O‘zA O`zbek

01.08.2018 18:08 Chop etish versiyasi

Yerlarni sug‘orishda innovatsion yondashuv

Yerlarni sug‘orishda innovatsion yondashuv
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida suvdan oqilona foydalanish, suv tanqisligining oqibatlarini yumshatish, g‘o‘za parvarishida qoloqlikni bartaraf etishga qaratilgan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish masalasi dolzarb bo‘lib turibdi. Prezidentimiz tomonidan joriy yil 29 may va 4 iyul kunlari o‘tkazilgan videselektor yig‘ilishlarida bu borada muhim vazifalar belgilab berilgan edi.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi hamda quyi palataning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “O‘zbekistonda suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalarni joriy etishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzuidagi davra suhbati ayni shu masalaga bag‘ishlandi.

Yurtimizda kafolatlangan paxta hosilini yaratish maqsadida joriy yilning 5 sentyabriga qadar e’lon qilingan “Hosilga hosil qo‘shish dolzarb ikki oyligi” doirasida parlament quyi palatasi deputatlaridan iborat guruhlar mazkur yo‘nalishda parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, joylarda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashgan holda mamlakatimizning barcha viloyatlarida faoliyat olib bormoqda. Ular joylarda tomchilatib sug‘orish tizimi va suvni tejaydigan boshqa sug‘orish texnologiyalarining joriy etilishi masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda.

Joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, joriy yilning 20 iyul holatiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bo‘yicha jami 10,2 ming gektardan ortiq maydonda tomchilatib, 5,6 ming gektardan ortiq maydonda egatga plyonka to‘shab sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan. Yuzaga kelgan suv taqchilligini inobatga olgan holda, qishloq xo‘jaligi ekinlarini ko‘chma egiluvchan sug‘orish quvurlari bilan sug‘orishga alohida e’tibor qaratilib, mavsum davomida 62,8 ming gektar maydonda ko‘chma egiluvchan sug‘orish quvurlar yordamida sug‘orish tashkil etilgan.

Mamlakatimizda tomchilatib sug‘orish tizimi va suvni tejaydigan boshqa sug‘orish texnologiyalarini joriy etishni rag‘batlantirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratilgan. Davlat dasturi doirasida amalga oshiriladigan tomchilatib sug‘orish tizimi va suvni tejaydigan boshqa sug‘orish texnologiyalari uchun butlovchi buyumlar ishlab chiqaruvchi ixtisoslashtirilgan tashkilotlarga deklaratsiya qilingan narxlar bo‘yicha polietilen granula xarid qilish uchun yillik kvotalar ajratilishi belgilangan.

Davra suhbatida qayd etilganidek, amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda, yechimini kutayotgan masalalar ham bor. Ayrim joylarda suvni tejaydigan boshqa va muqobil sug‘orish texnologiyalarini joriy etish masalalariga yetarlicha e’tibor berilmayotgani, natijada suv tanqisligi, suvga bo‘lgan talabning ortib borishi sohaga suvni tejaydigan ilg‘or innovatsion texnologiyalarni joriy etishni yanada kengaytirish choralarini ko‘rishni taqozo etmoqda.

Deputatlar suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etgan fermer xo‘jaliklariga imtiyoz berishning aniq huquqiy mexanizmlarini “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunda mustahkamlab qo‘yish maqsadga muvofiqligini, bundan tashqari, suvni tejovchi texnologiyalar uchun kerakli asbob va uskunalarni zamonaviy va imkon qadar arzon narxlarda ishlab chiqarish dolzarb ekanini ta’kidladilar.

Egiluvchan quvurlarni “Jizzax plastmassa“ zavodida ishlab chiqarish uchun “Sho‘rtan gaz-kimyo” majmuasidan polietilen granulasi olib kelinmoqda. Tayyor bo‘lgan mahsulot esa Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlariga qayta olib borilmoqda. Parlament a’zolarining fikricha, bu ortiqcha transport xarajatlariga, mahsulot tannarxining oshishiga va umumiy ish unumdorligi pasayishiga sabab bo‘lmoqda.

Masalaning yechimi sifatida egiluvchan quvurlarni Qashqadaryo viloyatidagi “Sho‘rtan gaz-kimyo" majmuasi tasarrufidagi “Qarshi termoplast” sexida muqobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqligi aytildi. Natijada Qashqadaryo, Buxoro, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida mavjud talab-ehtiyojlar qondiriladi.

Davra suhbati yakunida bildirilgan fikr-mulohazalar inobatga olingan holda, tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
3 019