O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

Yashil iqtisodiyot – ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim omili

Yashil iqtisodiyot – ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim omili
Farmon va ijro

Keyingi yillarda qishloq va suv xoʻjaligi sohalarida davlat boshqaruvi tizimi, qishloq xoʻjaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish mexanizmlari, fermer xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkasini berish tartibi, veterinariya, oʻsimliklar karantini, urugʻchilik, yaylovlardan foydalanish sohasidagi munosabatlar takomillashtirildi.

Yer va suv toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish orqali sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi.

Mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha strategik vazifalar doirasida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan samarali foydalanishga doir amalga oshirilayotgan ishlar oʻz samarasini bermoqda.

Joriy yilning 13-14-iyun kunlari Bishkek shahrida oʻtkazilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida Prezidentimiz tomonidan amaliy hamkorlikni kengaytirishga doir aniq tashabbuslar bildirildi. Xususan, mamlakatimizda zamonaviy resurs tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida Shanxay hamkorlik tashkilotining “Yashil belbogʻ” dasturini qabul qilish dolzarb ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Parij bitimini ratifikatsiya qilgan tomon sifatida 2030-yilga kelib issiqxona gazlari solishtirma tashlanmalarini 2010-yildagi darajaga nisbatan 10 foizga qisqartirish boʻyicha majburiyatni olgan. Shundan kelib chiqib, Davlat dasturining tegishli bandiga muvofiq, Oʻzbekistonning Parij bitimiga qoʻshilishi munosabati bilan “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish boʻyicha 2019-yil 1-iyulgacha davlat strategiyasini ishlab chiqish nazarda tutilgan.

Qishloq xoʻjaligi ekinlarini klaster usulida yetishtirish yangi ish oʻrinlarini yaratish bilan birga, xomashyoni toʻliq qayta ishlab, sifatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish va sogʻlom raqobat muhitini yaratishga xizmat qiladi. 2019-yilda 59 ta yangi paxta-toʻqimachilik klasteri tashkil etilib, ularning soni bugunga qadar 75 taga yetgan. Ularga 633 ming gektardan ortiq yoki chigit ekiladigan maydonlarning 61 foizi ajratilgan. Xususan, Fargʻona viloyatining 5 ta tumanida toʻquvchilik yoʻnalishidagi 5 ta klaster tashkil etilgan va 4 ming 500 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.

Paxta-toʻqimachilik, gʻallachilik va meva-sabzavot sohasida samarali faoliyat yuritayotgan Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi “BEK Cluster” MCHJ, Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi “Baxt tekstil” va Buxoro viloyati Romitan tumanidagi “Buhoro cotton claster” klasterlarini namuna qilib keltirish mumkin. Kelgusida paxta yetishtiruvchi 133 ta tumandan 70 tasi toʻliq klaster tizimiga oʻtib, ular tarkibida 41 ta yangi korxona tashkil etiladi. Natijada 23 mingga yaqin ish oʻrni yaratiladi. 2020-yilda paxta tolasini respublikada toʻliq qayta ishlashga oʻtilib, tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish ulushi 60 foizga yetkazilshi rejalashtirilgan.

Prezidentimizning 2019-yil 17-iyundagi “Qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni, Qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ning qabul qilinishi uzoqni koʻzlangan davlat siyosatining davomi sifatida muhim ahamiyatga egadir.

Mazkur hujjatda qishloq xoʻjaligi yerlaridan nooqilona foydalanish oqibatida tuproq unumdorligi va ekinlar hosildorligining pasayishi, qishloq xoʻjaligida oʻrtacha yillik suv sarfining oʻta yuqoriligi kabi holatlarning sabablari va salbiy taʼsiri atroflicha tahlil qilib berilgan. 5 ta asosiy yoʻnalishni amalga oshirish orqali qishloq xoʻjaligi yerlaridan, suv va gidroinshootlardan foydalanish samaradorligini oshirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, qishloq xoʻjaligi ekinlari seleksiyasi va urugʻchiligini rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va sotish nazarda tutilmoqda.

“Yoʻl xaritasi”da mazkur yoʻnalishlar yuzasidan 77 banddan iborat tadbirlarni amalga oshirish belgilangan. Unga koʻra, 2020-2030-yillarda suv xoʻjaligini rivojlantirish konsepsiyasini, suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlash rejalashtirilgan.

Farmon bilan 2020-2030-yillarda qishloq xoʻjaligi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning prognoz koʻrsatkichlari tasdiqlandi.

2019-2022-yillarda qishloq xoʻjaligi yerlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha tasdiqlangan prognoz koʻrsatkichlarining bajarilishi hisobiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar boʻyicha jami 253,4 ming gektarga yaqin paxta, bogʻ, tok va boshqa ekin maydonlarida tomchilatib sugʻorish texnologiyasi tatbiq etiladi.

Shuningdek, hozir Qishloq xoʻjaligini 2030-yilgacha rivojlantirish boʻyicha Dastur ishlab chiqilmoqda. Unga asosan keyigi 10 yil ichida sugʻoriladigan ekin maydonlarining 50 foizida tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilinadi.

Shu sababdan ham Oʻzbekiston Ekologik partiyasi “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim omili, deb hisoblaydi. Maqsad mamlakatimizni rivojlantirishning yangi bosqichida barcha sohalar kabi qishloq va suv xoʻjaligida ham amalga oshirilishi belgilangan yuksak vazifalar ijrosini taʼminlashdir.

Sadirjon JAKBAROV,
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi
markaziy kengashi aʼzosi

11 368
OʻzA