O‘zA O`zbek

12.01.2019 Chop etish versiyasi

Yelkada vatan yuki, yurakda hayot ishqi

Oʻtgan yili Navroʻz bayrami arafasi. Andijondagi harbiy qismlarning birida uchrashuvda edik. Dilkash suhbatlaru sheʼrxonlik, kuy-qoʻshiqlaru oʻyin-kulgu avjida boʻldi. Gap hozir bu haqda emas...

Uchrashuv tugab, harbiy xizmatchilar oʻz boʻlinmalari bilan qayta saf tortayotgan paytda bir yigit sherigiga: “Mangu, boʻlaqol, ketdik!” dedi. Hayron boʻldim. Haligi yigitni yonimga chorlab, “Uka, doʻstingizning ismi Mangumi?” deya soʻradim hayratimni yashirmay. Hozirgina yakunlangan zavqli uchrashuv kayfiyatida yuz-koʻzida tabassum oʻynab turgan harbiy xizmatchi samimiy tushuntirdi.

– Yoʻq, aka, oʻrtogʻimning asli ismi Jaloliddin. Biz – doʻstlari, safdoshlari uni Manguberdi, Mangu deb chaqiramiz, hatto komandirlarimiz ham shunga oʻrgangan.

Oʻshanda mana shu lahzalik suhbat atrofni gulu chechakka, yashilligu yangilikka burkab yuborgan bahordan-da koʻproq zavqu shavq bergandi koʻnglimga. Sababi – biz yillar davomida darsliklaru kitoblar, vatanparvarlik qoʻshiqlariyu maʼruzalar orqali yosh avlod ong-shuuriga singdirishni xohlagan niyatimiz mana endi ularning hayotiga aylanib ketibdi. Hech kim aytmasa ham bir-birini sharaf-shon bobolarimiz nomi bilan chaqirishayapti, bugun bir yigit Jaloliddin ismli doʻstini faxr bilan Mangu deb atasa, ertaga Temur ismli yigitlar Sohibqiron deya chorlanadi, Bobur ukalarimiz shohu shoir nisbati bilan ardoqlanadi. Mana shuning oʻzi biz orzu qilgan kelajak, biz orzu qilgan yangi avlod emasmi? Oʻz navbatida ulugʻ bobolar nomini yelkasida koʻtarib yurgan bu yigitlar shu qutlugʻ ismlarga munosib ishlar qilishi, Vatan va xalq uchun oʻzini daxldor sezishi biz kutgan tarbiya emasmi?

***

Poytaxtdagi nufuzli harbiy qismga “Maʼnaviyat darsi” oʻtishga chaqirishdi. Zobitlaru serjantlar, askarlar bilan toʻla zal har qanday odamni sir bostiradi. Har bir soʻzingni chertib, taroziga solib aytasan. Birinchidan, ularning vaqti ziq – xayoli harbiy mashgʻulotlaru taktik darslar bilan hamisha band. Ikkinchidan, sen bilagʻonlik qilib aytayotgan gaplar ularga allaqachon tanish boʻlishi mumkin. Chunki bugun harbiy qismlarimiz kutubxonalari, maʼrifatxonalari siyosiy, huquqiy, badiiy adabiyotlar bilan toʻla. Harbiylarning maʼnaviy olami, bilim va dunyoqarashlarini yanada boyitish uchun davlatimiz tomonidan barcha zarur shart-sharoitlar muhayyo qilib qoʻyilgan. Ana shunday ham iligi, ham biligi toʻq avlodga munosib soʻz topib aytishing lozim.

Maʼruzalaru savol-javoblar tugagach, harbiy qismning maʼnaviyat ishlari boʻyicha masʼul rahbari oʻtirganlar orasidan bir yigitni minbarga chorladi. Boʻyi ikki metrdan baland, qaddi kelishgan bu yigit zalvorli qadam bilan chiqib keldi (keyinchalik bilsam, xorij davlatlari Prezidentlarining yurtimizga rasmiy tashrifi chogʻida Faxriy qorovul safida bayrogʻimizni adl tutib turadigan yigit shu ekan). Yoʻgʻon, ammo shirali ovozda goh Abdulla Oripovdan, goh Erkin Vohidovdan olib sheʼr ayta ketdi. Ora-orada sheʼrni sheʼrga ulayotib, Saʼdiydanmi, Navoiydanmi bir hikmat qoʻshib qoʻyadi. Zaldagilar, biz ham kamoli ehtirom bilan unga mahliyo boʻlib qoldik. Goh joʻshqin, goh hazin tovushda misradan-misraga oʻtarkan, hozir tugatajak sheʼridan keyin navbatdagisi ham quyilib kelib turgani seziladi. U esa qarsaklaru olqishlarga eʼtibor bermay, zoʻr ishtiyoq bilan davom etardi.

Bir mahal sheʼrlar oqimini toʻxtatib, Oʻtkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklari”dan yodaki ketdi. Yana hamma lol, hamma hayratda. Xullas, yarim soatcha barchaning kayfiyatini chogʻ qilib, oʻtirganlarni adabiyot atalmish sehrli dunyoga oshno qilib qoʻydi. Minbardan tushar ekan, iymanib-tortinib “Xato-kamchiliklariga uzr!” deb koʻksiga samimiy qoʻl bosdi.

Shu voqeadan keyin bir narsaga toʻla iqror boʻldim: mamlakatimizda maʼnaviyat borasida olib borilgan uzoq yillik harakatlar, mehnatu zahmatlar zoye ketmabdi, bir paytlar umid bilan ekilgan nihollar meva bera boshlabdi. Yangi avlodning qalbi maʼnaviyat, adabiyot, ota-bobolar hurmati, millat va yurt qaygʻusi bilan toʻlib-toshibdi. Oʻzingiz oʻylang, “Oʻzbegim” yoki “Oʻzbekiston – Vatanim manim” deb baralla sheʼr aytib turgan yigitlar – harbiylar bu muqaddas tuproqni, onajon Vatanni begonaga xor qildirib qoʻyadimi? Bu sheʼrlarning magʻzini yurak toshi bilan chaqib topgan mardu maydonlar bu soʻzlarga xiyonat qiladimi? Egniga harbiy libosi yarashib turgan askarlar koʻngliga bu kabi maʼnaviyat liboslari ham koʻrk berganini koʻrib koʻnglim toʻldi. Yelkasidagi yulduzlarga ham, yuragidagi yulduzlarga ham bir xil sadoqat bilan xizmat qilayotgan zobitlarga boqib yurt himoyasi har tomonlama ishonchli qoʻllarda ekaniga yana bir karra imon keltirdim.

***

Oʻtgan yili yozda ishxonamga xat keldi – Surxondaryodan, oddiy askar Omonovdan. Qaysidir uchrashuvda koʻrishganmiz, suhbatlashganmiz. Sheʼrlar mashq qilib turishini aytgandi oʻshanda. Lekin maktubda mashqlaridan yubormabdi. Qoʻlda, tishday tekis, chiroyli harflarda yozilgan nomada odatiy hol-ahvol soʻrashdan keyin oʻzining xizmati, doʻstlari haqida yozib, kelasi bahorda xizmatdan qaytgach qaysi oʻquv yurtiga hujjat topshirishi borasida maslahat solibdi. Qoʻlimdan kelgancha javob yozdim-u, ammo uning xatidagi bir jumla alohida eʼtiborimni tortdi.

“Aka, qoʻlda xat yozish faqat askarlarda qoldi-a oʻziyam”, debdi.

Yuz foiz qoʻshildim bu fikrga. Kompyuteru telefonlar, “sms” va “chat”lar hayotimizdan “jonli” xatni deyarli chiqarib tashladi. Tabriknomalaru taʼrifnomalar, hatto muhabbat izhorlari ham allaqachon texnik koʻrinishda ifoda etilmoqda. Xat yozmoqning zavqi, izhori dilning hayajonlari qolmadi hisob. Rostdan ham baʼzan-baʼzan askar ukalarimizdan olib turadigan maktublarni aytmasa, aksar texnik qurilmada terilgan yozuvlarni oʻqiymiz. Ularda esa na koʻngil harorati, na qoʻl harorati boʻladi.

Avvaliga erinchoqligim tutib kompyuterda javob yozmoqchi boʻldim. Ammo keyin ikki varaq qogʻoz oldim-da, qoʻlda, hafsala bilan xat yozdim. Maktub soʻngida shunday dedim: “Rahmat, uka! Siz bahona men ham qoʻlda yozishga qaytdim. Oʻsha zavqni eslatganingiz uchun tashakkur! Omon boʻling.”

Bugun yil aylanib yana Vatan himoyachilari kuni arafasidamiz. Yuqoridagi bitiklardan muddao ularni faqat bayram kunlari emas, odatiy xizmat kunlari haqida ham baholi imkon yozish edi. Chunki ularning har kuni sinov, har kuni hushyorlik darsi. Bizning esa, harbiylarimiz bor ekan, ular qoʻriqlayotgan muqaddas qoʻrgʻon tinch ekan, har kunimiz bayram.

Nosirjon Joʻrayev,

shoir,

“Shuhrat” medali sohibi.



4 500
OʻzA