Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.08.2018 20:42 Chop etish versiyasi

Yo‘l harakati xavfsizligi – dolzarb masala

Prezidentimiz raisligida joriy yil 27 iyul kuni jinoyatchilikning oldini olish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yo‘l harakati xavfsizligi, yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq muammolarga ham alohida e’tibor qaratildi.

Masalaning mohiyati va ahamiyati haqida O‘zA muxbiriga Namangan viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik B.Do‘smuhamedov quyidagilarni gapirib berdi:

– Prezidentimiz videoselektor yig‘ilishida ta’kidlaganidek, mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomil­lashtirish, yo‘l infratuzilmasi sifatini tubdan yaxshilash, yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsiz harakatlanishi uchun zarur sharoit yaratish masalalari zamondan ancha ortda qolib, muammolar o‘tkirlashib borayotgan edi.

Prezidentimizning 2017 yil 11 iyuldagi “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, 2018-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasi ana shu muammolar yechimi yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Konsepsiyaning asosiy g‘oyalaridan biri bu – yo‘l harakatini ishonchli, xavfsiz tarzda, sifat darajasi yangicha bo‘lgan holda tashkil qilish va sohadagi davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishdir. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda nafaqat soha xodimlari, balki yo‘l harakati har bir ishtirokchisining mas’uliyati belgilab berilgan mazkur hujjat yo‘l qoidalari buzilishi holatlariga jamoatchilik munosabatini shakllantirib, har bir insonni o‘zi va atrofidagilar hayoti uchun mas’uliyatni chuqur his qilishga undaydi. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Konsepsiyaning asosiy yo‘nalishlari hamda “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlar o‘z vaqtida, sifatli va samarali amalga oshirilishi uchun manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlariga shaxsiy javobgarlik yuklatilgan. Demak, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tor doiradagi yoki bir sohagagina tegishli vazifa emas. Shu nuqtai nazardan, Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati huzurida Jamoatchilik kengashi tashkil etilgani e’tiborga molik choralardan bo‘ldi.

Yaqinda viloyat IIB YHXB huzurida tuzilgan Jamoatchilik kengashining dastlabki yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish va ushbu sohada xavfsizlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha jamoatchilik fikrini tizimli asosda o‘rganib borish, “Yo‘l xaritasi” ijrosini monitoring qilish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyati qonunchilik bazasini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan takliflarni tayyorlash va kiritish kabi boshlang‘ich vazifalar belgilab olindi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Konsepsiyada haftaning har juma kuni mamlakatimizda “Yo‘l harakati xavfsizligi kuni” deb belgilangani, “Avtomobilsiz kun” aksiyasining joriy qilinishiga e’tibor qaratilgani masalaga jamoatchilikni jalb etish yo‘lidagi samarali tadbirdir.

Hozirgi kunda yo‘l-transport hodisalarining har uchtadan bittasi piyodalar ishtirokida sodir etilayotganidan kelib chiqib, Konsepsiyada piyodalar qoidabuzarligi masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, piyodalarda yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini oshirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda qoidabuzar piyodalar shaxsini aniqlash mexanizmi va ular tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar to‘g‘risida elektron protokollarni rasmiylashtirish tartibini joriy etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Piyodalar harakatni to‘xtatishi va boshlashi to‘g‘risida ogohlantirishning zamonaviy signal beruvchi tizimlarini joriy etish, piyodalar uchun yangi o‘tish joylari tashkil qilish ko‘zda tutilgan.

Keyingi yillarda umumta’lim maktablarida “Yo‘l harakati qoidalari” darsi mutlaqo o‘tilmay qolgan edi. Endi maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarga yo‘l harakati xavfsizligi asoslarini o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Umumta’lim maktablarida esa o‘quvchilarga yo‘l harakati, yong‘in xavfsizligi, favqulodda vaziyatlarda harakatlanish qoidalarini o‘rgatuvchi dasturlarni o‘z ichiga olgan “Hayot xavfsizligi asoslari” fanidan saboq beriladi. Bolalarga “Yo‘l harakati qoidalari”, jumladan, velosiped haydash ko‘nikmasi va yo‘llardan o‘tish tartibi ilg‘or xorij tajribasi asosida o‘rgatib boriladi. Xususan, Norvegiya tajribasi asosida “Yo‘l harakati qoidalari” o‘rgatilishini tashkil etish uchun maxsus jihozlangan avtoburchaklar yaratiladi. Bundan tashqari, 18 yoshga to‘lgan, ta’lim olgan va imtihonni belgilangan tartibda muvaffaqiyatli topshirgan shaxslarga “A” va “V” toifasidagi haydovchilik guvohnomasini shahodatnomaga qo‘shib ta’lim muassasasida berish yo‘nalishida ham ish olib boriladi. Shu sohaga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalarida umumta’lim maktablaridagi “Yo‘l harakati xavfsizligi” faniga doir o‘quv kurslari tashkil etiladi. Umumta’lim maktablari, litsey va kollejlar o‘quvchilari orasida yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha viktorinalar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Albatta, yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda targ‘ibotning alohida o‘rni bor. Ommaviy axborot vositalarida yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslikning sabab va oqibatlari, jumladan, yo‘l harakati doirasida piyodalarmas’uliyati masalasini ichki ishlar organlari mas’ul xodimlari tomonidan professional va tushunarli yoritish bu borada samarali vositalardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Bundan tashqari, Konsepsiyada O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda 2018 yil 1 dekabrgacha ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida yo‘llardagi bezorilik uchun ma’muriy javobgarlikni joriy etish to‘g‘risida taklif kiritish topshirig‘i berilgan. Qoidabuzarliklarga qarshi kurashishda jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalariga o‘rnatilgan videoregistratorlaridan olinadigan videoyozuvlardan ham samarali foydalanish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda shaxsiy ma’lumotlarning maxfiyligini saqlab qolish imkoniyati ta’minlangan holda ularni rag‘batlantirish mexanizmi ham joriy etiladi. Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarining xizmat faoliyati natijalarini baholash mezonlari ishlab chiqiladi. Avtomobil yo‘llarida transport vositalarini to‘xtatish va maxsus tadbirlar o‘tkazish tartibi takomillashtiriladi hamda buning uchun asoslar ro‘yxati tuziladi. Albatta, bunda jamoatchilik fikriga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ishini tashkil etish Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlarga bo‘lish tamoyili hisobga olingan holda, yo‘l-patrul xizmati kuch va vositalarini oqilona taqsimlash chora-tadbirlari ko‘riladi. Tranzit va davlat ichki transport oqimini amalga oshirish uchun maqbul sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan xalqaro avtomobil yo‘llari infratuzilmasi takomillashtirilib, transport vositalarining xavfsiz harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratishni nazarda tutuvchi respublika va mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llar tizimini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Bunda avtomobil yo‘llari holati, yo‘l-transport hodisalari ko‘p sodir bo‘ladigan “avariya o‘choqlari”ni o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni tezda bartaraf etish choralarini ko‘rib borish nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish ham nazarda tutilmoqda. Jumladan, transport vositasini mast holatda boshqarganlik, DYHXX xodimlarining transport vositasini to‘xtatish bo‘yicha qonuniy talabini bajarmaganlik, yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan joyni tark etganlik kabi qonunbuzarliklar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni kuchaytirish hamda yo‘l-transport hodisasi ishtirokchilari bo‘lgan va DYHXX ruxsatisiz transport vositasini ta’mirlab olgan shaxslar javobgarligini belgilash choralari ko‘riladi.

Xorij tajribasini har tomonlama va atroflicha o‘rganib chiqish hisobiga ball to‘plab borish tizimini joriy etishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi tayyorlanadi. Misol uchun, har yili haydovchiga 12 ball beriladi va bu ballar haydovchi tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar turiga qarab kamayib boradi. Aytaylik, haydovchi 12 ballik qoidabuzarlik sodir etsa, u ma’lum muddatga haydovchilik huquqidan mahrum etiladi. Ball tizimini qo‘llashda jarima ballari yo‘l harakati qoidalari buzilishining og‘irlik darajasiga qarab belgilanadi. Agar haydovchi jarima ballarini ishlatmasa, ya’ni muayyan vaqt ichida yo‘l harakati qoidasini buzmasa, qoidabuzarlik sodir etmasa, bunday haydovchilarni rag‘batlantirish mexanizmi joriy etiladi. Demak, faqat jazo berish yo‘li bilan emas, balki rag‘batlantirish orqali ham yo‘l harakati qoidalariga rioya etishning afzalliklari targ‘ib qilib boriladi.

Bundan tashqari, jahon andozalari asosida svetoforning taqiqlovchi chirog‘i yonib turganda burilishga ruxsat beradigan yo‘l belgilari va ishoralari joriy etish, avtotransport vositasida bolalar uchun maxsus qurilmalardan foydalanish, shuningdek, ularni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish choralari ko‘riladi. Yo‘l belgilari,jumladan, radar borligidan xabardor qiluvchi yo‘l belgilari ham xalqaro andozalarga muvofiq yangilanadi.

Oxirgi uch yilda majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan transport vositalari inventarizatsiya qilinadi va utilizatsiyaga topshiriladigan yoki realizatsiya qilish maqsadida qismlarga bo‘linadigan transport vositalarini hisobdan majburiy tarzda o‘chirish tartibi belgilanadi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat tashqilotlarni keng jalb qilgan holda, transport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi majburiyligi va muhimligini muntazam targ‘ib qilish yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, Konsepsiyada xalqaro tajribani o‘rganish va amaliyotga tatbiq qilish hamda sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish borasida ham keng ko‘lamli chora-tadbirlar nazarda tutilgan.

Akromjon Sattorov yozib oldi, O‘zA
1 919