O‘zA O`zbek

21.05.2020 Chop etish versiyasi

“Yevro qurilish dizayn” mahsulotlari

“Yevro qurilish dizayn” mahsulotlari

“Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida yangi ishlab chiqarish loyihalari amaliyotga joriy etilmoqda. Bu qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish, mahsulot ishlab chiqarish hajmi va eksport salohiyatini yuksaltirish imkonini berayotgani bilan ahamiyatli.

“Yevro qurilish dizayn” masʼuliyati cheklangan jamiyati “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan ana shunday istiqbolli korxonalardan. Bu yerda 2 million 700 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya oʻzlashtirilib, xalq xoʻjaligi tarmoqlari uchun kerakli boʻlgan gipsokarton ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan korxonada 90 nafardan ortiq mahalliy yoshlar bandligi taʼminlangan. 

photo_2020-05-21_21-13-01.jpg

Korxona mahsulotlari xalqaro talab va meʼyorlariga asoslangan yuqori sifati, hamyonbopligi bilan nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham oʻz xaridorini topmoqda. Shu kunga qadar 500 ming AQSH dollari miqdoridagi dastlabki mahsulot Qozogʻiston va Tojikistonga eksport qilindi.

Korxonada koʻzda tutilgan ikkinchi loyiha — shu paytga qadar import qilingan, qurilish tarmoqlari uchun kerakli boʻlgan quruq qorishmalar ishlab chiqarish borasida ham ish olib borilmoqda. Taʼkidlanishicha, bino va inshootlarni bezashda qoʻl keladigan bu mahsulotlarga ichki va tashqi bozorda talab yuqori. Istiqbolli loyiha samarasida korxonada yana 30 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

3 261
Muqimjon QODIROV (surat), OʻzA