O‘zA O`zbek

09.08.2018 18:25 Chop etish versiyasi

“Yettibuloq”dagi noxush manzaralar: mutasaddilar nega jim?

“Yettibuloq”dagi noxush manzaralar: mutasaddilar nega jim?
Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanidagi Shohimardon, Vodil, Chimyon, Avval kabi so‘lim qishloqlar haqida eshitgansiz, albatta. Jazirama kunlarda ko‘pchilik ushbu hududlardagi dam olish maskanlari tomon oshiqadi. Afsuski, bugun barcha joyda ham ahvol bir xil emas. Xususan, Avval qishlog‘idagi “Yettibuloq” dam olish maskanidagi noxush holatlarga mutasaddilar befarq munosabatda bo‘lmoqda.

Avval qishlog‘idan oqib o‘tuvchi soy minglab buloqlardan hosil bo‘ladi, hududning tabiati ham o‘zgacha. Soya-salqin joylar nafaqat viloyat aholisi, balki Andijon va Namangan viloyatlaridan keluvchi mehmonlar bilan doimo gavjum. “Xo‘jam podshoh” ziyoratgohi ham shu yerda joylashgan. Dam oluvchilar uchun aholi xonadonlarida ham joylar tashkil etilgan.

Ammo bu yerda ko‘ngilni xira qiladigan ayrim holatlar ham borki, undan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Haftaning shanba kuni bo‘ladigan bozor umuman talabga javob bermaydi. “Qo‘lbola” savdo rastalari, chiqindi uyumlari, qarovsiz maydonlarga hech bir rahbar e’tibor bermaydi. Ayniqsa, bu yerda savdo qilayotgan aholini tartibga keltirishni tuman davlat soliq inspeksiyasi umuman nazoratga olmagan.

Ikkinchi jahon urushida qurbon bo‘lganlar xotirasini abadiylashtirish maqsadida barpo etilgan “Xotira xiyoboni”ning esa chakalakzordan hech farqi yo‘q. Bu maskandan taralayotgan noxush hid ko‘ngilni behuzur qiladi. Eng katta muammo – hududning sanitariya holati talabga javob bermasligida. Choyxonalar atrofi chiqindi uyumlariga to‘la. Maskanning yuqori qismida sihatgoh joylashgan bo‘lib, u yerda uzoq-yaqindan shifo izlab kelgan bemorlar va dam oluvchilar ko‘p. Dasturxondagi po‘choq, uvoq va boshqa oziq-ovqat qoldiqlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri soyga tashlab yuboriladi. Soy va ariqlar bo‘sh baklashka va chiqindi bilan to‘lgan.

Bir paytlar Hamza Hakimzoda Niyoziyning Avval qishlog‘idagi uy-muzeyi g‘oyat obod maskan bo‘lgan, deyishadi. Bugun esa butkul xaroba ahvolga tushib qolgan. Hatto dam olish maskani hududida noqonuniy attraksionlar qurib olinganiga ham hech bir mutasaddi e’tibor qilmaydi.

Afsuski, bu yerda biror mutasaddini uchrata olmadik. “Mozortagi” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Qodirjon Madrahimov bilan telefon orqali suhbatlashdik.

– To‘g‘risi, boshqa yumushlar bilan bo‘lib, obodonlashtirish ishlari e’tiborimizdan chetda qoldi, – deydi u. – 10 nafar ishsiz aholini pul to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qildik. Ertagayoq hamma joyni tozalatamiz.

“Hammayoqni gullatamiz” degan zamonlar o‘tib ketganini, bugun har qanday ishga amaliy yondashish talab etilayotganini bu yerdagi rahbarlar bilmaydi, shekilli?!

Tumandagi “Sadkak ota” ziyoratgohi va dam olish maskani ham shunday noxush manzara kasb etgan.

Aslida Farg‘ona tumani hokimi S.Imomaliyev ham, bu yerga mas’ul bo‘lgan sektor rahbari ham Avval va Sadkak qishloqlaridagi holatni juda yaxshi biladi. Ammo dam oluvchilar uchun sharoit yaratish, bu yerdagi holatni nazoratga olish, “Yettibuloq”ni obod maskanga aylantirishni negadir paysalga solib kelishmoqda. Vaholanki, bu yerdagi holat bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida ko‘plab chiqishlar qilindi. Natija yo‘q, hamon “jim-jitlik“. Balki mutasaddi rahbarlar shu sukutni “javob“, deb o‘ylashar? Mavzuga yana qaytamiz.

3.JPG

4.JPG

7.JPG

9.JPG

10.JPG

13.JPG

14 - ъюяш .JPG

16.JPG

19.JPG

20.JPG

23.JPG

M.Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
2 711