O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

Yarmarka kelgusi rejalar taqdimotiga imkoniyat yaratdi

Yarmarka kelgusi rejalar taqdimotiga imkoniyat yaratdi

Poytaxtimizda uzumchilik va vinochilikni rivojlantirishga doir chora-tadbirlar doirasida sharob ishlab chiqaruvchi korxonalarning biznes-rejalari yarmarkasi tashkil etildi.

Soha vakillari, tadbirkorlik subyektlari, mutaxassislar qatnashgan tadbir ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri oʻrinbosari Dilshod Sultonov soʻzga chiqib, davlatimiz rahbarining 2019-yil 5-fevraldagi “Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish hamda uzumchilik va vinochilikni rivojlantirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni uzumchilik va vinochilikni yanada rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan alkogol va tamaki mahsulotlarini realizatsiya qilish tizimini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Mazkur hujjatga asosan raqobatbardosh vinochilik mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil qilish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etishda uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qoʻllab-quvvatlash, tashqi bozorlar konyunkturasini chuqur marketing tadqiqotlari oʻtkazish yoʻli bilan sohaning eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, mahalliy vinochilik mahsulotlarini respublika va xorijda ham ommalashtirish kabi bir qator vazifalar belgilangan. Tashkil etilgan ushbu yarmarka ham ana shunday chora-tadbirlar ijrosiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

– Bugun ishtirokchilar kelgusi yilning biznes-rejalari taqdimoti va alkogol mahsulotlarining aylanmasi uzluksizligini taʼminlash maqsadida uchrashdi, – dedi Moliya vazirligi huzuridagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi boʻlim boshligʻi Javohir Ismoilov. – Ular uchun faoliyatini yaxshilash va mahsulotlarning eksport salohiyatini oshirishda ham aynan shunday tanishuvlar katta ahamiyatga ega. 2019-yilning 1-iyulidan boshlab alkogol mahsulotlari savdosida birinchilardan boʻlib, elektron hisob-fakturalari tizimining joriy etilishi ishbilarmonlar uchun yana bir qulay imkoniyatdir. Ayni kunda ishlab chiqaruvchi va ulgurji savdo korxonalari tomonidan ushbu tizim toʻliq foydalanilishi taʼminlandi. Mahsulotlar eksportini yoʻlga qoʻyish ham muhim masalalardan. Shu sababli, sharob ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini kengaytirish va xorij tajribasini oʻrganishga alohida eʼtibor berilmoqda.

Yarmarkada 70 dan ortiq ishlab chiqaruvchi va ulgurji savdo korxonalar imkoniyati namoyish etildi. Ular orasida Fargʻona shahrida faoliyat koʻrsatayotgan “Ferghana France” korxonasi ham bor. Tashkil etilganiga hali koʻp vaqt boʻlmasa-da, mazkur korxona ichki va tashqi bozorlarda oʻz oʻrnini egallab ulgurdi.

– Vino mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonamizda Ozarbayjon tajribasi qoʻl kelmoqda, – dedi “Ferghana France” korxonasi rahbari Azizbek Komiljonov. – Hatto biz u yerdan anor koʻchatini olib kelib, ekdik. 400 gektar bogʻimiz ham bor. Biz asosan anor, olcha, behi va uzumdan mahsulot tayyorlaymiz. Hozirgi kunda mahsulotlarimizni Latviya, Litva, Tojikistonga eksport qilmoqdamiz. Yaqin kunda Xitoyga ham joʻnatamiz.

Yarmarkada ishtirokchilar kelgusi yil rejalar uchun shartnomalar tuzishga muvaffaq boʻldi.

1 248
Nasiba ZIYODULLAYEVA, OʻzA