O‘zA O`zbek

05.06.2018 12:06 Chop etish versiyasi

“Yilning eng faol yosh mutaxassisi” respublika ko‘rik-tanlovining Sirdaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi

Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tanlovda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 35 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli mutaxassislar ishtirok etdi.

Mazkur tanlov yoshlarning har tomonlama yetuk mutaxassis bo‘lib kamol topishiga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash,innovatsion g‘oya, loyiha va texnologiyalarni hayotga tatbiq etish orqali ish bilan bandligini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Tanlovning tuman-shahar bosqichlarida turli tarmoqlardan 2 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Ular orasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 100 nafarga yaqin ishtirokchi ko‘rik-tanlov nizomi asosida tayyorlab kelgan fotoalbomlari, hujjatlari va videoroliklarini viloyat bosqichida namoyish etdi.

– Ushbu tanlovda “Eng faol yosh olim” deb e’tirof etilganimdan juda xursandman, – deydi tanlov g‘oliblaridan biri, Guliston davlat universiteti biologiya kafedrasi doktoranti Bahrom Almamatov. – Ustozim rahbarligida “Kartoshka rivojlanishiga steroid birikmalarning ta’sirini o‘rganish” mavzusida ilmiy izlanish olib bormoqdaman. Bundan ko‘zlangan maqsad chidamli, ertapishar, sifatli kartoshka navini yaratishdir. Bu ilmiy izlanish orqali yurtimiz iqtisodiyotining yuksalishiga hissamni qo‘shsam, o‘zimni baxtiyor his qilaman.

Tadbir yakunida eng faol yosh olim, shifokor, bank xodimi, tarbiyachi, ichki ishlar xodimi, quruvchi, transportchi, ipakchilik sanoati xodimi, fermer nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yosh mutaxassislar ko‘rik-tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
5 404