O‘zA O`zbek

12.10.2019 Chop etish versiyasi

Yevropa kinosi festivali

Yevropa kinosi festivali

Poytaxtimizda VII Yevropa kinosi festivali boshlandi.

Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining “Media-xoll” binosida boshlangan mazkur tadbirga turli vazirlik va idoralar, mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning vakillari, kino ijodkorlar, sanʼat muxlislari taklif etildi.

Mazkur ijodiy loyiha “Oʻzbekkino” Milliy agentligi, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi bilan birga, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining koʻmagida tashkil etilgan.

Mamlakatimizda milliy kino sohasiga eʼtiborni tobora kuchaytirish borasidagi amaliy chora-tadbirlarda xalqaro hamkorlikni tobora kengroq yoʻlga qoʻyish, kino ijodkorlarning xorijlik hamkasblari bilan oʻzaro ijodiy muloqotini kengaytirish boʻyicha koʻplab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu yilgi festival dasturida Toshkent, Nukus, Urganch va Jizzax shaharlaridagi katta ekranlarda Yevropaning yetakchi rejissyorlari tomonidan yaratilgan filmlar namoyish etilishi koʻzda tutilgan. Festival dasturidan oʻrin olgan tadbirlar, namoyish va premyeralar Toshkentda joriy yilning 18-oktyabriga qadar davom etadi.

VII Yevropa kinosi festivali doirasida koʻhna dunyo mamlakatlari rejissyorlarining ekran asarlari Nukus shahrida – 24-26-oktyabr, Urganch shahrida – 1-3-noyabr va Jizzax shahri kinoteatrlarida – 8-10-noyabr kunlari namoyish etiladi.

Festival doirasida Yevropaning Avstriya, Belgiya, Bolgariya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Italiya, Latviya, Niderlandiya, Finlyandiya, Fransiya va Shvetsiya davlatlarining taniqli rejissyorlari tomonidan yaratilgan 10 ta film taqdim etiladi. Jumladan, “Belgiyaliklar qiroli” komediya janrida suratga olingan drama kattalar uchun qiziqarli boʻlsa, “Qishdagi Luiza” animatsion filmi bolalarni befarq qoldirmaydi.

“Stefan Sveyg: Yevropa bilan xayrlashuv” hujjatli filmi, “Imtihon” va “Kichik fermer” dramalari, insoniyat tarixi, ekologik dolzarb masalalarga bagʻishlangan “Homo sapiyens” filmi, “Uzoqdagi kuchuklar hayqirigʻi” hujjatli filmi, kriminal elementlariga ega “Chyambra” dramasi, “Hayotdagi eng baxtli kun” nomli quvnoq ekran asari va “Jannat 89” badiiy kartinasi ham festival dasturidan oʻrin olgan filmlardir. Ular mavzu, janr, yondashuv jihatdan gʻoyat rang-barang, biri boshqasini takrorlamasligi, tomoshabinlarning keng auditoriyasiga moʻljallangani bilan ahamiyatlidir. Shu bilan birga ijodiy tashkilotlarda, sanʼat yoʻnalishidagi oliy taʼlim maskanlarida mazkur kino festival ishtirokchilari bilan uchrashuvlar, mahorat darslari boʻlib oʻtishi koʻzda tutilgan.

Yevropa kinosi festivali mintaqaning madaniy rang-barangligini yorqin jilolarda aks ettirish orqali Yevropa kino sanoati yangiliklarini taqdim etish barobarida Oʻzbekiston tomoshabinlariga soʻnggi yillarda yaratilgan kartinalardan bahramand boʻlish imkonini beradi. Barcha filmlar rus va oʻzbek tillaridagi subtitrlar bilan asliyat tilida namoyish etiladi. Kinoseanslarga kirish esa bepul.

1 243
N.USMONOVA, O.GʻULOMOV (surat), OʻzA