O‘zA O`zbek

25.08.2018 17:27 Chop etish versiyasi

Yashirilgan SIM-kartalar fosh etildi

Yashirilgan SIM-kartalar fosh etildi
Qoʻshni davlatlardan shaxsiy foydalanish uchun degan niqob ostida tovarlarni tijorat maqsadida olib oʻtishga boʻlgan urinishlar kuzatilmoqda.

2018-yilning 1-iyulidan eʻtiboran mamlakatimiz hududiga qoʻshni davlatlardan jismoniy shaxslar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun tovarlarni olib oʻtish tartibi yanada takomillashdi. Bunda asosiy eʻtibor jismoniy shaxslar tovarlarni bojxona toʻlovlari toʻlamasdan olib oʻtishning miqdoriy normalaridan tijorat maqsadida foydalanishning oldini olishga qaratildi. Shunga qaramay, hamon qoʻshni davlatlardan shaxsiy foydalanish uchun degan niqob ostida tovarlarni tijorat maqsadida olib oʻtishga boʻlgan urinishlar koʻzga tashlanmoqda.

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatining maʻlumotiga koʻra, “Gʻishtkoʻprik” chegara-bojxona posti orqali kirib kelgan yoʻlovchilardan birining qoʻl yuklari bojxona koʻrigidan oʻtkazilganida, ular orasida yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining ogʻzaki soʻrovi paytida maʻlum qilinmagan uyali aloqa uchun moʻljallangan SIM-kartalar borligi maʻlum boʻldi.

Oʻzbekiston hududida faoliyat yuritmaydigan aloqa operatoriga taalluqli 16 ming 900 dona SIM-kartalarning umumiy qiymati salkam 17 million soʻmni tashkil qilar ekan.

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida noqonuniy ravishda olib ketilayotgan tovar-moddiy boyliklar toʻxtatib qolindi.

Toshkent tumanida harakatlanayotgan “Damas” avtomashinasi toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida, avtomashinaga xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan va hech qanday hujjatlari boʻlmagan 4,8 million soʻmlik 7 turdagi ichimlik, oziq-ovqat va sut mahsulotlari ortilganligi aniqlandi.

Surishtiruvlar davomida maʻlum boʻlishicha, qonunbuzarlar post orqali harakatlanayotgan jismoniy shaxslarni maʻlum bir haq evaziga yollab, keyinchalik qayta sotish maqsadida ushbu tovarlarni donalab tashib kirgan holda ichki hududda toʻplagan ekan.

Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boʻlimi tomonidan aniqlangan shunga oʻxshash yana bir holatda boshqa bir “Damas” avtomashinasi toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida, unda xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan, hech qanday hujjatlari boʻlmagan umumiy qiymati salkam 16 million soʻmlik 21 turdagi sifati kafolatlanmagan oziq-ovqat mahsulotlari va xoʻjalik tovarlari ortilgan ekan.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

OʻzA
1 999