Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.06.2018 11:53 Chop etish versiyasi

Yevropa universitetlari bilan hamkorlikda fan doktorlari tayyorlanadi

Yevropa universitetlari bilan hamkorlikda fan doktorlari tayyorlanadi
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida amalga oshirilayotgan Yevropa Ittifoqining “DSinGIS: Geoinformatika sohasida doktorantura” loyihasi doirasida Geoinformatika bo‘yicha yangi doktorantura (PhD) ixtisosligi ochildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining 2018 yil 26 yanvardagi qarori asosida Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari ro‘yxatiga yangi 11.00.07 – “Geoinformatika” ixtisosligi kiritilgan.

Geoaxborot tizim va texnologiyalari orqali O‘zbekistonning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratilgan mazkur loyiha doirasida 2017-2020 yillarda mamlakatimizda jami 15 nafar falsafa fanlari doktorlari tayyorlanadi. Shu bilan birga, 20 nafar ilmiy rahbar va ilmiy maslahatchilar Yevropaning yetakchi oliy o‘quv yurtlarida malaka oshiradi. Geoaxborot tizim va texnologiyalari (GIS) yo‘nalishi bo‘yicha 18 ta ilmiy ommabop adabiyot yaratish ko‘zda tutilgan.

Bu kabi rejalarni amalga oshirish maqsadida loyiha koordinatori hisoblangan Vengriyaning Obuda universitetida seminar-trening o‘tkazildi.

– Bu seminar-trening O‘zbekistondagi geofazoviy fanlar bo‘yicha barqaror doktorlik dasturini boshqarish uchun yordam beradi, – dedi loyihaning O‘zbekistondagi milliy koordinatori I.Abdurahmonov. – Unda loyihaning dastlabki yarim yilligi davomida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, manzilli rejalar ishlab chiqildi.

Tadbir doirasida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va Obuda universiteti o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
1 391