O‘zA O`zbek

21.08.2018 06:00 Chop etish versiyasi

Yaxshi niyat, ezgu amallar bayrami

Yaxshi niyat, ezgu amallar bayrami Mamlakatimizda muborak Qurbon hayiti keng nishonlanmoqda.

Bu muborak kunlarda hamjihatlik, do‘stlik va mehr-oqibat rishtalari mustahkamlanadi, Alloh marhamati yog‘ilib, ezgu niyatlar amalga oshadi. Mustaqilligimizning 27 yillik tantanasi arafasida nishonlanayotgan Qurbon hayiti bayramini hamyurtlarimiz shukronalik bilan kutib olmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq ulug‘ ayyomga mamlakatimiz miqyosida qizg‘in tayyorgarlik ko‘rildi. Bugun bu bayram Mustaqillik tantanalari bilan hamohang o‘tmoqda.

Bag‘rikenglik, mehmondo‘stlik, kechirimlilik va saxiylik xalqimizga xos xislat. Bu insoniy fazilatlar ayniqsa Qurbon hayiti kunlari yanada yorqin namoyon bo‘ladi. Shu kunlarda xalqimiz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli xalqchil islohotlarga hamohang tarzda bunyodkorlik kayfiyati bilan yashamoqda. Obodlik va farovonlik yo‘lida hamjihatdir.

21 avgust, seshanba tongi o‘zgacha fayzli. Minglab yurtdoshlarimiz Qurbon hayiti bayramini munosib nishonlashga shoshilmoqda. Shu kuni mamlakatimizdagi 2000 ga yaqin jome’ masjidlarida Qurbon hayiti namozi o‘qildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ularda 15 milliondan ortiq yurtdoshlarimiz saodatli kun ibodatini ado etdi.

Poytaxtimizdagi Hazrati Imom jome’ masjidi ham erta tongdan yurtdoshlarimiz bilan gavjum bo‘ldi.

Qurbon hayiti namozi ma’ruzasida Prezidentimiz rahnamoligida amaga oshirilayotgan islohotlar, ezgu amallar mazmun-mohiyati, bugungi tinch va oobod kunlarimiz qadri haqida so‘z bordi.

Qurbon hayiti ma’ruzasida insonlarga mehr ko‘rsatish, ularning o‘y-tashvishlarini o‘rganib, yaxshilik qilish g‘oyat savobli tadbirligi, shu ma’noda xalqimiz saodatli turmushi yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar, ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashi yo‘lidagi sa’y-harakatlar g‘oyat qadrli ekani aytildi.

– Mamlakatimizda yangi islohotlar davri jadal kechmoqda. Bu jarayonda har birimiz faol va fidoyi bo‘lgimiz keladi, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi bosh mutaxassisi Muhammad Ayub Homidov. – Istiqlol va tinchlik – eng oliy ne’mat. Uning qadriga yetish, hayotimiz yanada farovon bo‘lishi uchun harakat qilish burchimizdir. Yurtimizdan borgan 7 mingdan ortiq Hojilarimiz muborak Haj amallarini bajarib, Alloh taolodan Vatanimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab, shuningdek, yurtimizda amalga oshirilayotgan ezgu amallarga rivoj, boshlagan ishlarimiz davomli bo‘lishini tilab duolar qilmoqdalar. Baxt va baraka – hamjihatlik, ahillikda. Hozir qalbimizdan kechayotgan barcha samimiy niyatimiz ijobat bo‘lsin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 19 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida islom dinining asl insonparvarlik mohiyati haqida to‘xtalib, jumladan, shunday degan edi: “Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi”.

Islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalar yashagan O‘zbekiston zaminida bugun ham bu an’ana davom etmoqda. Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazi qurilmoqda, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Termiz shahrida Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi faoliyati tashkil etildi. Bularning barchasi farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosiga hurmat, sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Qurbon hayiti namozidan so‘ng hamyurtlarimiz yaqinlari holidan xabar olish, bir-birini qutlash uchun yo‘l oldi. Qurbonlik qilinayotgan xonadonlarga borildi. Barchaning qalbida bir tilak: Shu aziz Vatanimizga ko‘z tegmasin. Hurligimiz va tinchligimiz, hamjihatligimiz mangu bo‘lsin. Ezgu maqsad bilan davom etayotgan buyuk ishlarimizning barakasini bersin. Barchamiz sog‘-omon bo‘laylik.

G‘ayrat Shirinov, Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
2 541