O‘zA O`zbek

16.09.2019 Chop etish versiyasi

YEXHTning Varshavada ochilgan kengashida jurnalistlar xavfsizligi masalasiga eʼtibor qaratilgan

YEXHTning Varshavada ochilgan kengashida jurnalistlar xavfsizligi masalasiga eʼtibor qaratilgan

YEXHT(Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti)ning Inson mezonlari boʻyicha kengashida dunyoning 57 davlati qatorida Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda

Varshava shahrida (Polsha) bugun YEXHTning Inson mezonlari sohasidagi majburiyatlarni bajarish tahliliga bagʻishlangan 23-kengashi oʻz ishini boshladi.

Kengash yigʻilishida Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda. Delegatsiya tarkibida Oliy Majlis palatalari, Markaziy saylov komissiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz, Oliy sud va Advokatlar palatasi vakillari bor.

Mazkur kengash Yevropadagi inson huquqlari sohasidagi eng yirik anjuman boʻlib, yiliga bir marta Varshavada oʻtkaziladi. Mazkur muloqot maydonida YEXHTga aʼzo 57 davlatning rasmiy delegatsiyalari, hamkor davlatlar, xalqaro tashkilotlar va ularning ixtisoslashtirilgan muassasalari, shuningdek nodavlat tashkilotlari vakillari ishtirok etadi.

YEXHTga aʼzo davlatlar hukumatlari va nodavlat sektorlari vakillari bagʻrikenglik va kamsitmaslik, qonun ustuvorligi, asosiy erkinliklar, gumanitar va boshqa masalalarni oʻz ichiga olgan insoniylik mezonlari sohasida qabul qilingan majburiyatlarining bajarilishi va bu borada erishilgan yutuqlar haqida hisobot beradi.

– Kengash yigʻilishini Polsha tashqi ishlar vaziri, Slovakiya tashqi ishlar vaziri, YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha Byurosi (DIIHB) direktori, YEXHT Bosh kotibi, YEXHT Parlament Assambleyasi Prezidenti va YEXHT intsitutlarining rahbarlari ochib berdi, - dedi biz bilan telegramm orqali muloqot qilgan Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi aʼzosi Gulnoza Rahimova. - Kengash davomida oʻn sakkizta amaliy sessiyadan tashqari boshqa tadbirlar ham tashkil etiladi. Muhokamalar kun tartibidan “Jurnalistlar xavfsizligi” va “Alamzadalikdan kelib chiqadigan jinoyatlar” kabi mavzular ham joy olgan. Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Inson huquqlari boʻyicha milliy markazi direktori A.Saidov soʻzga chiqdi.

Kengashda Oʻzbekiston delegatsiyasi mamlakatni rivojlantirishning yangi bosqichiga oid amaliy chora-tadbirlar, mamlakatni modernizatsiya qilish, inson huquqlari va erkinliklari, qonun ustuvorligini taʼminlashning eng muhim va dolzarb vazifalarni roʻyobga chiqarish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼruzalarni ham taqdim etadi.

Kengash yigʻilishi 27-sentyabrga qadar davom etadi. Unda koʻrib chiqilgan masalalar mohiyati va xulosalar haqida yana xabar beramiz.

2 022
Norgul Abduraimova, OʻzA