Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2017 16:49 Chop etish versiyasi

Qoraqalpog‘istonda yigitlarni harbiy xizmatga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi

Qoraqalpog‘istonda yigitlarni harbiy xizmatga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi Qoraqalpog‘iston Respublikasi mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punktida Prezidentimizning 2016-yil 21-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlarning dastlabki guruhini tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, chaqiriluvchilarning ota-onalari, yoshlar ishtirok etdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari M.Sodiqov, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi faxriylar kengashi raisi, zaxiradagi polkovnik B.G‘oipov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ma’naviyat targ‘ibot markazi raisi Sh.Ayapov, chaqiriluvchining onasi M.Mametova va boshqalar Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida fuqarolarning muddatli harbiy xizmatni o‘tash tizimini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilgan izchil ishlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi. Bu mamlakatimiz Qurolli Kuchlari saflarini jismonan sog‘lom, yuksak intellektual salohiyatli yoshlar bilan to‘ldirish imkonini bermoqda.

Armiya saflariga tanlov asosida saralab olingan yigitlar orasida Amudaryo tumanidan chaqirilgan Shavkat Soliyev ham bor. Sportning boks turi bilan muntazam shug‘ullangan bu yigit Mang‘it qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejini hisobchi mutaxassisligi bo‘yicha bitirib, avtomobillarga xizmat ko‘rsatish ustaxonasida ishladi.

– Mening orzuim oliy ma’lumotli harbiy xizmatchi bo‘lish, – deydi Shavkat. – Harbiy bo‘lishga bolaligimdan qiziqqanim bois, sport bilan muntazam shug‘ullandim. Hisobchi va avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish kasblarini egallaganim, harbiy xizmat chog‘ida qo‘l keladi, deb o‘ylayman.

Harbiy xizmatga yo‘l olayotgan yigitlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. San’atkorlar ijrosida kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Aminboy Ortiqboyev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA
1 798






Все о погоде - Pogoda.uz