Yiliga ikki marta hosil beradigan uzum ko‘pchilikning orzusi
Gektaridan 100 tonna, yiliga ikki marta hosil beradigan uzum navini hamma ham tomorqasida yetishtirishni istaydi, albatta.
Gektaridan 100 tonna, yiliga ikki marta hosil beradigan uzum navini hamma ham tomorqasida yetishtirishni istaydi, albatta. Yoki har biri bir kilogramm va undan ortiq tosh bosadigan olmalarni daraxtdan uzib olish, miriqib iste’mol qilish kimga yoqmaydi.
Bu ta’riflarni bejiz keltirmadik. Hademay, yurtimizda ana shunday uzumzor va bog‘lar yaratilishi mumkin. Bunga sabab kuni kecha O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashidan bir guruh vakillar Xitoyning Shandun provensiyasida bo‘lib, ekinlar yetishtirishning eng ilg‘or usullari bilan tanishib qaytdi.
– Anjirzorda juda qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldik, – deydi O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi qoshidagi qishloq va biznes uchun maslahat markazi direktor o‘rinbosari Xurshid Boltaev. – Har sotix yerda 50 dona ko‘chat ekilib, 500 kilogramm hosil olinar ekan. Bizni hayratga solgani, ular har tup anjirdan uzog‘i bilan sakkiz oy foydalanar ekan. Har bir ko‘chat yanvardan iyungacha qayta-qayta gullab hosil beraverar ekan. So‘ngra uni shoxlari kesiladi va tupidan o‘sib chiqqan yangi shoxlar 200 kundan keyin yana hosilga kiradi. Agarda buni biz ham amaliyotga tatbiq etsak, mahalliy va xorijiy bozorni bemalol egallay olamiz. Daromad ham ko‘paygan bo‘lardi.
Aslida ham ko‘pchilik Xitoy qishloq xo‘jaligida ulkan yutuqlarga erishgan davlatlardan biri ekanini yaxshi biladi. Yurtimizdan borgan bir guruh qishloq xo‘jaligi xodimlari ana shu ilg‘or tajribalarni o‘rganish va amaliyotga joriy etishda o‘z hissalarini qo‘shmoqchi.
Delegatsiya vakillari Xitoyda quyosh nuri bilan isitiladigan issiqxonalarni qurish, ularni yuritish va samaradorligini o‘rganish bilan bir qatorda ko‘chat yetishtirish borasida ham yangi tajribalar o‘rganishdi.
– Biz borgan ko‘chatchilik xo‘jaliklaridan birida keyingi 20 yilda issiqxonaga mo‘ljallangan pomidor va bodringni 150 xil navi yaratilgan ekan, – deydi X. Boltaev. – Ularda oshqovoqqa payvand qilingan 120 million dona ko‘chat bor ekan. Sababi, oshqovoqning ildizi chidamli va ozuqani yaxshi o‘zlashtiradi. Bu yo‘nalishda o‘zimizda ham bir qator izlanishlar mavjud edi. Ammo, Xitoyda to‘liq ishlab chiqilgan ekan.