Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

26.09.2017 10:54 Chop etish versiyasi

Yetakchi bo‘lish mas’uliyati

Yetakchi bo‘lish mas’uliyati Termiz davlat universitetida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi yetakchilar kengashi a’zolari saylovi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda yosh avlodning intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, iste’dod va salohiyatini keng namoyon etishi uchun zarur sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 18-iyuldagi "O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

– Ta’lim muassasamizda ushbu tadbirga alohida tayyorgarlik ko‘rildi, – deydi Termiz davlat universitetining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori O.Ro‘ziyev. – Maxsus byulleten va saylov qutisi tayyorlandi. Tadbirni talabalarning o‘quv mashg‘ulotlariga ta’sir etmaydigan holda oshkora tashkil etish uchun maxsus jadval ishlab chiqildi. Boshlang‘ich tashkilot yetakchiligiga tashabbuskor, tengqurlarining orzu-istaklarini yaxshi biladigan, muammolarini bartaraf etish salohiyatiga ega uch nafar nomzod tavsiya etildi. Ochiq o‘tkazilgan saylovda yoshlar o‘zlari tanlagan nomzodga ovoz berdi.

Universitetda yosh avlodning puxta bilim olishi, malakali mutaxassislar bo‘lib yetishishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Keng va yorug‘ o‘quv binolari, uch qavatli zamonaviy axborot-resurs markazi, talabalar turar joylari, o‘quv-laboratoriyalar va sport majmualari yoshlar ixtiyorida. Xorijnikidan qolishmaydigan qulayliklarga ega muhtasham o‘quv dargohida 7 ming 900 dan ortiq o‘g‘il-qiz o‘zlari qiziqqan kasb sirlarini chuqur o‘rganmoqda. Talabalardan 2 nafari Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, 7 nafari Alisher Navoiy va Mirzo Ulug‘bek nomidagi davlat stipendiatlaridir. O‘tgan yillarda ko‘plab yoshlar sportning karate, yengil atletika, kamondan o‘q otish, boks, shashka, taekvondo turlari bo‘yicha O‘zbekiston va Osiyo chempioni, degan yuksak sharafga sazovor bo‘ldi.

– Joriy yil 30-iyunda tashkil etilgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi ana shunday intiluvchan, yurtim deb yonib yashaydigan fidoyi yoshlarga amaliy yordam ko‘rsatadigan, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydigan tashkilotdir, – deydi TerDU chet tillar fakulteti talabasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Lutfiya Barotova. – Tengdoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bugun saylangan yetakchi zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Ochiq o‘tkazilgan saylovda yurtimizdagi keng ko‘lamli islohotlar jarayoniga faol munosabat bildirishga qodir, mustahkam fuqarolik pozitsiyasi hamda yoshlarni o‘z ortidan ergashtira olish salohiyatiga ega nomzodni yoqlab ovoz berdik.

Universitetning ijtimoiy-iqtisodiyot fakulteti ijtimoiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi Muzaffar Norqobilov yoshlar yetakchisi etib saylandi.

– Tengdoshlarim ishonchi bilan zamonaviy ta’lim muassasamizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatiga munosib hissa qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan xursandman, – deydi M.Norqobilov. – Bunday sharafli va mas’uliyatli vazifani amalga oshirishga bor kuch, imkoniyat va salohiyatimni sarflayman. Yoshlarga eng yaqin ko‘makchi va maslakdosh bo‘lishga va’da beraman.

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti va Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiallarida ham yetakchi va yetakchilar kengashi a’zolari saylovi yuqori saviyada o‘tkazildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA
917






Все о погоде - Pogoda.uz