Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.07.2018 16:54 Chop etish versiyasi

Yillar chorrahasidagi yuksalishlar

Yillar chorrahasidagi yuksalishlar
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 18-iyuldagi “2018-yilda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar va shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylar qurish dasturlarini amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini o‘qib...

Barcha davrlarda boshpanaga ehtiyoj hamisha yuqori bo‘lgan. Kishining hurmat-izzatini goho uning uy-joyi bor-yo‘qligi belgilab bergan. Bugungi kunda bu hol yanada jiddiy tus oldi. Yangi oila quruvchilar orasidagi dastlabki savol-javob ham uy-joy masalasida kechmog‘i tayin. Chunki oilaning o‘zani sanalmish go‘shada millat sha’ni uchun jon tikuvchi asl farzandlar ulg‘ayadi. Xotirjamlik atalmish ulug‘ ne’mat bu manzilda qo‘nim topadi. Istiqlolning og‘ir, sinovli yillarida uy-joy muammosi ko‘zdan panaroqda turdi. Qorin g‘ami bo‘lgan kezlarda bu haqda lom-lim deyishning mavridi emas edi.

Oliy baxt ostonasidagi mushohada

Vaqt o‘tib, taomil keskin o‘zgardi. Kechagina bir-birining pinjiga suqilib yashagan aka-ukaga ota uyi torlik qila boshladi. Natijada aholi o‘rtasida boshpanaga bo‘lgan ehtiyoj tobora orta bordi. Lekin... Bu kimgadir murojaat qilasanu hammasi xamirdan qil sug‘urgandek hal bo‘ladi, degani emas edi. Hali boshqaruv tizimidagi olchoqliklar tafti so‘nmagan damlarda odamlar sarson-sargardon hukumat idoralari eshiklarida sarg‘ayib kunni kech qilishardi. Yechim esa yo‘q, bori ham “muruvvatpeshalar” hamyonining qappayishi bilan hal etilardi. Bunday noxushliklarni ko‘rib turganlarning dardi, alami ichida tang qotdi. Shivir-shivirlar shovqinidan bezor bo‘lgan to‘ralar xalqni istagan ko‘yiga solib ezardi. Ammo...

So‘z qotguvchi mardlar ham tek turardi. Nima qilish mumkin?! Ayni shu yillarda bir emas uch nafar farzandi uchun uy hozirlashga shaylangan otamning ahvolini ko‘rib yuragim achirdi... Chorasizlik ko‘chalarida tentirayotgan padarimga yelkadosh bo‘lgim, g‘amini aritgim kelsa-da, bunga qurbim yetmas – yoshlik qilardim. Tong ketib, xufton qaytayotgan otamning horg‘in, ohista odimlashlari ko‘z o‘ngimdan sira ketmaydi. Otam goho onam damlab kelgan achchiq ko‘k choydan issiq-issiq ho‘plab hovuridan tushayotganday tuyulardi. Lekin o‘tkir qarashlaridagi yengilmaslik, matonat, qat’iy jur’atdan ko‘nglimga taskinlik yugurardi. Xullas, otam olti oy deganda bir kishini uyimizga yetaklab keldi. U esa, he yo‘q, be yo‘q, uchta katta novvosni oldiga solib haydab ketdi. Ko‘p o‘tmay akamlarga uy qurish uchun yer ajratildi. Boyagi novvoslarni olib ketgan amakiga qishlog‘imizda “zemlemer boy", deb murojaat qilishar ekan...

Yillar o‘tib, uy-joy masalasida keng ko‘lamdagi islohotlar davlat rahbari miqyosida hal etilayotganini ko‘rib dilim yorishdi. Endi otamga o‘xshab oylab behuda izg‘ishlar, kimgadir farzandlarining nasibasini qo‘shqo‘llab tutqizishdek bema’ni illatlar barham topdi hisob. Hammasi qonun yo‘li bilan hal etiladi. Yana qarzga ishing bitadi. Ko‘ngildagidek qulayliklarga ega shinam xonadon sohibiga aylanasan. Har bir kishi uchun bundan oliyroq baxt bo‘lmasa kerak...

Yangi uy – yangi olam

19c.jpg

Bir necha yillardan buyon aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida ko‘plab amaliy sa’y-harakatlar qilinmoqda. Ushbu ezgu ishlarning davomi sifatida joriy yil 18 iyulda Prezidentimizning “2018 yilda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar va shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylar qurish dasturlarini amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Kechagi kunga qadar arzon uy-joylar uchun dastlabki badal sotib olinadigan uy-joy qiymatining kamida 25 foizini tashkil etishi lozim edi. Yangi hujjatga muvofiq, arzon uy-joylarning dastlabki badali quyidagicha belgilandi:

Qishloq joylarda:

– 0,02 ga o‘lchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan ikki, uch, to‘rt, besh qavatli ko‘p kvartirali (2 va 3 xonali) va 2, 3 xonali bir qavatli arzon uy-joylar uchun – 10 foiz miqdorida;

– 0,04 ga o‘lchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan ikki qavatli 4 xonali birlashtirilgan arzon uy-joylar va 0,06 ga o‘lchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan 3, 4 va 5 xonali arzon uy-joylar uchun – 25 foiz miqdorida;

Shaharlarda dastlabki badalning tabaqalashtirilgan miqdorini amaliyotga joriy etgan holda o‘rtacha 15 foiz miqdorida.


Mazkur ipoteka kreditlari 2018 yil 1 iyuldan 2020 yil 1 yanvargacha bo‘lgan davrda 20 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr hamda birinchi 5 yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan va keyingi davrda Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida beriladi.

Bir so‘z bilan aytganda...

1409917716_katej.jpg

Bir emas bir necha tanish qadrdonlarim arzon uy-joylarni ipoteka kreditlari asosida sotib olishgan. Ular bundan mamnun. Bu orqali ularning hayotiga shukuh, osoyishtalik ingan. Qalblardagi shukrona hissi turmushning sirli jumboqlari, nozik qirralarini idrok etib, dunyoni turfa ranglarda, manzaralarda ko‘ra boshlashga xizmat qiladi. Yurtga naf keltirish yo‘lidan chalg‘imaslikka undaydi.

– Uyimga ko‘chib kirgandan keyin o‘zimni butkul boshqacha seza boshladim, – deydi Murod Tangriyev. – Erkin yashash kishiga o‘zgacha zavq bag‘ishlar ekan. Ehtiyojmandlarning boshini silab, uyli bo‘lishga davlat himoyasining borligi, bu juda katta ijtimoiy himoya, qo‘llab-quvvatlovdir. Shu bois, yosh oilalarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi har qachongidanda ortmoqda.

image.jpg

Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining mazkur qarorida nazarda tutilgan barcha tadbir mamlakatimizda namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar barpo etishni kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning mantiqiy davomidir. Zotan, bu kabi jiddiy qarorlar taraqqiyot va to‘kinlikka mustahkam asos bo‘ladi.

G‘ayrat Shirinov, O‘zA
1 914