Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2017 19:12 Chop etish versiyasi

Sirdaryo viloyatida yigitlar muddatli harbiy xizmatga jo‘nab ketdi

Sirdaryo viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punktida Prezidentimizning 2016-yil 21-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlarni tantanali kuzatish marosimi o‘tkazildi.

Viloyat hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi, mudofaa ishlari, ichki ishlar, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmalari va boshqa tashkilotlar vakillari, muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlarning ota-onalari, harbiylar ishtirok etgan tadbirda Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida shakllantirilgan ixcham, tezkor va harakatchan, tashkiliy jihatdan mukammal, zamonaviy qurol-yarog‘ hamda texnika bilan ta’minlangan milliy armiyamiz mamlakatimiz suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligining ishonchli kafolati ekani ta’kidlandi.

Yoshlarning harbiy sohaga qiziqishi akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida joriy etilgan chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanini o‘qitish jarayonida shakllanadi. Bu fanning sifatli o‘qitilishi yoshlarning harbiy tartib-intizom, qurol-yarog‘dan foydalanish bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmasini boyitishga xizmat qiladi.

Guliston komputer texnologiyalari kasb-hunar kollejini a’lo baholarga bitirgan Hayotjon Haydarov yetti yildan buyon sportning taekvondo turi bilan shug‘ullanadi. O‘zbekiston chempionati kumush medali sovrindori, bir necha bor viloyat chempioni.

– Sport bilan muntazam shug‘ullanganim jismoniy tayyorgarlik sinovlaridan yuqori ball to‘plashimda yordam berdi, – deydi chaqiriluvchi H.Haydarov. – Test sinovlarida ham yaxshi natijaga erishishimda kollejda olgan bilimlarim qo‘l keldi. Bugun Vatan himoyachilari safiga qo‘shilganimdan baxtiyorman.

– O‘g‘lim Avazjonni harbiy libosda ko‘rib, juda g‘ururlandim, – deydi muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan Avaz O‘rolovning onasi, Hakima opa. – O‘g‘lim yurtimizning mard va sara yigitlari safida ekanidan faxrlanaman. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga barcha bo‘lajak askar onalari nomidan, farzandlarimizga yaratib berilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildiraman.

Tadbirda harbiy xizmatga yo‘l olayotgan yigitlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
787






Все о погоде - Pogoda.uz