O‘zA O`zbek

09.08.2018 17:15 Chop etish versiyasi

“Yig‘ining tarjimasi yo‘q ekan”

“Yig‘ining tarjimasi yo‘q ekan”

Xalqimizda karnay-surnay yaxshilik ramzi sifatida qabul qilingan. U faqat to‘y va tantanalarda chalinadi, yaqin mehmonlar, do‘stlar kelganidan darak beradi.

BEK_5570 (1).JPG

Tojikiston Respublikasidan O‘zA maxsus
muxbiri Sharofiddin To‘laganov xabar qiladi.


Tojikiston Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi 12 nafar o‘zbekistonlik jurnalist uchun Tojikiston bo‘ylab press-tur uyushtirdi.


Safarimiz So‘g‘d viloyatidan boshlandi. Toshkentdan ertalabki 7.00da yo‘lga chiqqan bo‘lsak, atigi bir yarim soatda “Oybek” nazorat punktiga yetib oldik. Tojikistonning “Fatehobod” nazorat punktida bizlarni karnay-surnay sadolari ostida So‘g‘d viloyati raisi (hokimi)ning birinchi o‘rinbosari Rahmatzoda Rustam Mirzo, Mastchoh tumani raisi Azizoda G‘ayrat va boshqa rasmiylar kutib oldi.

20180807_155703.jpg

Sharqda aziz mehmon non va asal bilan qarshi olinadi. Bizga ham non va asal tutishdi. Kutib olish marosimi nihoyasiga yetgach pasportlarimizni ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida, bizlarni kichikroq xonaga taklif qilishdi. Bu yerda biz, mehmonlar odatimizga ko‘ra oqlik – sut va qatiq bilan siylandik. Kichikroq nonushta uyushtirildi. Biz bemalol tamaddi qilishimizga imkoniyat yaratib berish maqsadida duoi fotihadan keyin mezbonlar biror narsani bahona qilishib xonani tark etishdi. 

Yarim soatlardan keyin yo‘lga chiqdik. Chegaradan Xo‘jandga qadar 55 kilometr masofa ekan. Atrofni tomosha qilib ketdik.

Tojikiston qishloqlarining biznikidan farqi yo‘q ekan. Paxta, g‘alla, olma, o‘rik... Hammasi bir xil. Bizni faqat ramziy chegaralargina ajratib turar ekan xolos.

Haydovchimiz shinavanda ekan, mashinaga o‘tirishimiz bilan mashhur o‘zbek hofizining qo‘shiqlarni qo‘ydi. Shunda biz “o‘zbekcha qo‘shiqlarni O‘zbekistonda ham eshitaveramiz, tojikchasini qo‘ying” deya lutf qildik.

Xo‘jandda to‘g‘ri “Matbuot saroyi”ga keldik. Bu yerda bizni viloyatda nashr qilinadigan gazeta va jurnallar bilan tanishtirishdi. So‘ng davra suhbati boshlandi. Shunda amin bo‘ldim, tojik va o‘zbeklarni faqat til farqlab turar ekan. Ammo mana shu farq ham xalqlarimizning birdamligiga to‘siq bo‘la olmas ekan. Davra suhbati ishtirokchilari o‘zlari istagan tilda suhbatlashdi. O‘zbeklar tojikchani, tojiklar o‘zbekchani biror bir tarjimonsiz tingladilar. Tadbirda o‘zbek-tojik do‘stligi, ikki mamlakat hamkorlik aloqalari haqida so‘z bordi. Ikki davlat yetakchilarining xalqlarimiz ravnaqi yo‘lida olib borayotgan sa’y-harakatlariga yuqori baho berildi. Demak, dil yaqin bo‘lsa, do‘stlikka hech narsa, hatto tilimizdagi farq ham raxna sololmas ekan.

Tojik xalqining mard farzandi ikki marta Mehnat qahramoni Saidxo‘ja O‘rinxo‘jayev tomonidan Sankt-Peterburgdagi qasrga o‘xshatib qurilgan “Arbob” saroyiga tashrifimiz ham unutilmas bo‘ldi. Bu saroy tojik xalqi tarixida o‘z o‘rniga ega. Bu yerda 1992 yil yosh respublika parlamentining tarixiy 16-sessiyasi bo‘lib o‘tgan edi.

20180807_185741.jpg

“So‘g‘d” erkin iqtisodiy zonasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishar ekanmiz, O‘zbekiston bilan aloqalarga katta umid ko‘zi bilan qarashlarini ta’kidlab o‘tishdi. Tadbirkorlarning aytishlaricha, EIZda asosan yog‘ochdan eshik-romlar ishlab chiqariladi. Ular o‘zbekistonlik tadbirkorlar plastmassa eshik-romlar tayyorlash bo‘yicha oldinga o‘tib ketganlarini havas bilan aytib berdi. Shu bilan birga hamrohlarimdan biri Tojikistonda maktab va bolalar bog‘chalariga plastmassa eshik-romlar o‘rnatilishi tavsiya qilinmasligini ham eslatib o‘tdi.

Tojikistonda tarixga hurmat bilan qarashlarini So‘g‘d viloyati muzeyiga tashrifimiz davomida yana bir bor guvohi bo‘ldik. Muzeyning butun bir boshli xonasi Iskandar Zulqarnaynga bag‘ishlangan. Uning tug‘ilganidan to vafotigacha bo‘lgan davri devordagi suratlarda aks etgan. Ma’lumki Xo‘jand shahriga Iskandar asos solgani aytiladi.

Muzeydan chiqib Kamol Xo‘jandiy nomidagi dam olish bog‘iga kirdik. Bu yerda viloyat tumanlarining xalq hunarmandlik festivali tashkil etilgan ekan. Ishtirokchilar bilan dildan suhbatlashdik. Ular biz bilan ko‘zda quvonch yoshi bilan suhbatlashdi.

So‘ng bog‘dagi sahnada konsert uyushtirildi. O‘zbek va tojik tillarida qo‘shiqlar yangradi, raqslar ijro etildi. Konsertdan chiqib Kamol Xo‘jandiy ramziy qabrini ziyorat qilib, uy-muzeyini borib ko‘rdik. Tadbirlar tugagach tungi Xo‘jand bilan tanishish maqsadida shahar aylandik. Shunda kutilmagan (balki kutilgan) voqea ro‘y berdi. Viloyat hokimiyati binosi yaqinidan tezlik bilan ketayotgan avtomobil kutilmaganda to‘xtab, undan salobatli bir kishi tushdi-da, biz bilan ko‘risha ketdi. Bu kishi viloyat raisi Rajabboy Ahmadzoda ekan. Samimiy suhbat bo‘ldi, rasmiyatchilik bo‘lmadi. Viloyat raisi ikki mamlakat rahbarlarining xalqlarimiz hamkorligini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi haqida to‘lqinlanib gapirdi.

20180808_102242.jpg

Istaravshan va Shahristonda ham bizlarni iliq kutib olishdi. Hamma tadbirlarda karnay-surnay sadolari, o‘zbek va tojik qo‘shiqlari yangradi. Men yana bir narsani anglab yetdim: yig‘ining tarjimasi yo‘q ekan. Uchrashuv qayerda bo‘lmasin odamlarning ko‘zida quvonch yoshlarini ko‘rdik. Mana shu yig‘ini tarjimasiz tushunib olish mumkin edi.

Meni bir narsa quvontirdi. Xo‘jand va So‘g‘d viloyati ko‘chalarida o‘zbek va tojik xalqlarining do‘stligini ulug‘lovchi shiorlarni ko‘rib ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Ayniqsa, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning suratlari aks etgan bannerlarni ko‘rib, ikki xalq do‘stligiga ko‘z tegmasin dedik.

2 210