Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.06.2018 12:35 Chop etish versiyasi

Yigirma uch badiiy filmning o‘n bittasi tarixiy mavzuda

Milliy matbuot markazida “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan 2017-2021 yillarda kino san’atining rolini oshirish borasida belgilangan chora-tadbirlar, amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 3 avgustda ijodkor ziyolilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi millatimizning madaniy-ma’naviy hayotida tub burilish davrini boshlab berdi. Oradan ko‘p o‘tmay qabul qilingan “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori milliy kino san’atining keyingi faoliyatini belgilab beruvchi asosiy hujjat bo‘ldi.

Tadbirda milliy kino sohasidagi islohotlar haqida “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev ma’lumot berdi.

O‘zbek milliy kinosi sifatini tubdan yaxshilash, zamonamiz qahramonlarining badiiy timsolini filmlarda gavdalantirish maqsadida agentlik qoshidagi Badiiy kengash tomonidan 2018 yilga mo‘ljallangan kino loyihalar tanlovi e’lon qilindi. Unda tarixiy mavzudagi loyihalarga asosiy e’tibor qaratiladi.

Badiiy kengash tomonidan tasdiqlangan 23 badiiy filmning 11 tasi tarixiy mavzuda bo‘lib, ularda Imom at-Termiziy, Jaloliddin Manguberdi, Is’hoqxon Ibrat, Amiriy va Nodira, Abdulla Avloniy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Said Ahmad va Saida Zunnunova kabi buyuk ajdodlarimizning ibratli hayoti hikoya qilinadi. Shuningdek, mo‘g‘ul bosqinchilari, Ikkinchi jahon urushi dahshatlariga qarshi kurashgan qahramonlarimiz jasorati talqin etiladi.

Ayni paytda davlat buyurtmasi asosida 2001 yil 11 sentyabrda AQSHda sodir bo‘lgan fojia natijasida yuzaga kelgan tahlikali vaziyatda ekipajni qutqara olgan o‘zbek uchuvchisi, O‘zbekiston Qahramoni Zarxo‘ja Saidazimov, 2000 yildagi Uzun va Sariosiyo voqealari, mo‘ynoqlik nogiron qizning matonati haqida va tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olingan “Baron – 2” kabi filmlarni cypatga olish ishlari boshlab yuborildi.

Davlatimiz rahbarining tavsiya va takliflari asosida buyuk mutafakkir ajdodlarimiz Alisher Navoiy, Bahouddin Naqshband, Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Abul Mu’in Nasafiylarning hayoti va ijodi haqida yaxlit tasavvur beruvchi hujjatli filmlar yaratilmoqda.

“O‘zbekkino” milliy agentligi Xitoy, Yaponiya, Rossiya, Hindiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston kinoijodkorlari bilan hamkorlikda filmlarni suratga olishni rejalashtirgan. Yil oxirigacha hindistonlik kinoijodkorlar bilan “Shodu xurramlik”, qirg‘iz kinoijodkorlari bilan “Sarvqomat dilbarim” badiiy filmlarini hamkorlikda suratga olish jarayonini yakunlash rejalashtirilgan. Shuningdek, Abdurahmon Jomiy, Chingiz Aytmatov, Abay singari buyuk adiblar haqida hujjatli filmlar suratga olish jarayoni boshlangan.

Yosh tomoshabinlarga mo‘ljallangan animatsion filmlar yaratish “O‘zbekkino” milliy agentligining doimiy e’tiborida. Hozirda “Uzviylik”, “G‘ildirakli uy”, “Dovyurak oshpaz”, “Kenja botir-2”, “Matizning sarguzashtlari” kabi kino va mul’tfilmlarni suratga olish ishlari qizg‘in pallada.

Mohigul Qosimova,O‘zA
1 364