O‘zA O`zbek

29.08.2018 13:21 Chop etish versiyasi

Yer yuzinda oʻzga bir olam erur bizning Vatan!

Yer yuzinda oʻzga bir olam erur bizning Vatan!

Mustaqillik bayrami yaqin. Yurtdoshlarimiz yuz-koʻzlarida koʻtarinki kayfiyat. Tillarida bir soʻz – shukronalik. Qalblarida ezgu niyatlar... 

Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!

Ana shunday aziz va muqaddas bayram arafasida Mustaqillik atalmish bebaho neʼmat, unga erishish yoʻlidagi kurashlar, fidoliklarni eslamaslik mumkin emas. Shu bois, oʻzining uzoq yillik ijodiy va ilmiy faoliyati davomida koʻplab kitoblar, maqolalar muallifi boʻlgan, asarlarida XX asr oʻzbek maʼrifatparvarlari hayoti va ijodini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratgan, oʻzining munosib hissasini qoʻshgan adabiyotshunos olim, professor Naim Karimov bilan suhbatda boʻldik.

– Istiqlolning dastlabki yillaridanoq shoʻro zamonidagi ommaviy qatagʻon mavzusida adabiyot bilan bogʻliq jihatlarni yoritish va Oʻzbekistonning yaqin tarixining oʻqilmay qolgan, shuningdek, notoʻgʻri yoritib kelingan sahifalarini qayta tiklash harakatida boʻldingiz. Behbudiy, Choʻlpon, Qodiriy, Usmon Nosir kabi qatagʻon qurbonlarining ijodi haqida keng koʻlamli ishlar qildingiz. Sizning-cha, ularning xotirasini abadiylashtirish, yosh avlodga yetkazish qanchalik muhim ahamiyat kasb etadi?

– Bolalik davrim urush yillariga toʻgʻri kelgani uchunmi tinchlikning bebaho neʼmat ekanini yaxshi his qilaman. Hayotiy kuzatishlarim, ilmiy izlanishlarim natijasida Mustaqillik uchun qanday kurashlar olib borilgani, ne-ne jonlar qurbon boʻlgani, qancha umrlar armonda oʻtgani, koʻplab hayotlar oʻrtanib ketganiga amin boʻldim. Ajdodlarimiz hasrati, dard-u armonlarini his qildim. Bunday fidoyiliklarni unutish, nomlarini abadiylashtirmaslik – oʻzlikni unutish bilan barobar boʻlar edi. Mustaqilligimiz sharofati bilan ana shunday ezgu, savob ishga bosh qoʻshish nasib qildi.

Oʻtgan asrning 37-38 yillarida oʻlkamizda hukmron tuzum tazyiqi bilan koʻplab begunoh insonlar qatagʻon qilindi. Bu katta qirgʻinda ayollar beva, bolalar yetim boʻlib qoldi. Jamiyatning ilgʻor ziyoli qatlami qoralandi. Bugungi kunda oʻsha paytlar qatagʻonga uchragan koʻplab begunoh insonlar xotirasini abadiylashtirishga bagʻishlangan ensiklopediya yaratish ustida ish olib borayapmiz. Uning asosiy mualliflaridan biri sifatida chuqur, keng qamrovli izlanishlar olib borishimga toʻgʻri kelayapti. Ensiklopediyada asosiy eʼtibor 36-37 yillarda qamoqqa olingan insonlar taqdiriga qaratilayapti. Koʻpchiligi davlat va jamoat arboblari, yozuvchi-shoirlar, olimlar va aksariyati haligacha bizga tanish boʻlmagan shaxslardir. Endilikda ularning nomlarini oʻrganish, xotirasini abadiylashtirishni maqsad qilganmiz.

– Qatagʻon qilingan adiblarimiz orasida oʻzbek romanchilik maktabining asoschisi deya eʼtirof etiladigan, oʻzining “Oʻtkan kunlar”i-yu, “Mehrobdan chayon” kabi durdona asarlari bilan oʻzbek adabiyoti tarixida soʻnmas iz qoldirgan, xalqimizning koʻnglidan chuqur joy olgan yozuvchi Abdulla Qodiriy ham bor edi. Adib hayoti va ijodini astoydil oʻrgangan olim sifatida bugun oʻquvchilaringizga qanday yangi maʼlumotlar taqdim eta olasiz?

– Abdulla Qodiriyning butun hayoti va ijodiga oid koʻplab hujjatlar, qoʻlyozmalar va zamondoshlari asarlarini oʻrganishga muvaffaq boʻldim. Mana shularga asoslanib, Abdulla Qodiriy ensiklopediyasi yaratish ustida ish boshlaganmiz. Ensiklopediyada birinchi navbatda, adibning atroflicha hayoti, ijtimoiy-ijodiy faoliyati, faqatgina yirik romanlari emas, balki kichik-kichik hajviy asarlari haqida maʼlumot beriladi. Asarlarining qahramonlari toʻgʻrisida, ularning prototipi bor yoki yoʻqligi kabi mavzularni ham qamrab olayapmiz. “Oʻtkan kunlar” romanida tasvirlangan voqealardan tortib, Kumush va Otabekning qanday kiyim kiygani-yu, oʻsha davrda Fargʻonada tayyorlanadigan taomlar, urf-odatlar kabi koʻplab eʼtiborimizni tortadigan maʼlumotlar jamlanadi.

Bundan tashqari, kitobda Abdulla Qodiriy haqida zamondoshlarining xotiralari ham aks ettiriladi. 1983 yilda Habibulla Qodiriyning “Otam haqida xotiralar” kitobi chop etilganini adabiyot ahli yaxshi biladi. Unda koʻplab adiblarimizning fikr-mulohazalari, xotiralari berilgan boʻlsa-da, Abdulla Qodiriy bilan suhbatda boʻlgan yana bir qancha zamondoshlari xususida maʼlumotlar keltirilmagan. Masalan, ilgari bizda Abror Hidoyatovning Qodiriy bilan uchrashgani, ularning suhbatlariga oid maʼlumotlar boʻlmagan. Yangi tayyorlayotgan ensiklopediyamizda taniqli teatr va kino aktyori, rejissyor Turgʻun Azizov va Abror Hidoyatovning qarindoshi uyidagi yigʻinda Abdulla Qodiriy ham qatnashganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bor. Oʻsha uchrashuvda Abror Hidoyatovning aytgan ashulasidan Abdulla Qodiriy juda taʼsirlangan ekan.

– Jadid adabiyotida zamon qahramoni qanday insonlar boʻlgan?

– Jadid adabiyoti paydo boʻlgunga qadar asarlarda koʻproq xayoliy qahramonlar gavdalantirilgan. Bu ham balki oʻsha davr muhiti bilan bogʻliq xodisadir. Jadidchilik adabiyotiga olib kirilgan zamon qahramoni birorta partiyaning aʼzosi boʻlmagan, biror tashkilotning tor manfaatiga xizmat qiladigan odamlar emas edi. Ular siz-u biz kabi oddiy insonlar boʻlgan. Masalan, Choʻlponning “Doktor Muhammadyor” nomli nasriy asaridagi qahramon Kasbiy dengizi atrofiga borib ozgina yer oladi. Tinimsiz ishlab, Ozarbayjonning Boku shahrida oʻqiydi, keyin Shveysariyaga borib, u yerda ham tabiblik sohasini egallaydi. U chet el adabiyotlarini tarjima qilib, yozuvchilik darajasiga koʻtarilib, mamlakatiga qaytib kelayotgan paytda yerdan neft chiqib boyib ketadi. Buni orqasida prototip bor... Choʻlpon Qoʻqonda Obidjon Mahmudov, degan odam boʻlganini yaxshi bilardi. Obidjon Mahmudov “Sadoyi Fargʻona” gazetasining muharriri, homiysi boʻlgan. Yoshligida akasi bilan arazlashib, Kasbiy dengizi atrofidagi kimsasiz yerlarga ketib qoladi. Oʻsha yerdan neft koni topib boyib ketadi. Choʻlpon bu inson bilan koʻrishgan, uning uyida ham boʻlgan. Keyinchalik Obidjon Mahmudov “Doktor Muhammadyor” asari qahramoniga prototip qilib olinadi. Shuningdek, Hamza va bir qancha ijodkorlar asarlariga oʻqimishli, zamonaviy ilmlardan xabardor qahramonlar obrazini yaratadi. Asarlarda jamiyatda boʻlayotgan oʻzgarishlarni teran anglaydigan, oilasi, farzandlariga yaxshi munosabatda boʻladigan qahramonlar paydo boʻladi. Jadidlar adabiyotga olib kirgan bunday qahramonlar oʻsha davr odami, qahramoni aslida qanday boʻlishi kerakligini anglatar edi. Va ular jamiyat taraqqiyotiga hissa qoʻshadigan ziyoli insonlar aslida oramizda, degan fikrni ifodalar edi.

– Vatanimiz mustaqilligi negizida jadidchilar harakati yotadi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Xalq erkka, ozodlikka intilishining asosiy belgilari nimalarda namoyon boʻlgan edi?

– Turkistonda jadidchilik harakatining paydo boʻlishi bevosita XIX asr oxiri XX asr boshida yuz bergan ichki hamda tashqi xalqaro maydondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat va yuz bergan siyosiy voqealarga bogʻliq jarayondir. Jadidchilik turkiy xalqlar, shu jumladan, oʻzbek xalqi tarixida yangi sahifani ocha boshlagan ijtimoiy harakat boʻlgan. Jadidchilik millat uygʻonishining ijtimoiy namoyon boʻlishi edi.

Turkiston jadidlari oʻlkada qaror topgan mustamlakachilik, zulm, xoʻrlik, jaholat, qoloqlik, ijtimoiy istibdoddan qutilish, erkin rivojlanishga erishish maʼrifat orqali yuz berishini yaxshi anglaganlar. Ular ishni eng avvalo maʼrifatchilikdan boshlab, keng xalq ommasini savodli qilishga, jaholat uyqusidan uygʻotishga intilib, yangi usuldagi jadid maktablari ochdi. Munavvar qori Abdurashidxonov Ismoil Gaspirinskiyning oʻqish va oʻqitish, madrasa va maktab islohotiga oid fikrlarining Turkistondagi otashin targʻibotchilaridan biri edi. U 1901-1904 yillarda qrimlik doʻsti Rasim Kishod yordamida Toshkentda “Usuli savtiya” maktabini ochadi. 1910 yilga kelganda bunday maktablar soni 10 tagacha yetadi. Bu maktablarda tayyorgarligi anchagina jiddiy boʻlgan isteʼdodli yoshlar oʻqituvchilik qilgan. Munavvar Qori esa 1907 yilda Turkiston oʻlkasida birinchilar qatorida “Adibi avval”, “Adibi soniy”, “Yer yuzi” (Jugʻrofiya), “Havoyiji diniya” kitoblarini nashr ettirgan.

Oʻlka aholisini ziyoli qilish harakati – yangi usuldagi maktablar, gazeta va teatrlar ochish jarayoni juda koʻp mablagʻni talab qilar edi. Koʻpchilik boylar oʻz tinchligini oʻylab, bunga bosh qoʻshmadi. Biroq, ularning orasida ziyoli-tashabbuskor boylar ham bor edi. Masalan, Oybek domlaning qaynotasi Sayidnosir Mirjalilov ilmli yoshlarni qoʻllab-quvvatlagan. Germaniyada oʻqiyotgan talabalarga stipendiyalar yuborib koʻmak bergan. Shuningdek, koʻplab kitoblar nashr etilishidagi homiyligi uning ziyoli, olijanob kishi boʻlganidan dalolat.

– Mustamlaka zulmi tufayli taraqqiyotdan orqada qolgan jamiyatni uygʻotish maqsadida yuqorida aytganingizdek, jadidlar gazetalar nashr ettirdi, teatr truppalarini tuzdi, yangi maktablar ochdi. Oʻlkaning ilgʻor saralab olingan yoshlari Yevropaga oʻqishga joʻnatildi. Afsuski, bu 70 dan ortiq talabalar taqdiri fojia bilan yakunlandi. Maʼlumotlarga qaraganda ular orasida xotin-qizlar ham boʻlgan ekan. Sovet hukumati ushbu yigit-qizlardan nima sababdan bunchalik qoʻrqar edi va ulardan qutulish payiga tushadi?

– XX asrning 20 yillari Buxoroda xalq jumhuriyati tashkil etildi. Yangi hayot, yangi orzu-intilishlar paydo boʻldi. Xuddi shu kezlari Turkiston oʻlkasida buyuk bir maʼnaviy harakat boshlandi. Mustamlaka zulmi tufayli taraqqiyotdan orqada qolgan Turkiston xalqi zamonaviy ilm-fan sirlarini oʻrganishga kirishdi. Shu maqsadda xalqimizning eng salohiyatli farzandlari saralanib Yevropaning ilgʻor mamlakatlariga oʻqishga yuborildi. Bu tarixiy ishga atoqli davlat va jamoat arboblari Fayzulla Xoʻjayev, Munavvar qori, Fitrat, Sayidnosir Mirjalilov, Choʻlpon kabi ziyolilar bosh boʻlgan. 

Yurtimizdan borgan yetmishdan ziyod talaba Germaniyaning turli shaharlarida kimyo, toʻqimachilik sanoati, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot, tarix, falsafa, pedagogika, genetika, injenerlik sohalarida bilim oldi. Chunki Turkiston shunday mutaxassislarga nihoyatda muhtoj edi. Bu yigit-qizlarning tarixiy taqdiri, umr yoʻllari, ularning boshidan kechirgan hayot sinovlari bagʻoyat ibratlidir.

“...22 yilning soʻnggi oylarida Germaniyaga kelgach, yaxshi kutib olindik. Har qanday nemis bizni oilasiga qoʻshib olish uchun eshiklarini ochib qoʻydi. Oddiy muallimdan boshlab, doʻxtiri, professori til oʻrganishimiz uchun qoʻlidan kelgan yordamini ayamadi. Germanlar dunyoni sevganlari kabi Turkistonga ham juda qiziqar ekanlar. Koʻzimiz bilan koʻrganimiz uchun bu yerda, ochiq aytishimiz kerakki, ular mamlakatimizni, tariximizni, istiqbolimizni bir turkistonlikdan ortiq biladurlar, taniydurlar. Yurtimiz toʻgʻrisida biz uchun eng muhim boʻlgʻon kitoblar yozib, boshqa tillardan ham tarjima qilgʻonlar. Yana biz uchun unutilmas bir yaxshilik qildilarki, turkchamizni Ovropa tillari qatoriga qoʻshdilar. Oʻrta maktab imtihonlarida fransuzcha yoki inglizcha oʻrnida oʻz ona tilimizda sinab koʻrdilar...”, – deya talabalardan biri Germaniyadagi hayoti haqida fikrlarini qayd etgan.

XX asr 30-yillarining boshida Buxoro va Xorazm jumhuriyatlari allaqachon tugatilgan. Zulm va zoʻrlik, aldov va makkorlikka asoslangan bolshevistik saltanat ozodlik va istiqlol haqidagi orzularni qonga botirdi. Germaniyada oʻqib noyob kasb-hunarlarni egallab kelgan yigit-qizlarning taqdiri ham ayanchli boʻldi. Zero, kommunistik tuzum uchun ziyoli shaxslar kerak emas edi. Yigirmanchi yillarning oʻrtalarida Nemis diyorida oʻqib uylariga qaytgan talabalarning aksariyat qismi qatagʻonga uchradi.

– Germaniyada oʻqishni davom ettirayotgan ikkinchi guruhning taqdiri-chi?

– Ular bu mudhish fojialardan xabar topib, tahlikaga tushdi. Buxoro hukumati yuborib turgan stipendiyalar, hukumat jamiyati tomonidan berilayotgan moddiy yordamlar butunlay toʻxtab qoldi. Muhtojlik, tushkunlik, musofirlik azoblari, Vatan sogʻinchi ularni qiynar edi. Berlindagi sovet elchixonasi orqali ularni sobiq ittifoqqa qaytarish uchun tazyiq boshlandi. Turkistonlik talabalar shunday ogʻir sharoitda ham tahsilni toʻxtatmay qiyinchilik va mashaqqatlarni yengib, oʻqishni tugatadi. Biroq ular endi ikki oʻt orasida qoladi. Vatanda ularni ham ayanchli qismat kutib turgani muqarrar edi. Shuning uchun ular yot ellarda musofir boʻlib qolib ketishga majbur boʻldi. Iztiroblar, ikkilanishlar vijdon azobi ostida ona yurtni qoʻyib, chet ellarga, jumladan, til va din jihatdan Vatanga yaqin boʻlgan Turkiyaga bosh olib ketishga majbur boʻladi.

XX asr boshlarida yuragi sof orzu-umidlar bilan toʻlib, olis Germaniyaga ilm va baxt izlab ketgan, Vataniga qaytgach baxtsizlikka duchor boʻlgan yigit-qizlarimiz orasida Maryam Sultonmurodova ismli qiz ham bor edi. Maryam Germaniyadan qaytgach ”Guliston” jurnalida ishlay boshlaydi. Tuhmat-boʻhtonlarga yoʻliqadi. Nohaq qamalib, oʻn yil oʻtgandan keyin oʻzining Xorazmdagi olis qishlogʻiga qaytib boradi. U yerda hatto hamshiralikka ham zoʻrgʻa joylashdi. Oʻsha yerda xor-zor boʻlib oʻlib ketadi.

Talabalarning maʼlum bir qismi Germaniyada qoladi. Ayrimlari Turkiya va boshqa mamlakatlarga oʻtib ketadi. Oʻsha mamlakatlarda mashhur olimlar boʻlib yetishadi. Masalan,

Tohir Chigʻatoy Turkiyadagi taniqli olimlardan biri boʻlgan. Mustamlakachi zolimlar esa bir kun kelib oʻz insoniy haq-huquqlarini talab qilishi muqarar boʻlgan bu yosh ziyolilardan shunchalik qoʻrqar ediki, ularni quvgʻin va qirgʻinlarga griftor etdi. Turkiya, Germaniya va boshqa chet ellarda qolib ketgan talabalar garchi ilmiy faoliyat va shaxsiy turmushda toʻkis, farovon hayot kechirgan boʻlsa-da, umr boʻyi Vatan sogʻinchi bilan oʻrtanib yashadi. Chunki ular dunyodagi tengsiz boylikdan judo boʻlgan edi.

Turkistonlik talabalarning aksariyatining taqdiri afsuski, haligacha bizga maʼlum emas. Ularning har birining nomlarini tiklash, tarixga muhrlash chin insoniy burchimizdir. Umid qilamanki, bunday ezgu ishlarga yosh olimlarimiz, ilmiy izlanish olib borayotgan yoshlar oʻz hissasini qoʻshadi. Zero, mustaqil yurtimizda buning uchun barcha sharoit yetarli. Imkoniyatlar eshigi ochiq.

M.Qosimova, A.Musayev, OʻzA
1 650