O‘zA O`zbek

17.12.2019 Chop etish versiyasi

Yaponiyalik olim Buyuk ipak yo‘li paydo bo‘lishi haqida ma’ruza qildi

Yaponiyalik olim Buyuk ipak yo‘li paydo bo‘lishi haqida ma’ruza qildi

Andijon davlat universitetida Tokio San’at universiteti ilmiy-tadqiqotchisi, doktor Shogo Kume bilan talabalarning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuv oldidan yaponiyalik olim Andijon davlat universitetidagi ta’lim jarayonlari, talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar, oliy muassasada xalqaro hamkorlik borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. 

Universitet professor-o‘qituvchilari, talabalari, shuningdek, Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologik tadqiqotlar instituti olimlari ishtirok etgan uchrashuvda doktor Shogo Kume “Ipak yo‘lining paydo bo‘lishi: Farg‘ona vodiysi va Tyan-Shan tog‘laridagi bronza davri arxeologiyasi” mavzusida ma’ruza o‘qidi. Ma’ruzada Markaziy Osiyoda chorvachilikning paydo bo‘lishi va uning Farg‘ona vodiysiga kirib kelishi hamda o‘zbek va yapon olimlari hamkorligida Jalalquduq tumani Oyim qishlog‘idagi bronza davriga oid ilk shahar madaniyati bo‘lgan Dalvarzin shahar xarobasida olib borilayotgan arxeologik, ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari haqida to‘xtaldi.

Uchrashuvda talabalar bronza davriga oid manzillarning o‘rganilishi, Farg‘ona vodiysida chorvachilik, ziroatchilik rivojlanishining o‘ziga xos jihatlari, Buyuk ipak yo‘lining tarmoqlari, savdo-iqtisodiy aloqalar tarixiga doir keng ma’lumotlarga ega bo‘ldi. 

– Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston insoniyat svilizatsiyasining beshiklaridan biri hisoblanadi, – deydi doktor Shogo Kume. – Shu jumladan, Andijonda Dalvarzin, Mingtepa singari tariximizning eng qadim davrlariga oid arxeologik maskanlar mavjud. Ularni o‘rganish, tadqiq etish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish bizning ana shu davr haqidagi bilimlarimizni yanada boyitadi. 

Doktor Shogo Kume aynan ana shu maskanlarda talabalar uchun darslar, mashg‘ulotlar o‘tkazish moziyni o‘rganishda ijobiy samaralar berishini ta’kidladi, talabalarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.

Yaponiyalik olim Andijon davlat universiteti qoshidagi “Qatag‘on qurbonlari” muzeyida bo‘lib, Ikkinchi jahon urushi davrida Andijonda saqlangan yapon harbiy asirlari hayoti, faoliyati, taqdiri bilan bog‘liq tarixiy hujjatlar bilan tanishdi. 

Shundan so‘ng universitet tarix fakulteti hamda Tokio San’at universiteti o‘rtasida qo‘shma dastur asosida 2020 yildan talabalar mobilligi, professor-o‘qituvchilarning o‘zaro tajriba almashishi yuzasidan hamkorlik bo‘yicha kelishib olindi. 

2 143
F. UBAYDULLAEV, O‘zA