Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.10.2017 19:53 Chop etish versiyasi

Yetakchi nashriyotlar kitob savdosi borasida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berdi

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligida agentlik tizimidagi korxona va tashkilotlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 1-avgustdagi “2016-2018-yillar uchun iqtisodiyotning real sektorida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va tatbiq etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida agentlik tizimidagi korxona va tashkilotlarda umumiy qiymati 785 million so‘mlik sakkiz loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

“O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida korxona boshqaruvining yagona axborot tizimini ishlab chiqish, “O‘qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyida statistika hisobotini shakllantirish jarayonini avtomatlashtirish, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyining veb-portalini ishlab chiqish, “Cho‘lpon” nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida elektron hujjat aylanish tizimini joriy etish kabi qator tadbirlarni ko‘zda tutuvchi loyihalar bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilmoqda.

Anjumanda yetakchi nashriyotlar tomonidan kitob targ‘iboti, savdosi borasida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ham ma’lumot berildi.

– Internet tarmog‘ida “book.uz” saytimiz ishga tushirilgan, – deydi “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti direktori Erkin Abdurahmonov. – Saytda mamlakatimiz noshirlik va matbaa sohasidagi yangiliklar, chop etilayotgan kitoblar annotatsiyasi berib boriladi. Shuningdek, saytdagi elektron do‘kondan nashriyotimizda chop etilgan kitoblarni xarid qilish imkoniyati bor. Sotib olingan kitob pochta xizmati orqali kitobxonga yetkaziladi. Bizning elektron do‘konimiz imkoniyatlaridan boshqa noshirlik-matbaa korxonalari ham foydalanishi mumkin.

Malohat Husanova, O‘zA
3 118






Все о погоде - Pogoda.uz