bunday ezgu intilishlarga mos ravishda ularga qulay sharoitlar yaratish uchun tarixiy obidalar va muqaddas ziyoratgohlarga eltadigan yoʻl boʻylariga maxsus koʻrsatkichlar oʻrnatmoqdamiz. Hozirgacha Termiz tumanidagi Qirqqiz, Sulton Saodat, Kokildor ota, Denov tumanidagi Said Otaliq, Alovuddin Attor, Uzun tumanidagi Oq ostona, Boysun tumanidagi Kamari aziz ziyoratgohlari, Teshiktosh gʻori kabi 30 ga yaqin tarixiy obidalarga olib boradigan yoʻl boʻylariga uch tilda yozilgan yoʻl koʻrsatkichlar oʻrnatildi. Yaqin kunlarda yana 20 ga yaqin shunday belgilar oʻrnatishga hozirlik koʻrilmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, viloyat hududida 400 dan ortiq tarixiy, madaniy, meʼmoriy obidalar, noyob arxeologik qazilmalar mavjud. Bu vohada ziyorat turizmini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.

Prezidentimiz joriy yil 19-20 yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida vohaning turizm salohiyatidan yanada samarali foydalanish, yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirish boʻyicha topshiriqlar berdi. Shunga muvofiq, viloyatning turizm salohiyatini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi qabul qilindi. Unda hududning yangilangan, zamonaviy qiyofasini yaratish, transport infratuzilmasini takomillashtirish, xorijdan tashrif buyurayotgan sayyohlarga sifatli xizmat koʻrsatish kabi muhim masalalarga alohida ahamiyat berilgani ziyorat turizmi imkoniyatlaridan yanada unumli foydalanishga xizmat qilmoqda.

– Surxondaryo muqaddas islom dinini targʻib qilgan va uni rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshgan Hakim Termiziy, Iso Termiziy kabi buyuk allomalarni kamolga yetkazgan yurtdir, – deydi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakili A.Sayfuddinov. – Goʻzal, maftunkor qadimiy bu yurtda Alovuddin Attor, Soʻfi Olloyor, Muhammad Zohid kabi koʻplab ulugʻ zotlar ham mangu qoʻnim topgan. Ziyorat turizmini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy eʼtibor samarasida mavjud muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish, yoʻllarni taʼmirlash, belgilar oʻrnatish ishlari yangi bosqichga koʻtarildi.

Viloyatda ziyorat turizmi rivojlantirilayotgani bu yerda yashab oʻtgan ulugʻ zotlarni yod etish, ular haqiga duo qilish va ibratli hayot yoʻllarini chuqur oʻrganishga qulay muhit yaratmoqda. Buyuk ajdodlarimizning oʻtmishda islom dini rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi va diniy taʼlimoti bilan xorijlik sayyohlarni yaqindan tanishtirishga xizmat qilayotir. Jumladan, oʻtgan yili viloyatga xorijdan 9 ming 754 sayyoh kelgan boʻlsa, joriy yilning oʻtgan davrida 17 ming 578 chet ellik mehmon vohaning tarixiy, madaniy, meʼmoriy obidalari, noyob arxeologik qazilmalari bilan tanishdi. Buyuk ajdodlarimiz mangu qoʻnim topgan soʻlim maskanlarni ziyorat qildi.

Keng va ravon yoʻl boʻylariga maxsus yoʻl koʻrsatkichlar oʻrnatilayotgani ham viloyatga kelayotgan sayyohlar oqimini koʻpaytirishga xizmat qiladi.

Xolmoʻmin Mamatrayimov, OʻzA
1 561