O‘zA O`zbek

08.11.2019 Chop etish versiyasi

YeTTB O‘zbekistonda DXSh asosida transport sohasini rivojlantirishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi

YeTTB O‘zbekistonda DXSh asosida transport sohasini rivojlantirishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi

DXSh agentligida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari bilan O‘zbekistonda jamoat infratuzilmasini rivojlantirishga ko‘maklashish masalasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. YeTTB vakillari infratuzilmani barqaror rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajriba xususida o‘z fikrlarini bayon etdi. Shuningdek, energetika, transport, sog‘liqni saqlash sohalarida mavjud bo‘lgan DXSh loyihalari haqida ma’lumot berdi.

Davlat rahbari 2019 yil 2 oktabrdagi yig‘ilishda O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida yo‘l xo‘jaligi, shu jumladan, transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish va bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qator ustuvor yo‘nalishlarni belgilab bergan edi.

Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan uchrashuvda YeTTB vakillari bilan yurtimizning yo‘l-transport salohiyati tahlil qilindi. Yo‘l xo‘jaligi strategiyasini ishlab chiqish va 2020-2030 yillarda transport sektorining bosh rejasini tuzish bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi. Bundan tashqari, yo‘l-transport infratuzilmasini moliyalashtirishning muqobil usullarini topishga alohida e’tibor qaratildi. Hozirgi vaqtda yo‘l xo‘jaligidagi ayrim to‘siqlar va mavjud kamchiliklar DXSh loyihalarini amalga oshirishda real yechimlarni topishga xalaqit beradi. Sohaga xususiy sektorning aralashuvini cheklaydi.

Uchrashuvda YeTTBning loyihalarni tayyorlash bo‘yicha direktori Metyu Jordan-Tank O‘zbekistonda yo‘l xo‘jaligi va transport sektori infratuzilmasini DXSh mexanizmlaridan foydalanib, barqaror rivojlantirishga ko‘maklashish uchun tayyor ekanligini bildirdi.

Uchrashuvda qayd etilganidek transport sohasining yo‘nalishlaridan biri, yo‘l xo‘jaligini rivojlantirish uchun bugungi kunda katta sarmoya zarur. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mavjud yo‘llardan hozirda yiliga (1 milliard tonna) 98 foiz yuklar, va (6 milliard) 88 foiz yo‘lovchilar tashiladi. Katta mablag‘ evaziga bu yo‘llar ta’mirlanib sifati yaxshilandi. Biroq, 70 ming kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llari katta ta’mirga muhtoj.

Transport sohasiga DXSh mexanizmlari joriy qilinsa, ana shu yo‘llarni ta’mirlash va sifatini yaxshilashni moliyalashtirishga qo‘shimcha sarmoyalar jalb qilish imkoniyati kengayadi.

DXSh mexanizmi shuningdek, sifat va xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshiradi. Avtomagistrallarda esa harakatlanish qulayligi ortib, yo‘lga ketgan vaqt qisqaradi.

322
O‘zA