O‘zA O`zbek

30.08.2018 18:15 Chop etish versiyasi

Yashirin video, qizlar, “samosud”, fahsh...

yoxud TЕLЕGRAMNING “QAYNOQ” KANALLARI QACHON TARTIBGA SOLINADI

Telegram-Groups-18.jpg

BIRINCHI MAQOLA

“Dahshat oʻzbek qizlari bilan tanishishni istaysizmi? Unda bizni kanalga qoʻshiling”, “Bu qizlar kechasi bilan nima ishlar qildi. Bizni kanalda batafsil”, “... sanʼatkorning yalangʻoch videosi tarqaldi”...

Bugungi kunda telegram tarmogʻidagi yuzlab kanallar shu kabi “axborotlar” bilan toʻlib toshgan. Ularning fahsh, “tungi xizmatlar”, behayo suratlar asosiy mavzusiga aylangan.

INTЕRNЕTDA VIDЕOSI TARQALGAN “SAMOSUD” VA RAQSLAR

8a2764ab-8062-4467-afb6-1b9f402051f6.jpg

Shekspir hayotni teatr va odamlarni sahnadagi aktyorlarga qiyoslagandi. Bugun yozuvchining bu gapi haqiqatga aylangan. Hozirda har qanday odam internet tarmoqlardagi sharmandali videolarning aktyorlariga aylanib qolishdan himoyalanmagan. Buning uchun toʻyga borib raqs tushishning yoxud qarshi jinsda hamkasbi bilan koʻrishining oʻzi kifoya. Koʻcha-koʻyda, yigʻinda nojoʻya ish qilgan odamlar yoki oddiygina toʻyda “ilhomlanib” raqsga tushgan ayollar ham ertasigayoq internet kanallarida paydo boʻlmoqda. Tarmoqlarda odamlarning kaltaklangan va xoʻrlangan videosini tarqatib, ularning ustidan mazax qilayotganlar qancha. Internetga video joylab, oʻzgalar diqqatini tortish uchun ham “bemaza” videolarni uyushtirish ommalashmoqda.

Ajablanarlisi, bu kabi videolarning tarqatuvchilari jazolanayotgani yoʻq. Aksincha, koʻpchilik kirgani evaziga manfaatdorligi oshib borayotir.

“CHIMILDIQDAGI YASHIRIN KAMЕRA”

66efd22f-e327-43c6-bb9d-dcc49bdd26e0.jpg

Kanallarda oʻta shaxsiy va uyatli, sharmandali videolarga qiziqish ham kuchli boʻlgani sababli, odamlarni atay shunday ahvolga solib, videosini tarqatish bilan tahdid qilayotganlar ham yoʻq emas. Misol tariqasida Namanganda boʻlgan voqeani eslash mumkin. Ismini oshkor etishni xohlamagan kollej talaba qizining aytishicha, uning yangi kelinchaklik vaqtida milliy libosda tushgan suratlari “Latifa”, “Payshanba”, “Porno” kabi kanallarda “Chimildiqqa oʻrnatilgan yashirin kamera videolarini tomosha qiling” sarlavhasi ostida tarqatilganini aytadi. Uning aytishicha suratda keltirilgan maxsus link ortida hech qanday videoning oʻzi boʻlmagan. Biroq, foto ostida shunday soʻzlarning turishi oilasining barbod boʻlishi uchun yetarli boʻlgan.

Koʻpincha, instagram va feysbuk tarmoqlarida suratlarini joylashtirgan qizlar bu kabi kanallarning “qurbon”iga aylanib qolmoqda. Mazkur kanallar xushsurat qizlarning suratini ijtimoiy tarmoqlardan yuklab olgan holatda, ularning ostiga “Bu qiz yigiti bilan nimalar qilganini koʻring” kabi soʻzlarni tirkab tarqatmoqdalar. Bundan tashqari yana shunday kanallar borki, davlat ahamiyatiga molik nomlar ostida faoliyat yuritadi, ammo ular tarqatayotgan maʼlumotlarni koʻrib yoqa ushlaysiz... (rasm qoʻyiladi)

Norasmiy, ammo rasmiy nomlar ostida faoliyat yuritayotgan bu kanallarni kuzatsangiz hech bir kurakda turmaydigan axborotlar oqimiga kirib qolasiz. Foydalanuvchilarni koʻpaytirish maqsadida Oʻzbekiston OAVlaridan toʻplangan maʼlumotlar bilan birga mutlaqo insoniylik darajasidan yiroq boʻlgan, behayolik, fahshga chorlovchi xabar va suratlar ham tarqatadi.

Inson bolasi manfaat ortidan nimalarga qodir ekaniga lol qolasan. Ana shunday nomlardan foydalanib, qanday razilliklarga qoʻl urayotgani esa rosti kishini oʻyga toldiradi.

Shuningdek, bu kanalda ozdiruvchi dorilar va “viagra” vositalarining reklama qilinishiga nima deysiz?

Снимок101010.PNG

Eng achinarlisi esa bunday kanallarga davlat roʻyxatidan oʻtgan baʼzi internet manbalar ham “yordam qoʻlini choʻzib”, “samosud” yoki kaltaklanishlarni shov-shuvli sarlavhalar bilan tarqatmoqda. Kimningdir kaltaklanishi yoki boshqa bir abgor holatiga tushgan videolari aynan shunday bemaza kanallardan internet saytlariga sizib chiqmoqda. Xalq ichida katta obroʻ qozongan internet saytlari yashirin videolarni tezroq va avvalroq tarqatishda “oʻzaro quvlashmachoq” oʻynashmoqda. “Ommaviy axborot vositalari orqali kimnidir obroʻsizlantirish, uni xalq orasida sharmanda qilish qonunan taqiqlanadi. Aslida har kim u jinoyatchi boʻladimi yoki oddiy fuqaromi daxlsizlik huquqiga egadir”, deydi Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev.

NOQONUNIY KANALLARNING QONUNIY MIJOZLARI

8e28c02d-66b4-472e-aeda-6e48a40b56c2.jpg

Qonun-qoidalarsiz ish yurituvchi telegram kanallarida faoliyat turi rasmiylashtirilgan doʻkon va boshqa tijoratchilarning reklamalari ham tez-tez uchrab turadi. Tijoratchi yoki oʻz kanallarida mijozlarni koʻpaytirmoqchi boʻlgan saytlar uchun ham bu “behayolik oʻchoqlari” qoʻl kelmoqda. Chunki, ularda mijoz koʻp. Litsenziyasiz reklama turi esa yana bir jinoyat. Behayo va odamlarni mazax qilishga yoʻnaltirilgan kanallar odatda, davlat roʻyxatidan oʻtgan saytlarning rasmiy kanallarining aʼzolarini koʻpaytirib berish xizmatlarini ham bajaradi. Mashhur aktrisalarning instagramdagi barcha uchun ochiq boʻlgan yarim yalangʻoch suratlari ham ularga oson “oʻlja” boʻlgan. “Falon aktrisaning hozirgina yotogʻidagi videolar tarqaldi. Bizni kanalda tomosha qiling” qabilidagi reklamalar bilan bu kanallar sizga mijoz koʻpaytirib beradi. Kanallar mashhurlarning yarim yalangʻoch suratlari va ularga qilingan tuhmatlar orqali pul topish va reklama ishlatishda fantaziyalariga erk berganlar.

Ajablanarlisi, davlat roʻyxatidan oʻtgan saytlarning telegram kanallarida ham reklamasidan tushgan daromadlari koʻpincha buxgalteriya hisob-kitoblarida qayd etilmaydi.

Gazeta va jurnallarda birgina kichik xato topilsa tegishli idoralar axborot resursi egasiga kamida besh varaq “taqdimnoma” joʻnatadi. Tagʻin buning ustiga katta ishni qoyillatgandek, mana orfografik xatolar deya ommaga olib chiqishni xush koʻrishadi. Bu mutasaddilarning holini koʻrib, baʼzida kulgisi keladi odamning. Axir jamiyatni yemirayotgan global muammolar turganida kichik bir ishini koʻz-koʻz qilishi hech bir qolipga sigʻmaydi.

de88a0cc-a6c7-481c-92cc-c2aea8768e43.jpg

Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, Davlat raqobat qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi bu saytlarning nolegal xizmatiga negadir befarq? Telegram, feysbuk va umuman ijtimoiy tarmoqlarda maʼlum bir auditoriyaga ega boʻlgan “tadbirkor”lar bugun bemalol reklamalar orqali daromad koʻrmoqda. Misol uchun, norasmiy “Prezidentim” telegram kanalining aʼzolari 200 mingdan ortiq boʻlib, unda bir kunlik reklama 50 ming soʻm, Dahshat kanalida 30-40 ming soʻm. Telegramning eng mashhur kanallaridan boʻlgan “Uzbek-MDK” muxlislari ham 225 mingdan ortiq va unda reklama joylashtirish salkam 1 mln. soʻm. Toʻlovlar tabiiyki qayd etilmaydi va ulardan soliq tushumi ham olinmaydi.

HAR KIM AXBOROT TARQATISH HUQUQIGA EGA, LЕKIN...

Biz axborot asrida yashayapmiz har kim erkin axborot olish va tarqatish huquqiga ega. Bu har kimning konstitutsion huquqi, biroq...

Har qanday odamning ruxsatisiz shaxsiy videolarini, toʻydagi raqslarini yoki liftdagi yashirincha uchrashuvlarini tarqatish huquqiga ega emasmiz. Qolaversa, biz tarqatgan axborot orqali kimningdir taqdiri buzilmasligi kerak. Baʼzi bir saytlar, telegram kanallari va feysbukda tarqalayotgan videolar qaysidir aybdor yoki qingʻir ish yoʻlidagi kimsalarni ommaviy ravishda haqoratlanishiga ularga nisbatan xalqda nafrat uygʻotishga sabab boʻlmoqda. Misol uchun, “Kanallarning dodasi” nomli telegram kanalida rasmiy teleradiokompaniya tomonidan efirga uzatilgan oddiygina intervyular ham boshqacha vahimali va haqoratli sarlavhalar bilan tarqatilgan. Xususan, oʻtgan yili 1 avgust test imtihonlarida qoʻlga tushgan abituriyentlar ham ushbu kanallarda toza “mayna“ boʻlgan. Boshqa mavzuda intervyu bergan qizlar intervyusi “behayo qiz” sarlavhasi ostida kanallarda tarqalgan voqealarga ham guvoh boʻlganmiz.

1eaa1dc5-dc2c-4b25-9b39-45efcfd3f6b8.jpg

Toʻgʻri, telegram messenjerida yaratilgan kanallarni nazoratga olish ancha mushkul. Kanalni birini yopsangiz ketidan yana oʻntasi ochilishi mumkin. Biroq, bugun mashhur boʻlib ulgurgan va noqonuniy axborotlar va pornografiya tarqatayotgan telegram kanallarining egasini topish jiddiy muammo emas. Ular reklama beruvchilar bilan muloqotga oson chiqadi. Ularning doimiy mijozlari esa qonuniy tadbirkorlardir. Mashhur brend doʻkonlari, kasalxonalar ham noqonuniy holatda soliqlardan xoli ravishda ularga reklama berib kelmoqda.

Amaldagi qonunchilikka koʻra telegram messenjeri kanallarida “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasida koʻrsatilgan moddalar qoʻpol ravishda buzilmoqda.

Anora Sodiqova, OʻzA
4 174