O‘zA O`zbek

01.05.2018 17:21 Chop etish versiyasi

Yengilmas irodaning munosib rag‘bati

Prezidentimizning 2018-yil 16-apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni bugungi tinch-osoyishta kunlar uchun qahramonlik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlashda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov Nurota tumanida yashovchi bir guruh faxriylarning uylarida bo‘lib, ularga Prezident sovg‘asi – 5 million so‘mlik pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alarni tantanali ravishda topshirdi. Jumladan, Nurota tumanidagi “Eshoni Sudur”, “Istiqbol”, “Dehibaland”, “Shayxon” va G‘afur G‘ulom nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi faxriylar bilan uchrashdi.

Tuman hokimligi, “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan uchrashuvlarda orkestr urush yillari ruhiga mos kuy-qo‘shiqlar ijro etdi. Yoshlar faxriylarga alvon gullar taqdim qildi.

– Shunday kunlarga yetkazgani uchun parvardigorimga behisob shukr, – deydi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi J.Kalonov. – Prezidentimizning biz, faxriylarga ko‘rsatayotgan e’tiboridan mamnunmiz. Har tong qo‘limizni duoga ochib, xalqimizga tinchlik, omonlik tilaymiz. Ilohim, yurtimizdan qut-baraka, farovonlik arimasin. Yoshlarimizning kelajagi yanada porloq bo‘lsin.

Bugungi kunda viloyatda 51 nafar Ikkinchi jahon urushi faxriysi istiqomat qilmoqda. Ularning har biriga Prezident sovg‘asi uyma-uy yurib tarqatilmoqda.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
3 954